Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

JCH U20da kashf etilgan Shahzodjon Ne’matjonov bilan katta intervyu

JCH U20da kashf etilgan Shahzodjon Ne’matjonov bilan katta intervyu

Baho:
+1 | -

2003 yil 6 avgustda tug‘ilgan. Futbol bo‘yicha O‘zbekiston U-20 terma jamoasi hujumchisi. Osiyo chempioni, Jahon chempionati qatnashchisi.

To‘p tepishni boshlagan har bir bolaning eng katta orzusi Jahon chempionatida ishtirok etish bo‘ladi. Mundialga esa yo‘l mamlakat ichki musobaqalari, qit’a chempionati, Jahon chempionatining saralash bahslari orqali boradi. Bu orzuga erishish o‘z o‘zidan amalga oshmaydi. Uning ortida tinimsiz izlanish, mashaqqatli mehnat, murabbiylarning sa’yi harakati yotadi. Yillar davomida qilingan mehnatlarning samarasi bo‘y ko‘rsatsa, orzu-istaklar ro‘yobga chiqsa, futbolchi sharafga burkanadi. Nafaqat o‘zi quvonadi, balki ota-onasi, yaqinlariga iftixor tuyg‘ularini taqdim etadi, xalqini, millatini xursand qiladi. Tug‘ilib o‘sgan go‘shasi – Vatanini elga-yurtga tanitadi...

Bugungi kunda yosh bo‘lishiga qaramasdan Bekobod futbolining faxri, iftixoriga aylangan Shahzodjon Ne’matjonov ham qisqa fursat ichida ana shunday sharafli yo‘lni bosib o‘tdi. Yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionatining “kashfiyotlaridan biri”ga aylandi. Muxlislar mehri, e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Argentina yashil maydonlaridan qadrdon jamoasi – “Metallurg”ga qaytgach Shahzod Ne’matjonovni suhbatga tortdik.

— Avvalo O‘zbekiston U-20 terma jamoasida Jahon chempionati-2023 musobaqasida muvaffaqiyatli ishtirok etib, nimchorak finalga chiqqanligingiz bilan tabriklaymiz. Sayyoramizning eng sara jamoalariga qarshi maydonga tushish oson bo‘lmagandir. Bahslarning bevosita maydondagi ishtirokchi sifatida taassurotlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz...
— Tabrik uchun katta rahmat. Darhaqiqat, Mundialdagi qatnashuvni so‘z bilan ifodalash qiyin. Dildagi eng katta orzuingning amalga oshishi, Vatan sharafini xalqaro maydonda munosib himoya etishdanda katta baxt yo‘q menimcha. Terma jamoamiz o‘yinlarini kuzatib borgan muxlislarimiz yaxshi his etishgan, o‘yinlar oson kechmadi. Ayniqsa, muxlislar bilan liq to‘lgan stadionda futbol afsonalari – Maradona, Messi izdoshlari – mezbonlarga qarshi ochilish o‘yinida maydonga chiqish mas’uliyatini ta’riflab bo‘lmaydi.

— Yangi Zelandiyaga qarshi ikkinchi o‘yinni ham yutqazib qo‘yishimiz mumkin edi. 0:2 hisobida ortda qolayotganimizda jamoa a’zolarining ko‘nglidan nimalar kechdi. Murabbiylar qanday ko‘rsatma berishdi? Nimaning evaziga mag‘lubiyatdan qutilib qoldik?
— Yangi Zelandiyaga qarshi o‘yinning birinchi taymini 0:2 hisobida boy berganimizdan so‘ng murabbiyimiz Ravshan Haydarov tanaffusda hali hech narsa boy berilmaganligini uqtirdilar. Ruhan o‘zimizni qo‘lga olishimizni, bu raqib bilan tengma teng, ulardan yaxshiroq o‘ynay olishimizga  ishontirdi. Xato va kamchiliklarni to‘g‘ri tushintirib. Nimalarga e’tibor qaratishimiz lozimligini uqtirdilar. Zahiradan tushadigan o‘yinchilarga ham kerakli ko‘rsatmalarni berganliklari uchun ham o‘yinni durangga olib bordik. Ijobiy natijaga ham erishishimiz mumkin edi. Menimcha biroz vaqt yetmadi.

