25 aprel kuni hafta o‘rtasiga qo‘yilgan La Liga 31-turi katta sensasiya bilan boshlandi - «Jirona» o‘z maydonida «Real»ni 4:2 hisobida dog‘da qoldirdi.
Bosh qahramon - argentinalik hujumchi Valentin «Tati» Kastelyanos. U «Qi-rollik klubi» darvozasini bir soat oralig‘ida 4 marta o‘qqa tutdi:
12-daqiqa - jarima maydoniga oshirilgan to‘pni boshi bilan darvozaga yo‘lladi.
24-daqiqa - Eder Militao bilan kurashda ustun keldi, jarima maydoniga yorib kirdi va to‘pni Andrey Lunin oyoqlari orasidan o‘tkazib yubordi.
46-daqiqa - «Jirona»ning ikkinchi bo‘limdagi birinchi hujumida penalti nuqtasi hududidan zarba berdi, Lunin qutqarolmadi.
62-daqiqa - darvozabon hududiga yana bir uzatma va «Tati»dan 4-gol. «Poker»!
Orzu oqshomi
Tabiiyki, Valentin Kastelyanos o‘yindan keyin o‘z quvonchini yashirib turolmadi: «Orzu oqshomi. Axir bugun eng kuchli jamoaga qarshi o‘ynadik va bunaqasini hattoki, tasavvur ham qilolmasdim. Ha, «Real» darvozasini nishonga olish orzum yo‘q emasdi, ammo 1ta o‘yinda 4ta gol urish... Ochig‘i, «poker» xayolimning bir chetiga ham kelmagandi. G‘alaba qozonganimizdan xursandman, albatta. Ayniqsa, muxlislar va sheriklarimdan minnatdorman». Ayni holatda «Jirona» - «Real» uchun La Ligadagi eng noqulay raqib. Binobarin, Kataloniya jamoasi oxirgi o‘zaro 6ta o‘yinning 3tasida g‘alaba qozondi, yana birida durang qayd etdi. Bu davrda Ispaniyaning boshqa biror klubi «Real» bilan bahslarda bunday samara ko‘rsatgan emas. Yana bir tomoni, «Jirona» shu 6ta o‘yinda 13ta gol urdi - bunisi ham «Madrid» bilan hisob-kitobda eng yuqori ko‘rsatkichdir.
75 yil badaliga ilk marta!
Oxirgi 10 yilga qarasak, La Ligada «Real» bilan o‘yinda atigi 4 nafar futbolchiga «xet-trik» qayd etish nasib etgan. Bular - Xabi Priyeto («Real Sosyedad»), Lionel Messi, Luis Suares («Barselona») va Karlos Soler («Valensiya»). Kastelyanos esa La Ligada 75 yil badali (1947 yildan buyon)ga «Real» darvozasini bir o‘yinda 4 marta nishonga olgan ilk futbolchi bo‘ldi. Umuman, «Madrid»ning butun tarixini olsak, «Tati» «Qirollik klubi»ni «poker» bilan «siylagan» 10-futbolchiga aylandi.
«Siti» tizimi bo‘yicha: Urugvay - AQSH - Ispaniya
Kastelyanos 24 yoshli hujumchi. «Jirona» argentinalik futbolchini o‘tgan yili yozda «Nyu-York Siti»dan ijara shartnomasi asosida oldi. «Tati» aslida uncha ko‘p gol urmaydi: «Real»ga «poker» «tortiq» etishiga qadar chem-pionat doirasidagi 28ta o‘yinda raqiblar darvozasini 7 marta nishonga olib, yana bir bora assistent rolini bajargandi. Hujumchining bo‘yi nisbatan past (178 sm.). Shuning uchunmi, bolaligida Argentina akademiyalari tomonidan rad javobi olgan ekan. Xususan, Valentin 14 yoshida «River Pleyt» maktabiga kirolmagan, «Lanus» murabbiylari esa jismoniy ko‘rsatkichlari to‘g‘ri kelmasligini ochiq aytishgan. «Jussam kichik va ancha oriqligim tufayli talabga javob berolmasligimni yashirishmagandi, - deydi «Jirona» hujumchisi. - 14 yoshli bolakayga bunday javobni eshitish og‘riqli edi. Shundan so‘ng qadrdon shahrim - Mendosaga qaytim va onamdan pul olib, shug‘ullanish uchun trinajyor zaliga bordim. Gavdamni o‘stirish va kuchliroq bo‘lishni xohlagandim». Aftidan, Leo Messi tarixi Argentina klublariga hech qanday saboq bermagan ko‘rinadi. Oddiy aytganda, Valentin katta futbolga City Group tizimi orqali, Urugvay - AQSH - Ispaniya yo‘nalishi bo‘yicha kirib keldi. Ya’ni u Argentina chempionatida biror marta maydonga tushmagan. Urugvayning «Montevideo Siti Torke» klubi safiga qo‘shilishiga qadar esa ma’lum vaqt Chilida tajriba oshirdi. Bu - taqdir. Valentin shu-shu faqat City Group tizimi tarkibidagi klublarni ko‘rdi. Bilamizki, bu tizimning yuqorisida «Manchester Siti» turadi.
