Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa - Yuventus
23/12 01:00 Betis - Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Fenomenning nafaqadagi hayoti

Fenomenning nafaqadagi hayoti

Baho:
+ | -

Futbol olamining yorqin yulduzlaridan biri bo‘lgan Ronaldo 12 yil avval sermazmun faoliyatini yakunlagandi.

Navqironlik davrida u jo‘shqin hayot, bazmu-jamshidlar va ichkilikka ruju qo‘ygan bo‘lsa, butsalarini mixga ilganidan keyin turmush tarzi ham o‘zgardi. Endi Ronaldo - xususiy biznes-imperiyasi bilan band bo‘lgan oilaparvar tadbirkor. Ishonmayapsizmi? Hozir hammasini bilib olasiz.

46 yoshida dindor bo‘ldi

Ronaldo hech qachon o‘zini ruhoniylardek tutgan emasdi. Faqat bir marta Rim Papasi tomonidan tashkil etilgan tinchlik Matchida ishtirok etgandi. Braziliya prezidenti Dilma Rusef esa 2014 yilda Papa huzurida bo‘lib, unga Ronaldoning dastxati tushirilgan terma jamoa futbolkasi va to‘p sovg‘a qilgandi. 

Shu yilning sentyabrida 46 yoshli braziliyalik afsona to‘satdan Madriddagi San-Xose katolik cherkovida xristian dinini qabul qildi. «Bu kun men uchun muhim ahamiyatga ega. Shu paytgacha cho‘qintirilmagan bo‘lsamda, xristian dini bolaligimdan boshlab hayotimning asosi bo‘lib kelgan. Endi men o‘zimni chinakamiga qayta tug‘ilgandek, qandaydir yangi, xato-kamchiliklarimni to‘liq tushunadigandek his etyapman. Bu yog‘iga faqat ezgulik yo‘lidan yurish majburiyatini o‘z ixtiyorim bilan qabul qilganimni tasdiqlayman», - dedi Ronaldo.

Uchinchi marta uylandi - model va biznesmen ayolga

Cho‘qintirilganidan keyin 12 kun o‘tgach, 47 yoshli fuqaroga aylangan Fenomen braziliyalik model Selina Loks bilan nikohdan o‘tdi. Tantanali marosim Ibisada bo‘ldi. 33 yoshli Selina fotomodellik faoliyatini bir qator taniqli brendlarda o‘tkazish bilan parallel ravishda o‘zining kosmetika brendini ochdi. Shu yilning yanvarida Ronaldo uni o‘z nikohiga o‘tishni taklif etgan, Selina rozilik bergandi.

Selina, Ronaldoning uchinchi rafiqasi. Garchi matbuotda braziliyalik afsonaning 4-marta uylanayotgan haqida yozilgan bo‘lsada, bu to‘g‘ri emasdi. Aslida, u braziliyalik top-model va aktrisa Syuzanna Verner bilan 3 yil uchrashib yurgan bo‘lsada, nikohdan o‘tmagandi. Ronaldo futbolchi Milena Dominges va aktrisa Beatris Antoni bilan rasman nikohdan o‘tgan. Bir paytlar u haqda «21 yoshli daho» avtobiografik asarini yozgan Uinsli Klarkson aytishicha, Ronaldoning ayollari 200 nafardan kam bo‘lmagan.

«Valyadolid» - Ronaldoning asosiy loyihasi

Futbolchilik faoliyatidan keyin Fenomen uzoq vaqtini maishatbozlik va o‘yin-kulgi bilan o‘tkazdi, biron-bir yumush bilan shug‘ullanmadi, rasmiy tadbirlarda qatnashmay qo‘ydi. Buning oqibatida juda semirib ketdi. Bekorchilikdan zerika boshlagach, nima bilan shug‘ullanish xususida o‘ylay boshladi: «Kasb tanlashda bir qarorga kelishim qiyin kechdi: murabbiylikni istamadim, agentlik sohasi mutlaqo qiziqtirmasdi. Nihoyat, qachondir birorta klubni xarid qilib, u uchun muhim o‘zgarish qilishim kerak, degan qarorga keldim. Shu maqsadda 3 yil Londonda marketing va sport menejmenti sohalarini o‘rgandim. Bundan tashqari, AQSHda 2-divizion jamoasida ish tajribasiga ega bo‘lgandim. O‘zimni tayyor holatda his etganimdan keyin tavakkalga qo‘l urdim va «Valyadolid»ni xarid qildim». 

2018 yil sentyabrida Ronaldo «Valyadolid» aksiyalarining 51 foizini 30 mln. yevroga sotib oldi. Keyingi 1-2 yil ichida o‘z ulushini 82 foizga ko‘tardi. «Men klubni shaxsiy pulimga xarid qildim, hech qanday tashqi sarmoyalar yoki jamg‘armalar ham, mening sheriklarim ham yo‘q. Bu mening loyiham, shunday ekanligi menga yoqadi». Taqdimot marosimida klub sohibi muxlislarga jamoani YECHLga olib chiqishga, stadion va bazani ta’mirlashga va’da berdi. Amalda voqelik anchayin shafqatsiz bo‘ldi.