— Va nihoyat uchinchi o‘yinni boshlang‘ich tarkibda boshladingiz? Ilk daqiqalardan Sizni bosh murabbiy maydonga tushirishini kutganmidingiz?
— Zaxirada hamisha maydonga tushishga tayyor bo‘lib kelganman. Murabbiyim tarkibga kiritibdimi, demak menga ishonadi, zarur bo‘lganda albatta maydonga tushiradi degan ishonch, umid meni tark etgani yo‘q.

— Va birinchi golingiz... Anchayin tezkor gol urdingiz... Golni urib bo‘lganingizdan keyin ko‘rsatkich barmog‘ingizni yuqoriga ko‘tardingiz...Golni shunday nishonlashni oldindan ko‘nglingizga tugib qo‘yganmidingiz, uni kimga bag‘ishladingiz?
— O‘yin boshlanishiga uch soat qolganda boshlang‘ich tarkibga kiritilganimni aytishdi. Ko‘nglimga tugib qo‘ygandim, imkoniyat berilsa albatta o‘zimni ko‘rsataman deb. Asosiysi esa hammasi Allohdan. Biz harakatni qilamiz, samarasini Yaratgan Egam beradi. Golni esa mening katta futbolchi bo‘lishimni, jahon chempionatlarida o‘ynab, gollar urishimni orzu qilib o‘tgan Ne’matjon bobomga bag‘ishladim. Gollarim terma jamoamiz yutug‘iga xizmat qilganidan, yurtdoshlarimizga olam olam quvonch baxsh etganidan g‘ururlanaman.



— Isroil terma jamoasiga qarshi o‘yinda nega yutqazib qo‘ydik. To‘g‘risini aytish kerak, muxlislar Gvatemalaga qarshi o‘yindagi dubldan so‘ng Sizdan ko‘p narsalarni kutishgandi...
— Isroil terma jamoasi juda ahil kollektiv. Oxirigacha kurashadigan, taslim bo‘lishni bilmaydigan, jismonan baquvvat, kurashchan yigitlardan iborat edi. Buni bilardik. Uchrashuvga tayyorgarlik jarayonida murabbiylarimiz ham har bitta detalga jiddiy e’tibor qaratgandi. Mag‘lubiyatimizning ob’ektiv va sub’ektiv sabablari bor, deb o‘ylayman. Birinchidan, biz olis yo‘l bosib Isroilga qarshi o‘tadigan shaharga yetib keldik. Qolaversa, raqibga qarshi tengma teng kurashdik. O‘yin bo‘yicha yutqazmadik. Qo‘limizdan kelgancha harakat qildik, muxlislar translyasiya orqali ko‘rishgan bo‘lishsa kerak. To‘g‘risi bizga biroz omad ham yetishmadi. Hammasi Allohdan. Ehtimol bunda ham bir hikmat bordir.

— Isroil bilan o‘yindan keyin jamoa bosh murabbiyi Ravshan Haydarov Shahzod jarohat oldi, aks holda uni almashtirmagan bo‘lardim, deb qayd etdi. Jarohat qay darajada jiddiy? Ayni paytdagi holatingiz qanaqa?
— Ha o‘yinda jarohat oldim, oyog‘imning orqa payini tortib oldim. Juda jiddiy ham, yengil ham deb bo‘lmaydi. Mundialdan qaytgach ham hali mashg‘ulotlarga kirishmadi. Inshaalloh tez orada jamoadoshlarim safiga qo‘shilishimga umid bog‘lab turibman.

