Kirish Ro'yxatdan o'tish
19/12 01:30 Vilyarreal 1-1 Rayo Valyekano
19/12 01:30 Espanyol 1-1 Valensiya

«Oltin to‘p»-2023ni qo‘lga kiritgan ayol futbolchiga nazar (video)

«Oltin to‘p»-2023ni qo‘lga kiritgan ayol futbolchiga nazar (video)

Baho:
+ | -

Kataloniyaning «Barselona» ayollar jamoasi vakili Aytana Bonmati chindan ham, ko‘pchilik uchun orzu misoli mavsum o‘tkazdi. Yakunda yarim himoyachi ayollar futboli yo‘nalishida «Oltin to‘p» sohibasiga aylandi. Alohida aytish kerak, xuddi erkaklar futbolida bo‘lgani kabi ayollar yo‘nalishidagi so‘rovda ham hech qanday «intriga» yo‘q edi. Binobarin, «Barselona» yetakchisi mavsum bo‘yi darhaqiqat, fenomenal darajada o‘ynadi. Aytana Parijdagi gala-oqshomda avvalo, Xosep Gvardiola («Manchester Siti» bosh murabbiyi Bonmatini dunyodagi eng sevimli ayol futbolchi sifatida ta’riflagandi)ni esladi, shuningdek, o‘z kumirlariga to‘xtaldi, jumladan, Lionel Messiga hurmat bajo keltirdi.

CHIROYLI NUTQ

Aytana Bonmati «Oltin to‘p»­ni qo‘lga olar ekan, qisqacha gapirdi, lekin chiroyli: «Futbol jamoaviy o‘yin va bu sovrinni avvalo, jamoadoshlarim, klub   xodimlari, men bilan birga ishlaganlarga bag‘ishlamoqchiman. Shuning­dek, «Oltin to‘p»ga da’vogarlik qilgan raqibalarimni ham muvaffaqiyatli mavsum bilan tabriklashim kerak. Maydonda ham, uning tashqarisida ham zimmamizda katta mas’uliyat bor. Zero, yosh qizlarga har tomonlama o‘rnak bo‘lishimiz kerak. Qisqasi, shunchaki, sportchi maqomi bilan cheklanib qolmasdan yanada tinchroq, yaxshiroq, tengroq dunyo uchun birgalikda kurashishdan charchamasligimiz zarur. Oxirgi jahon chempionati finali arafasida Xosep Gvardiolaning meni «Ayol-Inyesta» qabilida maqtagani rosa yoqdi. Chunki Pep men uchun - chin namuna timsoli. Ha, futbolchi rolida Gvardiola bilan yo‘llarimiz kesishmadi, muhimi, Xavi, Inyesta va Messi kabi ijrochilar bilan «Barca»ning oltin davrga yetaklaganini bevosita kuzatdim. Bu - hayotimdagi eng ajo­yib kunlar, sevimli klubim yutuqlaridan chinakam baxtiyorlikni tuyganim rost».

Bonmati France Football nash­ri so‘rovining yakuniy to‘rtligida «Chelsi» klubi va Avs­traliya termasi vakili Sem Kerr, shuningdek, o‘z jamoadoshlari Fridolina Rolfe hamda Salma Paralyuelni ortda qoldirdi. Aytana sahnada «Barselona» prezidenti Joan Laporta xizmatini ham alohida e’tirof etib, unga ayollar futboli yo‘nalishiga e’tibori, klub rivojiga qo‘shayotgan hissasi uchun minnatdorchilik bildirdi. Darvoqe, tantanali kechada «Barselona» ayollar klubi o‘z yo‘nalishida yilning eng yaxshi jamoasi sifatida tan olinganini ham aytish o‘rinli. Umuman, ayollar futbolida «Oltin to‘p» 3 yildan buyon «Barselona» vakilalaridan ortmayapti. Bunga qadar Kataloniya klubi yarim himoyachisi Aleksiya Putelyas qatorasiga 2 marta dunyoning eng yaxshi ayol futbolchisi maqomiga erishgandi. U 2022 yilning yozida jiddiy jarohatga yo‘liqqach, maydondagi pozisiyasini aynan Aytana Bonmati to‘liq yopdi. Oddiy aytganda, «Oltin to‘p»-2023 sohibasi bosh rolga chiqdi, ko‘p qirrali futbolchi ekanligini amalda isbotladi. Aytana turli pozisiyalarga tez moslashishi, hattoki, hujumda asosiy ijrochiga aylangani bilan ko‘zga tashlandi. 

