Kirish Ro'yxatdan o'tish
28/12 00:30 Brayton 0-0 Brentford
28/12 01:15 Arsenal 1-0 Ipsvich
28/12 19:00 Empoli 1-2 Jenoa
28/12 19:00 Parma 2-1 Monsa
28/12 22:00 Kalyari 0-3 Inter
29/12 00:45 Lasio 1-1 Atalanta
29/12 16:30 Udineze - Torino
29/12 19:00 Napoli - Venetsiya
29/12 19:30 Lester - Manchester Siti
29/12 20:00 Tottenhem - Vulverhempton
29/12 20:00 Kristal Pelas - Sautgempton
29/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
29/12 20:00 Fulhem - Bornmut
29/12 22:00 Yuventus - Fiorentina
29/12 22:15 Vest Xem - Liverpul
30/12 00:45 Milan - Roma
30/12 22:30 Komo - Lechche

Arsen Venger: «Haqiqat o‘zgarmaydi: aniqlik va soddalik – muvaffaqiyat kaliti!»

Arsen Venger: «Haqiqat o‘zgarmaydi: aniqlik va soddalik – muvaffaqiyat kaliti!»

Baho:
+ | -

Mag‘lubiyatsiz ketma-ket 49ta o‘yin - Arsen Venger «Arsenal» bosh murabbiyi sifatida shu tarzda futbol tarixiga kirgandi. 11freunde.de sayti yaqinda fransiyalik futbol professorining katta intervyusini taqdim etdi. Unda Venger janoblari jumladan, «Old Trafford»da nega pissa uloqtirganini ham esladi. Eng asosiysi, qanday yo‘sinda yengilmas jamoa shakllantirish mumkinligiga alohida to‘xtaldi.

- «Arsenal» mavsum-2003/2004da qatorasiga naq 49ta o‘yinni mag‘lubiyatsiz o‘tkazgandi. Muhimi, jamoangiz mukammal uy­g‘un ko‘rinishga kirgandi. Avtobiografiyangizda jamoa shakllantirish va futbolchilar qobiliyatini baholashni bolaligingizda ota-onangizga tegishli La Croix d`Or bistrosida o‘rgana boshlaganingiz haqida yozgansiz. Nahotki, shunday?

- Bistro qishloq xo‘jaligi yumushlari bilan shug‘ullanuvchi oilalar vakillari uchun mo‘ljallangan kichik mehmonxonani eslatardi. U yerda otlar ham saqlanardi. Fermerlar daladan qaytib, aynan bizning bistromizda yig‘ilishardi. Oddiy aytganda, ular asosan futbol haqida gaplashish uchun kelishardi. Har payshanba kuni mahalliy klub tarkibi uzoq muhokama qilinar va hamma yakuniy xulosasini aytardi. Fermerlar bahs jarayonida ba’zan bir-birlariga tashlanishardi hatto. Men esa ularning har bir so‘zlarini «o‘g‘irlardim». Shu tariqa bu o‘yin hayotimda katta o‘zgarishlar yasashi mumkinligini tushungan bo‘lsam kerak ongsiz ravishda. Keyinchalik aniq to‘xtamga keldim: «Tamom, butun hayotimni ushbu o‘yin atrofida qurishim kerak».

- Kitobingizdan yana bir iqtibos keltiramiz: «Kattalarni tinglash menga kuch va xatosiz tuyg‘u berdi». Xo‘sh, uzoq kuzatuvlar murabbiylik faoliyatingiz uchun asos bo‘lganini ta’kidlash mumkinmi?

- Birinchidan, har doim murabbiylik yo‘liga kirishni qanchalik xohlayotganimni yaxshi bilardim. Faqat boshida ushbu kuchli ichki istak ildizini topishda qiynalganman. Vaholanki, bolaligimdayoq futbol naqadar keng tarqalayotganini teran anglagan va bu sohada muvaffaqiyat qozonish imkoni borligini sezganman. Lekin jonajon shahrimiz jamoasi alohida muvaffaqiyat bilan ajralib turmasdi. Ayni shu holat ham g‘alabaga nisbatan chanqog‘imni kuchaytirdi. Bu ishda diniy urf-odatlar asosida tarbiyalanganim ta’siri ham bor. Faoliyatim davomida din va futbolni birlashtirishga urinardim. Deylik, o‘yinlar vaqti ham diniy kitob o‘qishga vaqt ajratardim. Esimda, 10 yoshimda Yaratgandan shahrimiz jamoasiga o‘yinda yordam berishini so‘ragandim.

