Fransiyaning bir vaqtlar doimiy chempioni bo‘lgan «Lion» ayni damda Liga 1 turnir jadvalida oxirgi o‘rinni egallab turibdi.
Quyida «sherlar»ning qanday qilib shunday holatga tushib qolganiga e’tibor qaratamiz.
«Lion» inqirozda
Liga 1da 10 tur o‘tkazildi va katta sensasiya nima ekanligini aytish qiyin - «Nissa»ning yetakchiligimi yoki «Lion»ning so‘nggi o‘rnimi? Uch yil muqaddam «sherlar» chorak finalda «Manchester Siti»dan o‘tib, Chempionlar ligasining yarim finaliga yo‘l olgandi. Ha, o‘sha Kovid mavsumida bosqichlar faqat bitta o‘yindan iborat bo‘lib, bu kutilmagan natijalar uchun ko‘proq imkoniyatlar yaratdi, ammo haqiqat haqiqat bo‘lib qolmoqda. Endi esa «Lion» oxirgi o‘rinda. Jamoa 9 ta o‘yinda atigi 3 ta durang qayd etdi xolos, qolgan bahslar mag‘lubiyat bilan tugagan.
Biroq, «Lion» egasi Jon Tekstor xavotirda emas. «Biz o‘zimizga xos makonda emasmiz. Men quyi ligaga tushib qolish xavfini ko‘rmayapman, lekin mavsum o‘rtacha bo‘ladi, bunga shubha yo‘q», dedi u bir hafta oldin.
Klubdagi nosog‘lom muhit
Tez-tez sodir bo‘lganidek, jadvaldagi o‘rin klubdagi barcha muammolarni aks ettiradi. Mavsum davomida allaqachon rahbariyat murabbiyni o‘zgartirdi: Fabio Grosso Loran Blanning o‘rniga keldi. Biroq futbolchilar italiyalik murabbiyning ish uslublaridan norozi. «Ba’zi tajribali futbolchilar menga bu murabbiy ular bilan birga ishlagan eng yomon mutaxassislardan biri ekanligini aytishdi. U hammani o‘ziga qarshi qo‘ydi», - dedi sobiq futbolchi Jerom Roten. OAV xabarlariga ko‘ra, Grosso bunga javoban mashg‘ulotlarni bekor qilgan va o‘yinchilardan qaysi biri matbuotga ma’lumot sizdirayotganini aniqlash uchun futbolchilar yig‘ilishini o‘tkazgan.
Yozda ma’lumot bombasini Saudiyaning «Al-Ittifoq» klubiga erkin agent sifatida o‘tgan, jamoaning sobiq hujumchisi Mussa Dembele portlatgan edi. «Bosh skaut Bruno Sheyru futbolchilarga ular shunchaki aktiv ekanliklarini aytdi. Biz aktivlar emas, balki odamlarmiz. Sheyru xuddi paxta dalasida qullar bilan muloqot qiladi. Bu xavfli va hurmatsiz yondashuv. Sport direktori Vinsen Ponsot futbol haqida hech narsa bilmaydi. Go‘yo alifboni bilmay, o‘qishni bilmay bosh muharrir bo‘lgandek. «Lion» rahbarlari qobiliyatsiz va mag‘rurdirlar», degandi u intervyusida.
«Men ham xuddi Gyusto, Lyukeba, Barkola kabi ketdim. Ular hamma narsani to‘g‘ri qilishdi - ular yaxshilanish, yangi darajaga chiqish va ko‘proq pul ishlash uchun ketishdi. Lukas Paketa va Bruno Gimaraynshlar ham «Lion»ni tark etishga haqli edi. Qarang, ular hozir qanchalik yaxshi», - deya xulosa qildi Dembele.
Hamma muammolar bir boshdan kelib chiqqan
May oyida «Lion» afsonaviy Jan-Mishel Aulasning klub prezidenti lavozimidan ketishini e’lon qilgandi. Klubning ko‘tarilishi uning nomi bilan bog‘liq. «Lion» hozirda amerikalik milliarder Jon Tekstorga tegishli. Amerikalik shuningdek, Belgiyaning «Molenbek» (80%) va Braziliyaning «Botafogo» (90%) klublarining nazorat paketlariga, shuningdek, Angliyaning «Kristal Pelas» klubining 40 foiziga egalik qiladi.
Tekstor «Lion»ning moliyaviy muammolarini hal qilishi kerak edi, ammo hozircha u va’dasidan nariga o‘tmadi. Qishda u transferlarga 86 million yevro sarmoya kiritishga va’da bergan edi, lekin aslida klub uchun atigi 23 mln sarflandi, shundan 10 million «Botafogo»ga ketdi. Yozda esa «Lion» muxlislari o‘zlarining sevimlilari nimaga erishishi mumkinligiga ishonishlari qiyin edi. Fransiya moliyaviy regulyatorining qoidalariga ko‘ra, har bir klub tasdiqlangan byudjetni e’lon qiladi. Natijada, Tekstor mavsum uchun byudjetda ko‘rsatgan 60 million yevroga moliyaviy kafolatlar topilmadi, ya’ni «Lion» har bir transferni tasdiqlashi kerak edi.
Natijada barcha iqtidorlar yoppasiga sotuvga qo‘yildi: Bredli Barkola «PSJ»ga 45 million yevroga, Kastelyo Lyukeba esa 30 million yevroga «Leypsig»ga yo‘l oldi. Ensli Meytlend-Naylz jamoaga erkin agent sifatida kelib qo‘shildi. Himoyachi Jeyk O'Brayen «Kristal Pelas»dan keldi. Bundan tashqari, «Lion» hali ham tergov ostida. Hozirda «sherlar» safida 19 yoshli Ernest Nuama o‘ynamoqda, u yozda Daniyaning «Norsalend» klubidan 25 million yevro evaziga sotib olingan.
Shu bilan birga, amerikalik funksioner «Lion»ni sotib olish uchun olgan 75 million yevro qarzini to‘lashi kerak. Dastlab klubning 9% ulushini o‘zida saqlab qolgan Ola 3 yil davomida «Lion» prezidenti bo‘lib ishlashi kerak edi, biroq Tekstor kelganidan atigi 6 oy o‘tib bu lavozimni tark etdi. «Prezident sifatidagi 35 yillik faoliyatim davomida men hech qachon moliyaviy regulyator bilan muammoga duch kelmaganman», dedi Ola kinoya bilan. Matbuotning yozishicha, u konstruktiv harakat qilishga urinib, muammolarga yechim taklif qilgan, biroq yangi rahbariyat uni tinglashni istamagan.