Kirish Ro'yxatdan o'tish
02/07 00:00 Portugaliya 0-0 Sloveniya
02/07 06:00 AQSh 0-1 Urugvay
02/07 06:00 Boliviya 1-3 Panama
02/07 21:00 Ruminiya 0-3 Niderlandiya
03/07 00:00 Avstriya 1-2 Turkiya
03/07 06:00 Braziliya - Kolumbiya
03/07 06:00 Kosta-Rika 2-1 Paragvay

De Xeaning ta’tili cho‘zilib ketdi

De Xeaning ta’tili cho‘zilib ketdi

Baho:
+ | -

David De Xea hamon erkin agent. O‘tgan mavsum yakunida 32 yoshli ispaniyalik futbolchi APLning eng yaxshi darvozaboni bo‘ldi va faoliyatida ikkinchi marta “Oltin qo‘lqop”ni qo‘lga kiritdi. Biroq, "Manchester Yunayted" bosh murabbiyi Erik ten Xag futbolchi bilan xayrlashishga va uning o‘rniga Andre Onanani qo‘lga kiritishga qat’iy qaror qildi. Futbolchi murabbiyga mos kelmadi. Ammo oktyabr oyida De Xea hali ham erkin agent bo‘lib qoladi deb kim ham o‘ylagandi.

"Manchester Yunayted"ning shartnomasi muddati tugaganidan keyin Davidni qo‘yib yuborish qarori murabbiyning pozisiyasidan kelib chiqqan holda biroz kutilgan edi. Ispaniyalik futbolchi hali ham har hafta yuqori saviyada o‘ynashga qodir. Ammo hech qanday taklif, hech bo‘lmaganda uni qiziqtiradigan takliflar olinmadi. Hozir futbolchi hatto faoliyatini yakunlash haqida ham o‘ylayapti.

“Manchester Yunayted”ga ten Xag kelishi bilanoq, De Xeaning klubdagi kunlari sanoqli bo‘lib qolgandek tuyuldi. Niderlandiyalikning falsafasi - darvozabon orqali hujumlar uyushtirish. Hammasi darvozabondan boshlanadi. David har doim sifatli darvozabon bo‘lgan, ammo u hech qachon ba’zi hamkasblari kabi to‘pni nazorat qilish darajasiga ega bo‘lmagan. Alisson va Ederson to‘pga egalik qilish bo‘yicha Premyer-liga darvozabonlari orasida yetakchi.

De Xea ten Xagning falsafasini amalga oshira olmagani uni "Ayaks"ning sobiq murabbiyi nazarida ahamiyatsiz qilib qo‘ydi. Darvozabonning ayrim xatolari va uning haftasiga 375 ming funt maosh olishi ham yordam bermadi.

Onana ispaniyalikning o‘rniga tanlangan. Kamerunlik mavsum boshida o‘zining barqaror bo‘lmagan o‘yinlariga qaramay, himoyadan chiqib ketganda jamoaga hujumlarni yanada samarali tashkil etishga yordam beradigan futbolchi sanaladi. De Xeaga yozda "Bavariya" va "Real"dan qiziqish borligi haqida mish-mishlar tarqalgan edi. Bu ikkala variant ham jarohatlangan darvozabonlarni almashtirish uchun qisqa muddatli shartnomalar bo‘lishi mumkin edi.

De Xea o‘tgan yozda Saudiya Arabistoniga sayohat qilgan ko‘plab yulduzlar safiga qo‘shilmaslikka qaror qildi. Darvozabon agentlarga Yevropada qolishni istayotganini aytdi. Ispaniyalik futbolchi yaqin kelajakda Chempionlar ligasi darajasidagi jamoada muntazam o‘ynay olishiga ishonchi komil edi.

Qayd etilishicha, Krishtianu Ronaldu sobiq jamoadoshini “An-Nasr”ga o‘tishga ko‘ndirmoqchi bo‘lgan, biroq bu taklif rad etilgan. O‘tgan yozda Premyer-liganing 12 nafar futbolchisi Saudiya Arabistoniga ko‘chib o‘tdi, jumladan Jordan Xenderson, Riyod Mahrez va Roberto Firmino, biroq ispaniyalik futbolchi ularga qo‘shilishni istamasligini ta’kidladi.

De Xea hali yangi klub topa olmaganining sabablaridan biri uning talablari. David Chempionlar ligasida o‘ynaydigan klub futbolchisi bo‘lishni xohlaydi. Qolaversa, ispaniyalik yangi klubida asosiy darvozabon bo‘lmoqchi. Hozircha futbolchining barcha ehtiyojlarini qondirishga tayyor jamoalar ko‘p bo‘lishi dargumon.

Balki "Bavariya" va "Real" darvozabonni qo‘lga kiritmaslikka qaror qilganliklarining sabablaridan biri aynan u xohlagan narsani taklif qila olmagani bo‘lsa kerak. Negaki, Manuyel Noyer va Tibo Kurtua biroz vaqtdan so‘ng jiddiy jarohatlardan qaytishadi va ular o‘z jamoalarida asosiy darvozabon hisoblanadi.

De Xea bilan shartnoma imzolash uchun zarur bo‘lgan moliyaviy imkoniyatlar masalasi ham bor. Agar ispaniyalik, masalan, maoshini 50 foizga qisqartirishga rozi bo‘lsa ham, uning yangi klubi noyabrda 33 yoshga to‘ladigan futbolchi uchun haftasiga 187,5 ming funt sarflashi kerak bo‘ladi.

Aytish kerakki, De Xea obro‘siga so‘nggi ikki yil ichida biroz putir yetgan. "Manchester Yunayted"dagi faoliyati davomida u 4 marta "Yilning eng yaxshi futbolchisi" sovrinini olgan. Biroq, uning tez-tez uchraydigan xatolari, ba’zida samarali bo‘lishi va zamonaviyroq taktik o‘yin rejasini amalga oshira olmasligi uni potensial ish beruvchilar uchun transfer bozorida mashhur qilmaydi.

De Xea ham Ispaniya terma jamoasidagi mavqeini yo‘qotdi. Oxirgi marta "qizil furiya" tarkibida 3 yil oldin o‘ynagan. Avvaliga futbolchi zaxirada qoldi va vaqt o‘tishi bilan tarkibdan butunlay chiqarib yuborildi. Uning o‘rniga Unai Simon, Robert Sanches va David Raya terma jamoada imkoniyatga ega bo‘la boshladi.

De Xea, shubhasiz, faoliyatini davom ettirmoqchi, ayniqsa u hali darvozabon uchun yaxshi yoshda ekanligini hisobga olsak. Ammo agar bu ish bermasa, David qo‘lqoplarini mixga ilishi mumkin.

Oxirgi xabarlarga ko‘ra, ispaniyalik yanvargacha kutishga tayyor. Agar transfer oynasi yopilsa-yu, haligacha o‘ziga yangi klub topa olmasa, futbolchi kelajagi haqida jiddiy o‘ylaydi.

Albatta, yil oxirigacha ko‘p narsa o‘zgarishi mumkin. Hali ham De Xeaga Yevropaning top-klublaridan biri murojaat qilishi yoki u qayerdadir ikkinchi darvozabon sifatida o‘ynashga rozi bo‘lishi mumkin.

Kiritildi: 14:53, 06.10.2023.
O'qildi: 2832 marta.
Fikrlar: 8 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.