Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Malik Tshau: «Dinim menga aql bovar qilmas kuch beradi»

Malik Tshau: «Dinim menga aql bovar qilmas kuch beradi»

Baho:
+ | -

«Milan» o‘tgan mavsum arafasida «Shalke»dan markaziy himoyachi Malik Tshauni 9 million yevro evaziga sotib olgandi.

22 yoshli himoyachi «rossonerilar» safida 20ta o‘yinda ishtirok etdi va ancha tajriba to‘pladi. Buning ortidan uning narxi ham ancha yuqoriladi - bugungi kunda «Transfermarkt» uni 20 million yevroga baholamoqda. Joriy mavsumdan germaniyalik futbolchi «Milan»ning asosiy himoyachilaridan biriga aylandi. SportBild nashri ham uning bunday tez o‘sishga erishayotganini e’tiborsiz qoldirmadi va Malik Tshaudan intervyu oldi.

- Malik, Milanga ko‘chib o‘tganingizdan beri hayotingiz va faoliyatingiz qanchalik o‘zgardi?

- Ba’zan vaqt qanchalik tez uchib borayotganini tushunish uchun o‘zimni chimchilashim kerak. Men o‘zimni xuddi tushimda bo‘lgandek his qilyapman. Sport nuqtai nazaridan katta o‘zgarishlar yuz berdi. Agar men ilgari yashagan Dyusseldorfdan Milanga ko‘chib o‘tish haqida gapiradigan bo‘lsak, unda o‘zgarishlar unchalik muhim emas - biz bir katta shahardan boshqasiga ko‘chib o‘tdik. Ammo mening hayotim tubdan o‘zgardi! Men birinchi marta ota-onamni, aka-ukalarimni tark etdim, bu yerda turmush o‘rtog‘im bilan yashay boshladim. Avvaliga hamma narsa yangi va murakkab edi, asosan til to‘sig‘i tufayli. Ammo bu klubda hayotning barcha sohalarida o‘yinchilarga yordam beradigan mutaxassislar mavjud. Hozir men jamoadoshlarimni yaxshi bilaman, bo‘sh vaqtimizda turli xil ishlarni qilamiz. Men o‘zimni yaxshi his qilyapman, bu shahar - barchaga orzu, odamlari juda mehribon.

- Din hayotingizga qanday ta’sir qiladi?

- Men musulmonman, dindor bo‘lib o‘sganman va Islomni yoshligimdayoq tanganman. Men kuniga besh mahal ibodat qilaman, Ramazon oyida ro‘za tutaman, barcha qonun-qoidalariga rioya qilaman. Dinim menga aql bovar qilmas kuch beradi.

- Italiyaga ko‘chib o‘tganingizdan keyin qanchalik o‘sdingiz?

- Men yetuk bo‘ldim, endi ko‘proq mas’uliyatni o‘z zimmamga olaman. O‘zimga nisbatan rost­go‘yman va o‘zimni tanqid qilaman. «Milan» qanchalik ajo­yib bo‘lganini PlayStation o‘yinidan bilib oldim: bolaligimda «Pro Evolution Soccer»da «Milan»ni tanlardim, Ronaldinyo tufayli. Tibbiy ko‘rikdan o‘tib, «Milan» logotipi tushirilgan futbolkani ko‘rganimda, bunga ishonolmadim. O‘sha paytda nihoyatda mag‘rur va baxtli edim. Va darhol selfi qildim.

- «Milan» afsonalaridan qaysi birini ko‘proq eslaysiz?

- Men har doim Kevin-Prins Boatengning o‘yin uslubini yoqtirardim. Haqiqatan ham «Milan» futbolchisiga aylanganimni anglashim uchun bir necha kun, hatto haftalar kerak bo‘ldi.

- Zlatan Ibragimovich alohida e’tiborga loyiqdir...

- Deyarli har kuni uning salomatligi bilan qiziqardim. Zlatan «Milan»da men bilan gaplashgan ikkinchi inson bo‘ldi. Jamoa o‘yin o‘tkazdi, men sport zalida, velosipedda mashq qilardim. Shunda Zlatan oldimga keldi - bu burilish nuqtasi edi. Men Ibradan qo‘rqmadim, lekin uni hurmat qildim. So‘ng­gi o‘n yilliklardagi jahon futbolining eng buyuk nomlaridan biri bilan kiyinish xonasini baham ko‘rishdan xursand bo‘ldim. U esa menga: «Xush kelibsan!» - dedi.

- Chempionlar Ligasi yarim finaliga chiqish qanday ekan?