— Jahon chempionatidan qaytganingizdan so‘ng Sizni mahalladosh do‘stlaringiz, jamoadoshlaringiz qanday kutib olishdi?
— Mahalladoshlar, qo‘ni qo‘shnilar, do‘stlarim hamma hammalari jahon chempionati paytida O‘zbekiston terma jamoasining o‘yinlarini bevosita, jonli efirda kuzatib borishganligini aytishdi. Juda iliq kutib olishdi. Bizning o‘yinimizga befarq bo‘lmagan barcha yurtdoshlarimizga imkoniyatdan foydalanib, minnatdorchilik bildiraman

— Endigi rejalar qanday? Sportdagi eng katta orzuingiz nima?
— Endigi rejalar... Xudo xoxlasa mehnat, mehnat va yana mehnat. O‘z ustimda yanada jiddiy, qattiqroq ishlash, mahoratni oshirib borish. Sportdagi orzularim katta. Oldindan katta gapirishni yoqtirmayman. Hamisha olg‘a intilib, yanada yuqoriroqqa ko‘tarilish, natijalarimni yaxshilab borish ustida bir zum bo‘lsa-da izlanishda to‘xtamayman.

— Qaysi futbolchilarning o‘yinini kuzatib borasiz, Sizga kimlarning o‘yini ko‘proq yoqadi?
— Aniq bir o‘yinchini ajratib ko‘rsatolmayman. Yevropaning top jamoalarida mening ampluamda o‘ynaydigan barcha futbolchilarning harakatlarini sinchkovlik bilan kuzatib boraman. O‘shalar darajasida to‘p surishni orzu qilaman, intilaman.

— Siz tug‘ilib o‘sgan qishloqni atrofdagilar “Eski Braziliya” deyisharkan, sababi nimada?
— Buning sababi qishlog‘imiz kichkina bo‘lishiga qaramasdan bir qator taniqli futbolchilarning yetishib chiqqanligidir. Birgina jahon chempionati qatnashchilari bo‘lgan o‘yinchi-qishloqdoshlar soni 3 nafarga yetdi. Doston Hamdamov hamda Javlon Mirabdullayevlar menga qadar Mundial ishtirokchilari bo‘lishgandi. Osiyo chempionatlarida ham muvaffaqiyat qozonishgan. Bundan tashqari mamlakatimiz chempionatida to‘p surgan o‘yinchilar ham anchagina. Shunga bo‘lsa kerak qishlog‘imizni “Eski Braziliya” deyishadi.

— “Metallurg” bu yilgi mavsumni ancha og‘ir boshladi. Sababi nimada deb o‘ylaysiz? Yangi murabbiy haqidagi fikrlaringizni bilmoqchiydik?
— Darhaqiqat bu yilgi mavsum “Metallurg” jamoamiz uchun biroz qiyin boshlandi. Bu ham bir sinov. Nasib bo‘lsa Inshaalloh yaxshi bo‘ladi, ikkinchi davrada natijalarni ijobiy tomonga o‘zgartirishga harakat qilamiz. Yangi murabbiyimizga to‘xtaladigan bo‘lsam, men hali u kishi bilan ko‘p ishlashga ulgurmadim. Ammo shu qisqa fursat ichida ham menda juda iliq taassurot qoldirdi. Klubimizga kelishi bilan hamma qatori menga ham ishonch bildirdi va asosiy tarkibga qo‘ya boshladi. Jahon chempionatiga ketganimdan keyin ham men bilan bog‘lanib, maslahatlari bilan qo‘llab quvvatlab turdilar. Bunaqa insoniylikni muqaddam to‘g‘risi boshqa murabbiylarda ko‘rmagandim.
 
— So‘nggi paytlarda “Metallurg” jamoasidan O‘zbekiston terma jamoalariga jalb etilayotganlar ko‘payib borayotganligi kishini xuosand etadi. Nomzodlar soni nimaning evaziga o‘sayapti deb o‘ylaysiz?
— Dabdurustdan bu savolga javob berish oson emas. Nazarimda klubdagi ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganligi, klub qoshida faoliyat yuritayotgan futbol akademiyamiz muvaffaqiyatida deb bilaman. Bizdan kichik yosh toifasida (U-18) uch nafar – Samandar Muratbayev, Ro‘zimboy Fayzullayev, Ravshan Xayrullayevlar o‘ynayapti. O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoalarimizda ham futbolchilar bor. Ularning aksariyati futbol akademiyamiz kashfiyoti. Bejizga prezidentimiz “Metallurg” futbol akademiyasi faoliyati bilan bevosita tanishib, uning tajribalarini yurtimizda keng ommalashtirish kerak, deb baho bermadilar. Ishonamanki, yaqin orada akademiyamiz tarkiyalanuvchilari bosh jamoamiz asosini tashkil etadi. Mamlakatimiz terma jamoalaridagi vakillarimiz soni ham oshib boraveradi, Xudo xoxlasa...

