«Tottenxem»da yetarlicha gol urgan, ammo sovrinsizlikdan ezilgan Garri Keyn «Bavariya» hujumiga «uzukka ko‘z» kabi mos tushdi.
Har holda, angliyalik to‘purar aqlga sig‘mas statistikasi bilan Bundesliga star-tini shunchaki, «yondirdi». Ehtimol, u joriy mavsum yakunida sovrinsizlik balosidan ham qutilar...
«Borussiya» (Dortmund)ga atalgan «xet-trik». Garri Keyn «Borussiya» D. bilan birinchi o‘yin (4:0)dayoq «xet-trik»ka erishib, o‘z darajasini ko‘rsatib qo‘ydi. «Bavariya» hayotida bundan oldin biror futbolchi Bundesligadagi asosiy raqibga qarshi ilk uchrashuvni 3ta gol bilan bezagan emasdi.
Dahshatnamo sur’at. Diqqat qiling, Keyn atigi 14ta o‘yinda gollar soni bo‘yicha «Bavariya»ning o‘tgan mavsumdagi eng yaxshi to‘purari natijasini takrorladi. Oddiy aytganda, Garri bu oraliqda raqiblar darvozasini 17 marta nishonga oldi. Serj Gnabri butun 2023|2024 yillar mavsumida shuncha gol bilan klubning bosh goleadori maqomini olgandi. Unga 17ta gol urishi uchun 34ta o‘yin kerak bo‘lgan. Farqni qarang...
Eng yaxshi goleador natijasi bo‘yicha. Garri Keyn Bundesliganing dastlabki 11ta turida 17ta goldan xirmon yasadi. Taqqoslash uchun aytsak, Germaniya chempionati-2022/2023 bosh to‘purari Kristofer N'Kunku mavsum bo‘yi 16ta gol to‘plagandi. «RB Leypsig»ning sobiq hujumchisi buning uchun 25ta o‘yinda maydonga tushgan.
57 daqiqada 1ta gol. Garri Bundesliganing dastlabki 11ta turida jami 962 daqiqa harakatlanib, 17ta gol hosil qildi. Demak, Angliya milliy jamoasi yetakchisi bu oraliqda 1ta gol uchun o‘rtacha hisobda 57 daqiqa sarfladi. Chindan ham, fantastika, darhaqiqat, dahshat...
A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi