Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Farhod Abdullayev: “Futbol toza o‘yin vaqtiga ega futzalga aylanib qolmasin!”

Farhod Abdullayev: “Futbol toza o‘yin vaqtiga ega futzalga aylanib qolmasin!”

Baho:
+ | -

Allaqachon FIFA top-instruktorlari qatoriga kirgan yetakchi mutaxassislarimizdan biri Farhod Abdullayevni xorijda ham yaxshi bilishadi, albatta.

Bir vaqtlar Ravshan Ermatov brigadasiga kirgan, xalqaro o‘yinlarda ham ishlagan hamyurtimiz ayni payt Saudiya Arabistoni futbolida Hakamlik departamentini boshqarayotganidan ko‘pchilik xabardor. Umuman, so‘nggi yillar FIFA miqyosidagi biror yirik turnir Abdullayev ishtirokisiz o‘tmayotgani ham ayni haqiqat. Deylik, hamyurtimiz Qatar-2022 mundialida yetakchi 10 nafar ins­truktor ro‘yxatiga kiritildi. Rossiyalik sobiq hakam va «Telegram» tarmog‘idagi «Ale, ref!» kanali muallifi Anatoliy Sinyayev hamyurtimizga murojaat qilib, futbolning eng ziddiyatli yo‘nalishiga bog‘liq eng muhim savollarni o‘rtaga tashladi. Shu tariqa qiziqarli tahliliy leksiya yuzaga keldi. Gazetamizning avvalgi seshanba kungi sonida uning birinchi qismini havola etgandik. Bugun esa leksiyaning davomi bilan tanishishingiz mumkin.

O‘YINDAN TASHQARI HOLATNI YARIM AVTOMATIK TIZIMDA ANIQLASH, CHIPLI TO‘P...

- JCHda yarim avtomatik tizim tez ishladi, tekshirish atigi 2-4 soniya davom etdi.  Ayniqsa, geografik «ofsayd», ya’ni to‘pga intilgan futbolchi noto‘g‘ri holatda bo‘lgan vaziyatlarda. Tushunish kerakki, bu tizim faqat «ofsayd»ni aniqlashga yordam berish bilan cheklanmaydi. Kamdan-kam holatlardagina tizimni qayta tekshirishga to‘g‘ri keldi. Ha, hech narsa mukammal emas. Qatarda ishlatilgan chipli to‘pga kelsak, u eng nozik teginishni ham qayd etadi. Bu futbolchi to‘pga aynan qaysi pallada teginganini aniqlashga imkon beradi. Ko‘pchilik golni Ronaldu urganini ta’kidlagan vaziyatni eslang. Chipli to‘p o‘sha vaziyatda hech qanday teginish bo‘lmaganini ko‘rsatdi. Hujumda qo‘l bilan o‘yinga bog‘liq qoidani olaylik. Agar to‘p qo‘lga tegsa va hujumchi shundan so‘ng gol ursa, u hisobga olinmaydi. Yangi to‘p bu masalani ham osonlashtirdi. Albatta, shunday lavhalar borki, ularni inson omili talqin etishi kerak. Masalan, futbolchi darvozabonga xalaqit bergan-bermaganini tizim aniqlay olmaydi. Shuning uchun hakam yordamchilarini texnik vositalar bilan almashtirish haqida gapirish ortiqcha. To‘g‘ri, stadionda to‘plar quvvatlantirilayotganini ko‘rganimizda, biroz noqulay sezilgani rost.

JCHda 10-15 DAQIQA QO‘SHIMCHA VAQT, BU NIMA UCHUN?!

- O‘zi ko‘rsatmasin, futbol toza o‘yin vaqtiga ega futzalga aylanib qolmasin! Hamkasblarimiz bilan gaplashdik, hech kim buni yoqlamadi. Qarang, golni nishonlash o‘rtacha hisobda 60-90 soniya davom etadi. Tasavvur qiling, agar o‘yin­da 4ta gol urilsa, 5-6 daqiqa ketadi. Bundan tashqari, har bir o‘yinda «aut»lar va gollardan keyingi dastlabki zarba chamasi 9 daqiqani oladi. Bu 1ta o‘yin uchun ehtiyojiy normal holat, menimcha. Ammo referi bilan bahslashish, golni nishonlash ham vaqt talab etadi. Turli ligalarda o‘yinning sof vaqti o‘rtacha 50-55 daqiqaga teng. Muxlislar futbol tomoshasi uchun chipta sotib olishadi, o‘yin davomiyligi esa atigi 50 daqiqa... JCHda ko‘proq qo‘shimcha vaqt hisobiga bu raqam 66 daqiqaga yetdi. Zero, o‘rtacha hisobda har bir uchrashuvga 11 daqiqa qo‘shib berildi. Ko‘proq qo‘shimcha daqiqalardan maqsad - aniq vaqt tizimiga o‘tish emas, balki faol o‘yin muddatini ko‘paytirish. Mundialdan keyin ham hakamlarga yo‘qotilgan o‘yin vaqtini adolatli tarzda qoplash bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi. Deylik, gol urildi, hakam to‘g‘ri maydon markaziga borsa, VAR aralashuviga vaqt ketmaydi. Bordiyu, jarayonga tizim aralashsa, referi buni qo‘shimcha vaqt belgilashda inobatga olishi shart.

JCHda KAM SARIQ  KARTOCHKA KO‘RSATILGANI HAM TRENDMI?

- Aslida bu borada aniq ko‘rsatmalar yo‘q edi. Lekin bermaslik uchun asos bor joyda kartochka ko‘rsatmaslik so‘ralgandi. Misol uchun, hujumchi himoyachiga qarshi kurashda penalti ishlash umidida oyog‘i yoki gavdasi yordamida to‘qnashuvga moyillik sezsa, ko‘pchilik buni simulyasiya sifatida baholaydi. FIFA tavsiyasiga ko‘ra esa, bunday harakat qoidabuzarlik ham, simulyasiya ham emas. Simulyasiya ortiqcha «sariq»qa olib keladi, ammo bunday vaziyatni baholashda ko‘plab mezonlarni hisobga olish talab etiladi. Har holda, hujumchining harakati tabiiy yoki notabiiy ekanligini baholash oson emas. Zarurat yo‘q joyda futbolchi yo‘qotishdan nima naf? Faqat shiddat pasaygani qoladi axir. Yana bir misol: VAR signal bergani bilan qanot hakami bayroqni darhol ko‘tarmaydi, bu hujumchiga vaziyatni yakunlash imkonini beradi. Keyin hujumchi simulyasiya ishlatadi, laynsmen ham bayroqni ko‘taradi. Ko‘rsatmaga binoan, bu holatda futbolchini jazolashga hojat yo‘q, chunki unga 20-25 metr yugurish va yiqilish imkoniyatini o‘zimiz yaratdik. Agar laynsmen bayroqni darhol ko‘tarsa, u to‘xtardi va simulyasiya ham bo‘lmasdi. Shunday ekan, bunday lahzalarda kartochka ortiqcha - FIFA pozisiyasi shu. Ammo hammasini yo‘riqnoma bilan xas-po‘shlash noto‘g‘ri. Ba’zan hakam aslida o‘yin tizginini yo‘qotadi va «sariq» ko‘rsatmasdan xatoga yo‘l qo‘yadi. Debrifinglarda hakamlarga qat’iy ko‘rsatma bergan paytimiz ham bo‘lgan: «Bu vaziyat - toza kartochka va «sariq» ko‘rsatmaslik mumkin emas». Ba’zan hakamning o‘zi «sariq» berishni xohlamaydi va tushuntiradi: «Ha, bu kartochka, lekin maydonda vaziyatni men boshqaraman». Bu hakamlikning bir qismi, albatta. Zero, ba’zan qoidalarga yopishib olib, maydondagi holatni hisobga olmaslik to‘g‘ri emas.

3-O‘RIN UCHUN BAHSDA QATARLIK HAKAMGA HUJUM, BU NIMASI?

- Nima, jamoalarga ko‘proq erkinlik berildimi? Yo‘q, bu masalada yengillik bo‘yicha qandaydir ko‘rsatma berilmagan. Bilasizmi, hakamlar korpusi rahbari Pyerluiji Kollina juda prinsipial shaxs, Massimo Buzakka ham. Ular hakamlar obro‘sini himoyalashga tayyorlar. Demoqchimanki, korpusni Kollina va Buzakka boshqarishar ekan, hech qachon referilarga futbolchilar bilan yumshoqroq munosabatda bo‘lish, mobbing (hakam atrofini o‘rab olish)ga reaksiya bildirmaslik borasida ko‘rsatma berilmaydi. Bilaman, ba’zi mamlakatlarda hakam mobbing payti kartochka ko‘rsatganini asoslaydigan hisobot yozishi shart. Darvoqe, hakamlar mundialda futbolchilar bilan qanday aloqa o‘rnatishgani haqida: ular tavsiyalarga asosan, ba’zida o‘zlarini juda qattiqqo‘l tutishdi. Demak, futbolchilar emas, balki hakamlarni tinchlantirish kerakdir. Bu borada 1ta o‘yinga qarab, xulosa chiqarmaslik kerak. Umuman, har qanday holatda ham, referining shaxsiy fazilatlari yuqori darajada qolishi shart.

KARASEVGA YUQORI BAHO

- Sergey Karasev juda saviya­li hakam. Har holda, o‘ziga xos ish uslubi bor, kerakli paytda qattiqqo‘l. Asosiysi, o‘yinni yaxshi boshqaradi, qoidabuzarliklarni tez il­g‘aydi. Qisqasi, Sergey JCHga borganida, o‘zini namoyon etish uchun katta imkoniyat hosil qilardi. O‘ylaymanki, u turnirda ishlagan ba’zi referilardan ancha kuchli taassurot qoldirardi.

SAUDIYA ARABISTONIGA XORIJLIK HAKAMLARNI TAKLIF ETISH MASALASI

- Arablar vaqtida Karasevni ham, Ivanovni ham chaqirishgan, yana xorijlik videohakamlar xizmatiga tez-tez murojaat qilinardi. Reglament bo‘yicha klublarning o‘zi xorijdan hakam chaqirish huquqiga ega. Arablar o‘yinlarni yirik xalqaro turnirlarda ishlaydigan referilar boshqarishlarini xohlashardi. So‘nggi paytlar rossiya­liklar xalqaro arenada ishlashmadi, shuning uchun taklif ham yo‘q, lekin hozir hech narsani istisno qilmayman. Qayd etish kerak, endi klublarda mahalliy hakamlarga ishonch hissi ancha ortgan va xorijdan chaqirish holatlari kamaydi. Chunki mahalliy referilar bilan kommunikasiya va qarorlar yuzasidan muammolar kamroq. Masalan, xorijdan kelgan hakamlar ko‘pincha bir-birlarini qo‘llab-quvvatlashadi: referi yaqqol xatoga yo‘l qo‘yadi, VAR esa uning tomonida. Mahalliylar orasida esa bunaqasi deyarli uchramaydi. Qisqasi, klublardan 80 foizi allaqachon xorijdan hakam taklif etish amaliyotidan voz kechdi.

MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 10:33, 28.05.2023.
O'qildi: 1413 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.