2021 yilda DAZN namoyish etgan 6 seriyali «Prezident» hujjatli filmida Ronaldoning ish bilan mashg‘ulligi, ishbilarmon sheriklari bilan uchrashuvlari, o‘yinlarga tashrifi keng yoritildi. O‘z ulushi uchun to‘lovdan tashqari, Ronaldo klubning 19 mln. yevroli qarzini uzdi, tabloni ta’mirladi, mashq dastgohlarini yangiladi, vip-tribunani, gazon va sug‘orish tizimini qayta qurdi. «Valyadolid» elitada to‘p surgan mavsumda Fenomen futbolchilarga mukofot ajrata boshladi. Masalan, «Atletiko» ustidan g‘alaba uchun qo‘shimcha 150 000 yevro va’da qildi. Jamoa Primeradagi o‘rnini saqlab qolganidan keyin sohib futbolchilar va murabbiylar shtabini Ibisada dam olishga taklif etdi. Shuning­dek, u murabbiylar va barcha xizmatchilar bilan doimiy aloqada. Mish-mishlarga ko‘ra, Ronalduning telefon raqami hamma o‘yinchilarda bor, zarurat bo‘lsa, ular yordam uchun qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin. «Ronaldo doimo nimalarnidir o‘ylab yuradi. U muntazam ravishda abonementlar, gazonning holati bo‘yicha hisobot so‘raydi, barcha yozma shikoyatlarni o‘qiydi», - deydi klub direktori David Espinar.

Klubdagi murakkab vaziyat tufayli Ronado o‘z maoshidan voz kechdi. «Valyadolid» moliyaviy yilni 5,2 mln. yevro zarar bilan yakunladi. Lekin muammolar tugamadi. YECHL xususida Ronaldo o‘ta jo‘shqin gapirgan bo‘lsada, voqelikdan yuz o‘girib bo‘lmaydi: ortda qolgan yillarda jamoa 13-18-o‘rinlar oralig‘ida yurdi, 2 marta La Ligani tark etdi. Dastavval muxlislarga yetakchi o‘yinchilarning sotib yuborilgani yoqmadi: klub Muhammad Salisuni 12 mln.ga sotib yubordi, 1 yildan so‘ng Markos Andre 8,5 mln. evaziga «Valensiya»ga yo‘l oldi. Andre ketganidan keyingi o‘yinda muxlislar o‘z noroziliklarini izhor etishdi: «Siz bizning suyukli o‘yinchimizdan voz kechdingiz».

Darvoqe, bu yil Markos jamoaga qaytdi. Fanatlar endi zaif natijalar tufayli isyon ko‘tarishdi - hatto Ronaldoga qarshi e’tirozlar bo‘ldi. Ehtimol, ularni va’da bilan voqelik o‘rtasidagi yirik tafovut qattiq ranjitgandir. Boz ustiga, Fenomenning o‘zi ham norozi. O‘tgan mavsum yakunlariga to‘xtalganida, prezident rahbariyatning «rejalashtirishda xatolarga yo‘l qo‘yganligini» tan oldi.

Ronaldo shuningdek, hakamlar ustidan ham shikoyat qildi: «Ularni qanchalik tanqid qilmaylik, o‘zgarishdan darak yo‘q. Nima uchun hakamlar doimiy sukutdalar?».

Ronaldo uchun boshqa bir bosh og‘rig‘i - hokimiyat bilan munosabatlar. Klub sohibi stadion va uning atrofini obodonlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli reja tuzgandi. Shahar meri Oskar Puente yordam berishni va’da qilgandi. Lekin negadir ishlar yurishib ketmadi. «Stadion uchun 18 mln.dan ko‘proq mablag‘ sarfladik. Byurokratlarga xos jarayonlar o‘ta sekin o‘tishini tushunaman. Biroq Puente «Valyadolid» uchun hech narsa qilmadi. Shahar kengashining va’dalari esa qog‘ozda qolib ketdi», - dedi Ronaldo kuyinib.

Shu yilning mart oyida ish qo‘zg‘ala boshladi. Klub va shahar kengashi o‘rtasidagi 50 yilga mo‘ljallangan kelishuvga ko‘ra, «Valyadolid» va uning sohibi o‘z hisobidan ta’mirlashadi. Agar rejadagi barcha ishlar voqelikka aylansa, stadion va barcha yordamchi inshootlar tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketadi. Qo‘shimchasiga, mini-stadion va yangi ofis binolari qad rostlaydi. Ana shundan keyin Fenomen «Valyadolid»ni sotish haqida o‘ylashi mumkin. Lekin mazkur xarajatlarni qoplaydigan bahodagi taklif tushgan taqdirda, albatta!

MUHAMMADSODIQ tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:01, 13.11.2023.
O'qildi: 1814 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.