MLSda olovli o‘yinlar
«Tati» Urugvay chempionatidagi tajribadan keyin 2018 yili MLSga yo‘l oldi. Aynan «Nyu-York Siti»dagi davr yosh hujumchi uchun juda samarali o‘tdi. Jumladan, 2021 yili MLS muntazam mavsumida eng yaxshi to‘purarga aylangan Kastelyanos «pley-off» bosqichida ham har bir o‘yinda gol urdi. Deylik, finalda Maksi Morales uzatmasidan foydalanib, jamoasining g‘alaba qozonishiga katta hissa qo‘shdi. Umuman, «Tati» MLSni juda yoqtirardi: «Jamoamiz o‘yinlariga chamasi 35 ming muxlis tushardi. AQSHda futbol rivojlanmoqda va soha atrofidagi madaniyat ham o‘zgarmoqda. Ya’ni amerikaliklar o‘yinga tobora kuchliroq ehtiros bilan yondashishmoqda. Endilikda MLS nafaqaxo‘rlar ligasi emas, chempionat iqtidorli yoshlarga to‘la va u ko‘pchilik uchun tramplin vazifasini o‘tamoqda». O‘tgan mavsum Kastelyanosning MLS darajasidan o‘zib ketgani ko‘rindi. Bunga Shimoliy Amerika futbolidagi statistikasi dalil: 134ta o‘yinda 59ta gol va 24ta assist. Shu tariqa City Group «Tati»ni «Jirona»ga yuborishni ma’qul ko‘rdi.
«Real»lar - sevimli raqiblar
Kastelyanos faoliyatida ikkinchi marta «poker»ga erishdi. Birinchisini 2022 yilning aprelida MLSda nishonlagandi - «Real Solt-Leyk» bilan bahsda 4ta gol. Ikki «Real»ga «poker» - chiroyli tasodif. O‘zi 2021 yildayoq Valentinning to‘g‘ridan-to‘g‘ri «Manchester Siti»da paydo bo‘lishi haqida gap-so‘zlar tarqalgandi. O‘shanda Xosep Gvardiola ham argentinalik hujumchi haqida ijobiy fikr bildirgandi: «Bu yigit katta ehtimolki, Yevropaga keladi va bu faoliyatida oldinga tashlangan qadam bo‘ladi. Uning o‘yinini o‘zim ko‘rganman, skautlarimizdan ham yetarlicha ma’lumot oldim. Kastelyanos navbatdagi qadamni tashlashga tayyor, faqat endi qayerga yo‘naltirishni ko‘rib chiqishimiz kerak». «Tati» ham Gvardiola qo‘l ostida o‘ynashni orzu qilishini allaqachon bayon etgan. «Real» bilan o‘yindagi «poker» uning «Manchester Siti»ga yo‘l olish imkoniyatini oshirgani tayin. Lekin katta ehtimolki, yana bir mavsum «Jirona»da qoladi. Aytish o‘rinli, Valentin yanvarda «Brayton» taklifidan bosh tortgandi.
Sharq amaliyotiga e’tibor
Kastelyanosning e’tirof etishicha, asosiy kuchi - bu maydonda fikrlash qobiliyati. Argentinalik futbolchi o‘yinlardan oldin energiya to‘plash uchun meditasiya musiqalarini eshitadi. U shuning barobarida yapon tibbiyoti amaliyoti sanalgan reyki bilan shug‘ullanadi. Bu jarayon kaftlar yordamida tiklanishga qaratilgan.
Tarixda «Real» bilan o‘yinda «poker»|«flesh»GA
erishgan futbolchilar
1926 yil - Xosep Samityer («Barselona»), Ispaniya kubogida
1929 yil - Karlos Bestit («Evropa»), chempionatda
1935 yil - Karlos Vantolra («Barselona»), chempionatda
1940 yil - Martines Katala («Ovyedo»), chempionatda
1944 yil - Emilin («Ovyedo»), chempionatda
1947 yil - Esteban Echevarriya («Ovyedo») - chempionatda (yagona «flesh»)
1957 yil - Eulogio Martines («Barselona») - Ispaniya kubogida
2006 yil - Diyego Milito («Saragosa»), Ispaniya kubogida
2013 yil - Robert Levandovski («Borussiya» D.), CHLda
2023 yil - Valentin Kastelyanos («Jirona»), chempionatda
«Jirona» hujumchisi «Barselona» bosh murabbiyi Xavi Ernandesning ashaddiy muxlisi. Buning isboti bor - Kastelyanos 17 yoshida sobiq futbolchi bilan tushgan suratini ijtimoiy tarmoqlarga joyladi. Valentinning gollari Ispaniya chempionatida Xavi jamoasiga rosa qo‘l kelgani o‘z-o‘zidan tushunarli. «Tati» shuning barobarida Lionel Messini alohida maqtadi: «Aynan Leo tufayli hamisha «Real»dan ko‘ra, «Barsa»ni ko‘proq yoqtirganman. Messi - men uchun bosh kumir. U kechagi o‘yinni ko‘rgan-ko‘rmaganini bilmayman. Gap dunyoning eng yaxshi futbolchisi haqida ketmoqda. JCH payti uning meni yig‘lashga majbur qilgani esa - haqiqat».
A.AHMEDOV tayyorladi