— Aytaylik, Sizni mamlakatimizning yetakchi, grand jamoalariga chaqirib qolishsa borarmidingiz?
— Rostini aytsam bunday takliflar haqida men uchun o‘ylashga hali juda erta. Hali “Metallurg” klubimiz rahbariyati, muxlislarimizning ishonchini oqlashim kerak. Asosiy tarkibning muqum o‘yinchisiga aylanishim lozim. Yetakchi futbolchilar qatoriga qo‘shilish uchun esa juda ko‘p va tinimsiz, katta mehnat qilish kerak bo‘ladi.

— Sizga “Bunyodkor” va “Metallurg” futbol akademiyalaridagi holat, sharoitlar yaxshi tanish. Ularni qiyoslay olasizmi? Mukammal futbol akademiyasiga erishish uchun nimalar qilish kerak deb o‘ylaysiz?
— Har bitta dargohning o‘ziga yarasha ustun jihatlari bo‘ladi. Bekobodda 6 yoshimdan "Metallurg" klubi qoshidagi maktabda Jamshid Mirabdullayev qo‘l ostida ilk saboqlarimni olganman. Keyinchalik "Bunyodkor" akademiyasida Alisher Ibrohimov murabbiyligida tahsilni davom ettirdim. Har ikkala dargohning imkoniyatlari o‘ziga xos, darhaqiqat menga yaxshi tanish. Men ulardashi sharoitlarni qiyoslamoqchi emasman, aksincha shunday dargohlarning yanada ko‘payishi tarafdoriman. Misol uchun klubimiz qoshida faoliyat yuritayotgan akademiya qisqa fursat ichida mamlakatimiz futboli jamoatchiligi tiliga, nazariga, Yurtboshimiz e’tiboriga tushdi. Shu bilan to‘xtab qolmaslik kerak. Har bitta yosh toifasi, guruhlarga malakali, o‘z ishining ustalari bo‘lgan murabbiylar, talabchan, bilimli mutaxassislar jalb etilishi lozim. Shunda akademiyamiya yanada mukammal darajaga, jahon standartlari darajasiga ko‘tariladi.
 
— Futboldan bo‘sh vaqtlaringizni qanday o‘tkazasiz? Sevimli mashg‘ulotingiz?
— Bo‘sh vaqtlarim o‘zi kam. Dam olishga ham fursat topolmaymiz (kuladi). Lekin imkoni bo‘lsa stol tennisi o‘ynab turaman.  

— Siz futbolchilar oilasida katta bo‘ldingiz? Oilangiz haqida biroz to‘xtalsangiz...
— Oilamizga batafsil to‘xtaladigan bo‘lsam, ota onam ikki o‘g‘il farzandni o‘stirayapti – men va ukam. Ukam hali yosh. Futbolga kirib kelishimga dadam sababchi bo‘lganlar. Ularga havas qilib ulg‘ayganman. Birinchi maslahatchim, murabbiyim desam ham bo‘ladi. Har doim qo‘llab quvvatlab, maslahat berib turadilar. Borini gapiradilar. Yutug‘im haqida ko‘p to‘xtalmaydi, kamchiligimni esa yuzimga aytadi. Bolalar bog‘chasi yoshidan futbolga mehr uyg‘otgan. Ilk mashg‘ulotlarimga ham o‘zlari olib borib kelganlar. Onam esa bebahom, mehribonim, birinchi motivasiya beruvchi insonim deyishim mumkin. Qayerda bo‘lmay doimo bog‘lanib, hol ahvol so‘rab turguvchi, o‘yinlarimni doimiy kuzatuvchim onamdir. Baxtimga barchalari sog‘ omon bo‘lishsin.

Manba: https://t.me/metallurguz
Kiritildi: 23:50, 09.06.2023.
O'qildi: 2347 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.