Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Bundesliga tomon maftunkor yurish

Bundesliga tomon maftunkor yurish

Baho:
+ | -

«Xaydenxaym» - Bundesliga 2 chempioni yoxud sehrli finish!

Bundan 16 yil oldin Germaniya futbol tizimidagi 4-divizionda ishtirok etgan kamtarin jamoa yakunlangan mavsum so‘nggi turdan o‘rin olgan o‘yinning 90-daqiqasida ham turnir jadvali 3-pog‘onasida turgan va faqat «pley-off» o‘yiniga umid bog‘layotgandi. Keyin nimadir bo‘ldiyu, 90}3 va 90}9-daqiqalarda 2ta gol urib, 1:2ni 3:2ga aylantirdi. Uchrashuvning 58-daqiqasida vaziyat «Xaydenxaym» uchun yanada og‘irroq edi, chunki 0:2 hisobida ortda qolayotgandi. Asosiysi, shu mo‘’jizaviy qo‘shimcha daqiqalar ichida jamoadagi faoliyati davomiyligi 16 yilga yetgan qoyilmaqom murabbiy mehnati yashirin...

Frank Shmidt va «Xaydenxaym» tarixi

«Xaydenxaym» mavsum-2019|2020 yakunida ham elita yo‘llanmasini olishga yaqin kelgan, lekin «pley-off» bos­qichida «Verder»ga bas kelolmagandi - 0:0 va 2:2. Ya’ni Bundesliganing nomdor vakili mehmonda urilgan gollar evazigagina kuchlilar qatoridagi o‘rnini saqlab qolgandi. Google tizimida jamoa bosh murabbiyi Frank Shmidtga oid yo‘llangan qidiruv-savollarning ko‘pi uning klubda 16 yildan buyon davom etayotgan faoliya­ti emas, balki boshi haqida. Gap shundaki, murabbiyning boshi hamisha yon tomonga og‘ib turadi. Frank shuningdek, jurnalistlar bilan futbol yuzasidan mulohaza yuritishni yoqtirmaydi. Qisqasi, «Xaydenxaym» ishtirokidagi o‘yinlarni tomosha qilgan muxlislarni asosan murabbiyning fiziologik jihati hayron qoldirishi mumkin. Klubning to‘liq nomi - «Xaydenxaym-1846». Lekin uning tarixi ancha qisqa. Shunchaki, futbol jamoasi aynan 1846 yili tuzilgan gimnastika jamiyati negizida tashkil etilgan. Shmidt boshqarayotgan hozirgi «Xaydenxaym» esa 2007 yili gimnastika jamiyatidan ajralib chiqib, Germaniya Hududiy ligasida o‘ynash uchun lisenziya olgan. Shmidtning o‘zi Xaydenxaym shaharchasida tug‘ilgan, futbolchilik faoliyatida Bundesliga 2 klublarida to‘p surgan. Xususan, uning klublaridan biri - «Fes­tenbergsgroyt» Germaniya kubogi-1994|1995da «Bava­riya»­ni 1:0 hisobida mahv etgandi. Frank 29 yoshga to‘lganida professional futboldan chekindi va 2003-2007 yillar oralig‘ida qadrdon shahri jamoasi - «Xaydenxaym»da o‘ynadi. Klub bu davr ichida 5-diviziondan 4-ligaga ko‘tarildi. Shundan so‘ng «Xayden­xaym»ning yana bir afsonasi - Xolger Sanvald (1994 yildan ijrochi-direktor, 2016 yildan kengash raisi) Frankdan yangi bosh murabbiy topilgunicha boshqaruvni o‘z qo‘liga olishini iltimos qildi. Xullas, 2007 yilning sentyabr oyida qayd etilgan yirik hisob (9:1)li g‘alabadan keyin Shmidt rasman Diter Merkle o‘rnini egalladi. Aytish joiz, «Kirxxaym|Tekka» bilan bahsda rasmiylashtirilgan o‘sha g‘alaba haligacha «Xaydenxaym» uchun tarixdagi rekord bo‘lib qolmoqda.

Bir qator ijobiy natijalardan keyin Shmidtni qo‘yib yuborishmadi. Frank ham Sanvald taklifini mamnuniyat bilan qabul qildi va «Xaydenxaym» uchun Folger Finke kabi murabbiy bo‘lishga bel bog‘laganini baralla ayt­di. Ma’lumot uchun, Finke 1991-2007 yillar oralig‘ida «Frayburg»ni uzluksiz bosh­qarish asnosida nazarga tushgandi. Mana, Shmidt joriy yilda bitta jamoadagi uzluksiz faoliyat davomiyligi bobida unga yetib oldi.