- Ehtimol, iltijolaringiz samarasi keyinroq ko‘ringandir. Misol uchun, «MYU» hujumchisi Ruud van Nistelroy jamoangizga qarshi o‘yinda penaltidan gol urolmaganida. Har holda, niderlandiyalik to‘p­-urar zarbasidan keyin darvoza to‘sini qutqarmaganida, «Arsenal» mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirolmasmidi...?

- Balki haqdirsiz... (kuladi) . Ammo ish jarayonida shunga amin bo‘ldimki, sportda faqat uzoq ibodat bilan ish bitmaydi. Aksincha, kuchli futbolchilarni to‘g‘ri shug‘ullantirish ko‘proq yordam beradi.

- Bolaligingizga qaytaylik: «Arsenal» o‘yinini tomosha qilish jarayonida qandaydir o‘zgacha biror tuyg‘u uyg‘onarmidi?

- Bistroda o‘tgan bolaligim menga ayniqsa, 3 jihatdan kuchli ta’sir qilgan. Birinchidan, futbolga nisbatan shu kungacha davom etayotgan qiziqish va muhabbatim o‘sha yerda nish urgandi. Ikkinchidan, 19 yoshga qadar biror murabbiydan saboq olmadim va hayotning o‘zi futbolda tengsiz «figura»ga aylanish qanchalik muhimligini o‘rgatdi. Uchinchidan, kichik mehmonxonamizda turli xarakter va dunyoqarashga ega shaxslar o‘rtasidagi munozaralar ta’siridami, o‘zimda beixtiyor liberal ruhni rivojlantirdim. Muhimi, shu asnoda futbolchilar uchun hamisha ochiq bo‘lishni o‘rgandim. Keyinchalik qanday holat yuzaga kelishidan qat’iy nazar, shunga to‘liq amal qilishga ham urindim.

- Xo‘sh, jamoadagi barcha mashhurlarni yagona tizimga bo‘ysundirishda qiynalmadingizmi, bunga qanday erishdingiz? Axir «Arsenal» tarkibida Tyerri Anri, Sol Kempbell kabi yuqori darajali futbolchilar o‘ynashardi...

- ... Yana Yens Lemann, Eshli Koul. Asosiysi, barcha yigitlar talabchan qahramon rolida edilar - teng darajada jonkuyar, shuning barobarida hayotda ancha kamtar.

- Aytishlaricha, futbolchilar yakuniy mashg‘ulotlaringizda jarohatlanishdan xavfsirashgan, chunki o‘ta yuqori intensivlikni talab qilgansiz. Qiziq, o‘zingiz ham xavf va qo‘rquv holatiga tusharmidingiz?

- Aslo, hech qachon! Zero, ixtiyorimda yaxshigina zaxiraga ega kuchli jamoa bor edi. Qolaversa, yigitlar mashg‘ulotlarda qanchalik keskin harakatlanishmasin, bir-birlariga hurmat bilan qarashardi. Xullas, futbolchilarning jarohatlanish xavfi bezovta qilmagan, chunki mashg‘ulotlar jarayoni hech qachon nazoratdan chiqib ketmagan. Har holda, mashg‘ulotdagi kuchli talab tufayli qaysidir shogirdimning safdan chiqqanini eslay olmayman. Bitta misol: o‘sha payt Fransiya televideniyesida ishlaydigan yaqin do‘stimni bir safar mashg‘ulotlarga taklif qilganman. U bazaga kirgani zahoti yigitlarning o‘zaro munosabatlari va mavjud xarizmani ko‘rib, shunchaki, hayratda qolgandi.

- Aytingchi, qaysi shogirdingiz 23 yoshdan keyin o‘zingiz kutgan darajadan ham yaxshiroq rivojlandi?