BONMATI VA «BARSA» MUHABBATI - AJIB HIKOYA

Kataloniyalik 25 yoshli Aytana Bonmati «La Masiya» tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U 14 yoshidan «Barselona» akademiyasida tahsil ola boshlagan va har kuni vaqti kelib, «Kamp Nou»da o‘ynash orzusida jiddiy shug‘ullangan. Qoyil, Aytana yakunda o‘z maqsadiga erishdi. U atigi 4 yildan ke­yin, ya’ni 18 yoshida «Barsa» ayollar sektorining asosiy jamoasi safiga qo‘shildi. Oradan 7 yil o‘tdiki, Aytana hamon sevimli klubi bilan birga. Xonim ortda qolgan vaqt mobaynida «Barselona» bilan 4 marta Ispaniya chempioni bo‘ldi va Chempionlar Ligasida ikki bora zafar quchdi. Aytana ayniqsa, o‘tgan mavsum qoyilmaqom statistika qayd etdi: Ispaniya «F»-ligasida «Gol+pas» tizimi bo‘yicha 19 ochko (9ta gol va 10ta assist), shuningdek, CHLning 11ta o‘yinida 5ta gol. Asosiysi, qahramonimiz avgust oyida Avstraliya va Yangi Zelandiyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida yuqori effektni saqlab qoldi: turnir doirasidagi 7ta o‘yinda ham maydonga tushgan yarim himoyachi Ispaniya milliy jamoasi uchun 3ta gol urishdan tashqari, yana 2tasiga hammualliflik qildi. Yakunda ispanlar finalda Angliya termasidan ustun kelishdi va Bonmati JCH-2023ning eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etildi. «Baxtimga, ayollar futboliga kuchli e’tibor qaratadigan klubdaman. Ochig‘i, mashg‘ulotlarni boshlagan vaqt professional futbolchi uchun zarur barcha shart-sharoitlarga ega bo‘lishni xayolimga ham keltirmagandim, - degandi Aytana Chempionlar Ligasi finali arafasida bergan intervyusida. - Hayot shu qadar tez o‘tmoqdaki, ulg‘ayib borayotganingni mutlaqo sezmay qolasan. Goho vaqtida «Kubelyes» yoki «Ribes» kabi erkaklar jamoalarida shug‘ullanganimni eslayman. To‘g‘risi, o‘shanda kelajakka umidim yo‘q edi. Chunki ayollar futboli ahamiyatsizdek edi, unga o‘zingni professional darajada bag‘ishlolmasding. Muhimi, taqdir meni «Barselona»dek klubga yetakladi va bugungi haqiqat shuki, bundan to‘liq faxrlanaman».

Aytana Bonmati mavsum-2022|2023 da

(sovrin va natijalari)

- Ispaniya chempioni

- Ispaniya superkubogi sohibasi

- Yevropa Chempionlar Ligasi g‘olibasi

- Jahon chempioni

- JCH-2023ning eng yaxshi futbolchisi («Oltin to‘p»)

- UYEFA talqinida yilning eng yaxshi futbolchisi

- «Oltin to‘p»

Ayollar futboli yo‘nalishida «Oltin to‘p» egalari

2018 yil: Ada Xegerberg («Lion», Norvegiya)

2019 yil: Megan Rapino («OL Reyn», AQSH)

2020 yil: sovrin topshirilmadi

2021 yil: Aleksiya Putelyas («Barselona», Ispaniya)

2022 yil: Aleksiya Putelyas («Barselona», Ispaniya)

2023 yil: Aytana Bonmati («Barselona», Ispaniya)

A.AHMEDOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 16:23, 25.11.2023.
O'qildi: 1754 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.