Kirish Ro'yxatdan o'tish
19/12 01:30 Vilyarreal 1-1 Rayo Valyekano
19/12 01:30 Espanyol 1-1 Valensiya

Nihoyat, «Oltin to‘p»da Messi-Ronaldu davri tugadi

Nihoyat, «Oltin to‘p»da Messi-Ronaldu davri tugadi

Baho:
+ | -

Odatdagidek, “Oltin to‘p” sovrini topshirilgandan so‘ng, bahslar ko‘payib ketdi. Avvalo shuni aytish kerakki, futbolda YECHL, JCH kubogi, chempionatlarda g‘oliblar uchun beriladigan sovrinlar bor va o‘sha asosiysi. “Oltin to‘p” esa, shunchaki, bir nashr tomonidan ta’sis etilgan qaysidir ma’noda ramziy mukofot, xuddi “Oskar” kabi, ya’ni usiz ham futbolni tasavvur qilish juda oson, ko‘ngilga og‘ir olmaslikni tavsiya qilardim.

Xo‘sh nega Messi? AQSHda o‘ynab yurgan futbolchigayam “Oltin to‘p” topshiriladimi?

Ha, chunki so‘nggi yilda “Frans futbol” o‘zgarish kiritdi – endi bu sovrin kalendar yili uchun emas, futbol mavsumi uchun topshiriladi. Kechagisi 2022/2023 mavsumi uchun topshirildi, shuning uchun Bellinhemni qidirib o‘tirmang.

Holand mavsumni yaxshiroq o‘tkazdi-ku?

Ha, butun mavsum e’tibori bilan norvegiyalik hujumchi eng barqaror o‘yin ko‘rsatdi. Messi esa, faqat jahon chempionatida Messi bo‘ldi. Hamma gap shunda. An’anaviy ravishda Jahon chempionatining toshi og‘ir keladi. Bu to‘g‘rimi, noto‘g‘rimi, boshqa masala, lekin shunday qabul qilishga majburmiz. Ronaldo 2002 yilda deyarli Yevropada o‘ynamay, jarohatdan tiklanib, mundial tufayli “Oltin to‘p” olgan. Kannavaro o‘sha mavsumni “Yuventus”da qanday o‘tkazganini eslay olmaymiz ham, lekin unga ham topshirilgan. Agar JCH odatdagidek yozda o‘tkazilganda va “Oltin to‘p” mavsum tugashi bilan topshirilganda, katta ehtimol, hech qanday savol bo‘lmasdi. Eslang, o‘sha JCH finalidan keyin, uyog‘iga nima bo‘lsa, bo‘lsin, baribir Messi “Oltin to‘p” oladi, degan fikr kechmagandi, xayolingizdan?

Tyerri Anridan iqtibos keltiraman: “Tarixdagi eng yaxshi futbolchi jahon chempionatini yutgan mavsumida “Oltin to‘p”ni ololmasa, mantiqsiz bo‘lmaydimi?”

Albatta, 8 “Oltin to‘p” ichida eng tushunarlisi, avvalgi o‘lchov va an’analarga eng mosi mana shu oxirgisi emasmi?

Snayder yoki Inyestachi?

Eng qizig‘i, 2010 yilda “Oltin to‘p” Inyestaga topshirilishi kerak edi, chunki jahon chempioni bo‘lgandi, deb hozirchaga takrorlab yuradiganlar bugun Messiga e’tiroz qilishyapti. Xo‘p, o‘shanda xato qilingan bo‘lsa, yana takrorlash kerakmi xatoni?

To‘g‘ri, tushunarli va doim amal qilinadigan kriteriyalarni hammayam istaydi. Lekin bu yerda aniq kriteriyani belgilash oson emas. 2014 yilda Germaniyada yaqqol yulduz bo‘lmagan, “Oltin to‘p” Ronalduga topshirilgan. 1999 yilda “MYU” jamoaviy kuchli edi, ha, Bekxem porloqroq, ammo klubi bilan hech narsa yuta olmagan Rivaldo “Oltin to‘p”ni olgan. Mana bunaqalariyam bor.

Ya’ni biror mantiqqa qarshi misol qidirganingizda, Messi yo Ronalduning “Oltin to‘p”lari eng haqqoniysi bo‘lgan hammasi, tan olish kerak. Chunki bu ikki futbolchi boshqalardan shu qadar boshqa darajada edilarki, klublar yoki terma jamoalarning natijalari chekkaga chiqib qolgan – ikkovidan qaysi biri ko‘proq sovrin yutsa, o‘sha olavergan.

Nihoyat bu davr tugadi, endi “Oltin to‘p” egasini topish ancha oson bo‘ladi. Katta natijalarni qayd etgan klub yoki terma jamoa ichidan eng yaxshisini topish yetarli, naryog‘da odam bolasining qo‘lidan kelmaydigan o‘yinlari bilan Messi yoki Ronaldu halaqit berib turmaydi. Bu bilan bir-birimizni tabriklasak bo‘ladi.

Qahramon Aslanov.

Manba: https://t.me/aslanov_futbol
Kiritildi: 23:22, 31.10.2023.
O'qildi: 4703 marta.
Fikrlar: 128 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.