Na romantik, na motivator

Frank futbolda romantik emas, uning g‘oyasi oddiy - doi­miy taraqqiyot. Mabodo «Xaydenxaym» o‘sishdan to‘xtasa, u darhol ketadi. Shmidt taktika bilimdoni ham, baqir-chaqir qiluvchi motivator ham emas. Oddiy aytganda, Frank faqat klubning quyidan yuqoriga ko‘tarilishini rivojlanish sifatida baholaydi. Sanvaldning aytishicha, klub rahbariyati Frankka cheksiz yoki muddatni o‘zi belgilaydigan shartnoma taklif etishga tayyor. Ammo murabbiy bunday iltifotni hamisha qat’iy ohangda rad etadi.  Shmidt taktik inqilobchi roliga ham da’vogar emas, lekin yangicha g‘oya va bilimlarni o‘zlashtirishga tayyor. U 2011 yili UYEFA tasnifidagi Pro lisenziyasiga ega bo‘ldi, aks holda, «Xaydenxaym»ni bevosita boshqarolmasdi. Frank­ning fikricha, jamoa qudratini yosh iqtidorlarni tarbiya­lash darajasi belgilaydi. Klubda ham, futbolchilar orasida ham murabbiyning hurmati juda baland, aks holda, 16 yil uzluksiz ishlolmasdi. Umuman, Shmidt jamoasini tom ma’noda ahil oilaga qiyoslash mumkin. Har holda, «Xaydenxaym» Shmidt bilan birga ulg‘aydi, taraqqiyot sari qadam bosdi. Muxlislar esa nafaqat ertaknamo parvozdan sarmastlar, ular yana Shmidt o‘z o‘g‘lonlari, hamshaharlari ekanligidan ham alohida g‘ururlanadilar. Chunonchi, deyarli klub stadionida, atigi 200 metr uzoqlikda dunyoga kelgan Frank - halol, xushmuomala va rostgo‘y odam. U shahar fuqarolaridan ko‘pchilikni yaxshi taniydi, muxlislar bilan o‘yinlarni tez-tez muhokama qiladi. To‘g‘ri, yil sayin muloqotga vaqt ajratishi qi­yinlashib bormoqda. Deylik, Oberligadagi davrda har bir muxlis fikrini o‘rganib chiqardi, endi ba’zan o‘zaro muloqotdan qochishiga to‘g‘ri kelmoqda.
 

Stadion klubga hamohang... 

Sanvald muxlislardan stadion ro‘parasida Shmidt sharafiga yodgorlik o‘rnatish haqida tushgan taklifni mulo­yimlik bilan rad etdi: «Haykal nega kerak? Hozir «Xaydenxaym»ga bir nafar Shmidt yetarli!» Darvoqe, klub stadio­ni «Xaydenxaym»ning taraqqiyo­tiga yaqqol namuna bo‘ladigan inshootdir. Deylik, 16 yil muqaddam arenada bittagina tribuna bor edi, uning yon-atrofidagi jarlikda esa xo‘tikchalar chopib yurardi. 2009 yili jarlik o‘rnida yangi tribuna qad rostladi. Keyinchalik arena tribunalari soni 4taga yetkazildi. Shu tariqa o‘rindiqlar soni 8000ga oshdi. Jamoa Uchinchi diviziondan tezda ko‘tarilgach, stadion sig‘imi avvaliga 10000, so‘ng 13000 va 15000ga yetkazildi. Chunki bu Bundesliga 2 klublariga belgilangan minimal hajm hisoblanadi. Oradan ko‘p o‘tmay, «Xaydenxaym» akademiyasini barpo etish zarurati tug‘ildi va stadion tevaragida bir nechta qo‘shimcha maydonlar tayyorlandi. Bunyodkorlik uchun jami 25 million yevro sarflandi. E’tiborlisi, shundan atigi 3,6 millioni klub zimmasiga tushdi, qolgani shahar g‘aznasidan ajratildi. 2019 yilga kelib, «Xaydenxaym» rahbariyati stadionni ramziy  summa - 2 mln. yevroga xarid qildi. Bunga qadar jamoa arenadan ijarachi sifatida foydalanardi. Stadion 2010 yildan buyon «Foyt-Arena» nomida. Shaharning yirik sanoat giganti shart­noma bo‘yicha klub bilan 2034 yilgacha hamkorlik qiladi. «Xaydenxaym» endi Bundesligaga chiqqani munosabati bilan stadion sig‘imini 25-30 mingga yetkazish niyatida. Shuningdek, transport infratuzilmasini ham yaxshilashga intilmoqda. 2017 yili Frank Shmidt jamoadagi 10 yillik yubileyini nishonlaganida, nufuzli nashr­lardan biri jurnalisti murabbiyga yuzlanib, o‘ta qiziqarli savolni o‘rtaga tashlagandi: «Qiziq, Bundesligaga siz oldinroq ko‘tarilasizmi yoki «Xaydenxaym»? Chunki o‘sha vaqt Bundesliga 2-ning qudratli jamoalari va elit divizion ishtirokchilari Shmidt xizmatiga jiddiy qiziqa boshlagandi. Muhimi, murabbiy biroz noqulay savolga javob qaytarishda ham o‘ziga xos samimiylik va sadoqatni namoyish etgandi: «Jamoa bilan birga yagona maqsad sari intilyapmiz. Shunday ekan, yaxshisi, elitaga birga yo‘l olishimiz kerak». Mana, murabbiy va klub oliy maqsadga birga erishdi ham!

 A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 10:20, 27.07.2023.
O'qildi: 1250 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.