- «Pley-off»gacha meni maydonga tushirishmadi. Men uchun hamma narsa «Tottenxem» va Garri Keynga qarshi o‘yin bilan boshlandi. Chempionlar Ligasi madhiyasini birinchi marta «San-Siro» stadionida eshitganimda, butun vujudimni titroq bosdi va bexosdan «vau» devordim. Bularning barchasini boshdan kechirganimdan juda minnatdorman. Ayniqsa, muxlislarimiz ko‘z o‘ngidagi o‘yin fantastik edi. Chempionlar Ligasida Keynga qarshi boshlang‘ich tarkibda o‘ynash... ta’riflashga til ojiz. O‘yin men uchun juda yaxshi o‘tdi. Shundan so‘ng, bu turnir aslida nima ekanligini angladim. Keynmi? Biz uni va butun jamoani bir qatorda ushlab turdik, u xavfli vaziyat ham yaratolmadi, gol ham urolmadi. Raqib sifatida Keynning o‘zi juda xotirjam edi, hazili yo‘q.

- Italiya, shubhasiz, ajo­yib himoyachilari bilan mashhur edi...

- «Shalke»ning yoshlar jamoasida (19 yoshgacha) Norbert Elgertdan ko‘p narsalarni o‘rgandim. Keyin o‘zim o‘rganishga harakat qildim, masalan, boshqa o‘yinchilarni o‘rganish orqali. O‘zimni juda aqlli, ko‘p narsalarni biladigan o‘yinchi, deb hisoblardim. Keyin Italiyaga ko‘chib o‘tdim va hali ko‘p narsalarni yaxshilashim kerakligini angladim. Italiyaliklar juda qattiqqo‘l, sinchkovlar. Agar siz 15ta muvaffaqiyatli o‘yin o‘tkazgan bo‘lsangiz ham, ular har doim qo‘shadigan jihatlarni topishadi. «Milan»da biz sof italyancha uslubda o‘ynamaymiz. Biroq, jamoamiz himoyada o‘ynashni yaxshi ko‘radi. Muxlislar mudofaadagi harakatlarni xuddi goldek, nishonlaydilar. Shu sababli, himoya deyarli obsesyon bilan mashq qiladi. Murabbiylar bilan har bir detal muhokama qilinadi, masalan, men raqibga yaqinroq bo‘lishim kerak...

- O‘z pozisiyangizda taqlid qilish uchun namuna deb hisoblagan o‘yinchini ajratib ko‘rsata olasizmi?

- Bu juda qiyin, chunki men faqat 17 yoshimda markaziy himoyachiga aylandim. Bungacha yarim himoyachi edim. Meni doim Yaya Ture hayratda qoldirgan. U kuchli, mushakli va yaxshi zarbaga ega edi. Juda yengil harakat qilardi.

- «Bundestim» bosh murabbiyi Xans Flik sizning muxlisingiz. U sizga Polshada milliy jamoada debyut qilishingizga imkon berdi...

- Madhiya yangraganidagi va maydonga tushganimdagi hissiyotlar - bu ajoyib edi. Biroz asabiylashdim, lekin birinchi navbatda xursand bo‘ldim. Hozirgacha bu lahza faoliyatimdagi eng muhim bo‘lib turibdi. Mag‘lubiyatga qaramay, o‘yin men uchun muvaffaqiyatli o‘tdi. Murabbiy o‘yinim uchun maqtadi. Keyin tug‘ilgan kunim bilan tabriklab, qo‘ng‘iroq qildi.

- Milliy jamoada yaqin do‘stingiz Antonio Ryudiger bor...

- Toni men uchun akamdek aslida. U meni darhol tabrikladi, iliq qabul qildi, ko‘plab foydali maslahatlar berdi. U ham xorijda, shuningdek, avval Italiyada o‘ynash uchun ketgan. «Milan»ning AQSH safari davomida biz Toni va uning «Real»i bilan uchrashdik. O‘yindan so‘ng, futbolkalarimizni almashtirdik, men uning libosini uyimga osib qo‘ydim. Ayni paytda mamlakatimda o‘tkaziladigan Yevro mening eng muhim maqsadimdir. Futbolchi uchun iloji boricha ko‘proq o‘ynash tabiiy istakdir. Albatta, men terma jamoani orzu qilaman. Lekin men uchun har bir o‘yin alohida o‘rin tutadi. Shuning uchun har kuni «Milan»da qattiq ishlashni davom ettirishim kerak.

M.PO‘LATOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 19:11, 09.09.2023.
O'qildi: 2604 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.