Ole Gunar Sulsherning "Manchester Yunayted"dagi murabbiylik davri o‘ta omadsiz va dilhiralik bilan yakunlandi. Ammo, agarda rahbariyat norvegiyalik mutaxassis xohlagan beshta futbolchini olib berganida, voqealar boshqacha rivojlanishi mumkin edi. 2018 yilda Joze Mourinyo o‘rniga kelgach, Sulsher ajoyib natijalarga erishadi va rahbariyat ishonchini qozonadi. Natijada, unga doimiy ish taklif etishadi. Afsuski, oradan ikki yil o‘tgach, hammasi yomon tugadi. Sulsher yaqindagina bergan intervyusida o‘zi sotib olishni istagan futbolchilarni ochiqladi. Quyida ularning nomi va qayoqqa ketganini bilib olasiz.
Erling Xoland
Sulsher bu borada shunday degan: "Afsuski, biz bilan bir davrda o‘ynamadik. Bizni paytda "Arsenal" va "Chelsi" asosiy raqiblar edi. Hozir ko‘p jamoalarda yetarlicha pul bor. "MYU" o‘z davrida Ronaldu va Runini sotib ola bilgan. Hozir esa ular, hattoki Evan Fergyusonga taklif bildira olmaydi. Negaki, futbolchi bu yerga kelishni istamayapti. Men murabbiy bo‘lgan davrda ham bir qancha futbolchilarni sotib ola bilmaganimdan afsuslanaman. Shulardan biri Xolanddir". Erling Xoland hozir qayerda va nimalar qilayotganini yaxshi bilasiz.
Xarri Keyn
Keyn o‘tgan mavsumda, "Tottenxem"ning eng muvaffaqiyatsiz mavsumlaridan birida ham 30 ta golga mualliflik qildi. Shunday ekan, Sulsher uni sotib olishni istagani tabiiydir. Afsuski, o‘sha paytda "MYU" moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan. Ayni damda Xarri Keyn "Bavariya" bilan va ajoyib start namoyish etmoqda.
Jud Bellingem
Bellingem Chempionshipni yondirib yurgan paytlarida bor-yo‘g‘i 16 yosh edi. Shu orqali sobiq "Birmingem Siti" futbolchisi Yevropaning top klublari nazariga tushadi. 2020 yilda "MYU" Bellingem uchun jiddiy kurashga kirishadi. Yosh futbolchi ota-onasi bilan Karringtonga kelib, turda ishtirok etgan. Hatto, Sulsher, Ser Aleks Fergyuson va "MYU" sport direkori bilan gaplashgan. Shunga qaramay, Jud Germaniyaga ketishni tanladi va bu tanlov to‘g‘ri bo‘lgani hozir o‘z isbotini topmoqda.
Moyses Kaysedo
Sulsher Kaysedoni Ekvadordan olib kelishga harakat qilgan. Bu borada shunday deydi: "Biz Kaysedo masalasini muhokama qildik. Ammo bizga APL uchun tayyor futbolchi kerak edi. "Brayton" esa chetdan futbolchi olib kelib, ularni biror yil ichida yulduzga aylantirishda ustasi farang jamoa. "MYU"da esa bunday emas. 2020 yilning yanvarida Kaysedo o‘rniga Brunu Fernandesh sotib olingandi.
Deklan Rays
Rays 2021 yilning yoziga qadar "Vest Xem" va Angliya bilan nimalarga qodir ekanini isbotlay olgandi. "MYU" esa unga da’vo qila boshlaydi. Ammo rahbariyat Rays masalasini bir yil keyinga qoldirib, uning o‘rniga Ronaldu, Varan va Sanchoni sotib oldi. 2022 yilning yoziga qadar Sulsher ishdan ketdi. "MYU" esa Rays o‘rniga Kazemironi sotib oldi. Sulsher fikricha, agarda vaqtida xarid qilinganida, Rays "MYU"ga 100 million funtga tushmasdi. "Arsenal" esa uni 105 millionga sotib oldi.
ISMATOV J.