"Bavariya" bosh murabbiyi Tomas Tuxel Londonda Xarri Keyn bilan uchrashdi. Nemis matbuotida tarqalgan xabarga ko‘ra, ikki tomon ingliz hujumchisining Germaniyaga ko‘chishni maslahat qilgan. Keynning "Tottenxem" bilan tuzgan shartnomasi 12 oydan keyin tugaydi. Shu sababli u sotuvga qo‘yilishi kerak. Yangi shartnoma borasida hozircha gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. "Bavariya" Keyn uchun o‘tgan oy avvalida 60.2 million funt taklif qilgandi. Rad javobini olgach, ikkinchi taklif tayyorlana boshlandi.
BILD nashrining yozishicha, Tuxel Keynning Londondagi uyiga tashrif buyurgan. Ular ehtimoliy transferni muhokama qilishgan. Angliya terma jamoasi a’zosi nemis murabbiyiga qarata YECHLda g‘olib bo‘lishni istashini bildirgan.
Xarri Keyn Londonda 17 million funtlik koshonada oilasi bilan istiqomat qiladi. Futbolchining oilasi rafiqasi Keti va uchta farzandi, Ivi, Jeyn hamda Luisdan tashkil topgan. Uy ichki mashg‘ulotlar zali va yettita yotoqxonani ham o‘z ichiga oladi. Hammayoqda futbolchining "Tottenxem"dagi davrini esga soluvchi rasmlar osilgan bo‘lsada, uning klubdagi 14 yillik faoliyati bu yozda yakun topishi mumkin. Keyn sovrin dardida Germaniyaga ham ketishga tayyor. Ha, hujumchi uchun "Manchester Yunayted" jiddiy qiziqish bildirgandi. Ammo rasmiy taklif hali kelmagan. "Chelsi"ni ham yana bir variant sifatida ko‘rsatish mumkindir. Negaki, Keyn va Pochettino orasi juda yaqin. Afsuski, "Tottenxem" raisi Daniel Levining "Chelsi" bilan orasi haqida bunday deb bo‘lmaydi. Shu sababli har ikki ingliz klubini amalda biror ishga qodir deya olmaymiz.
Angliyadagi murakkab holat "Bavariya"ga Keynni sotib olish borasida ustunlik beradi. U Myunxenda Robert Levandovski o‘rnini egallashi mumkin. Polshalik hujumchi klub bilan sakkiz yillik hamkorlikdan keyin 2022 yilda "Barselona"ga jo‘nab ketgandi. Yakuniga yetgan mavsumda "Bavariya" to‘purari Serj Gnabri bo‘ldi. Ha, jamoada Myuller, Musiala, Mane, Sane kabi yirik nomlar bor. Ammo ularning hech biri markaziy hujumchi ishini maromiga yetkazib bajara olmaydi. Bu omil esa Xarri Keynga "Bavariya"da ehtiyoj borligini anglatadi.
ISMATOV J.