- Tyerri Anri. Uning o‘yini darhaqiqat, aqlga sig‘mas sur’atda o‘sdi. Tyerrini boshida markaziy hujumchi pozisiyasiga qo‘ydim, chunki «Monako»da shu nuqta egasi edi. Ammo Anri keyinchalik markaziy hujumchi sifatidagi instinktini yo‘qotdi va beixtiyor qanotga talpina boshladi. Men esa bunday his-tuyg‘ularini kuchaytirishni o‘yladim va dastlabki mashg‘ulotlarda faqat sprint vaqti, yugurish tezligi ustida ishladik. Chunki Tyerri maydonning qaysi nuqtasidan qachon zarba yo‘llash kerakligini tushunishi kerak edi.

- Mashg‘ulot o‘tash tartibingizga doir bir qator gap-so‘zlar bor. Aytishlaricha, hattoki, 11ga 0 shaklida ham o‘yin tashkil etgansiz. Bundan nima ma’no bor edi?

- To‘g‘ri. Bunday o‘yinlarda shunchaki, futbolchilarda o‘zaro tushunib harakatlanishni kuchaytirishni o‘ylaganman. Qisqasi, bir yoqlama o‘yin ma’nosi oddiy edi: raqib qarshiligisiz o‘tish va yugurishda uzviy aloqani unutmaslik...

- Yana bir gap: mashg‘ulotdan oldin avvalo, bo‘yningizga sekundomer taqishni odatga aylantirgan edingiz...

- Bunisi ham haqiqat. Futbol shunday rivojlandiki, murabbiylar shtabi tarkibi keskin kengaydi. Bugun bosh murabbiy har bir yo‘nalishdagi vazifalarni alohida mutaxassislarga topshirmoqda. O‘sha vaqt esa hammasi boshqacha edi: taktikaga ham, jismoniy holatga ham o‘zim javob berardim - faqat men va jamoa! Yigitlarni to‘liq kuzatishga ulgurmasdim, buning uchun bir guruh mashg‘ulotini to‘xtatib turishimga to‘g‘ri kelardi. Shuning uchun hamisha sekundomerga ehtiyoj sezganman. Hatto bugun ham faoliyatimdagi har bir o‘yinni o‘sha payt­dagi kabi aniq hisoblay olaman.

- «Arsenal»dagi birinchi mavsumingizda futbolchilar avtobusda qo‘shiq kuylashgan: «Bizga Mars batonchiklarini qaytaring». Bunga qanday munosabat bildirgandingiz?

- Birinchi o‘yinda hayron holda fizioterapevtga murojaat qilganim yodimda: «O‘zi nima bo‘lyapti? Nega hamma jim, hech kim bir og‘iz gapirmayapti?» U esa bundan dadillashdi: «Murabbiy, yigitlar och. Ularga shokolad batonchiklari kerak». Lekin vaqt o‘tishi bilan ularning shirinlikka muhabbatlarini o‘zgartirdim. Odam tanasi ham vijdonga ega. Tushunish kerak, zamonaviy futbolda g‘alaba qozonish yoki yutqazishni eng kichik detallar hal qiladi.

- «Arsenal»ning Germaniyadagi fan-klubi a’zosi haqli savolni o‘rtaga tashlagandi: «Venger diyeta muhimligini aytib, taqiqlar joriy etmoqda. Unda «Old Trafford» kiyinish xonasida nega pissa qoldiqlari ko‘rindi?» 

- Ha, sabr sinovi. Gap shundaki, «Old Trafford»da mezbonlar vakillari kiyinish xonamizga taom qo‘yishgandi, jumladan, pissa ham. Men esa uni uloqtirdim. O‘ylashimcha, kimdir shu tarzda sabrimni sinashni o‘ylagan...

- Asosiy savol: murabbiy qay yo‘sinda o‘z jamoasini yengilmas kuchga aylantirishi mumkin?

- Tushunarliki, buning uchun avvalo, kuchli ijrochilar kerak. Agar biror narsaga erishgan bo‘lsangiz, yanada ko‘prog‘ini o‘ylashingiz talab etiladi. Yana futbolchilarda intilish istagini uyg‘otish muhim. Shunday yo‘l tanlangki, shogirdlaringiz umumiy maqsad haqida aniq tasavvurga ega bo‘lishsin. Tan olish kerak, bugungi kunda barchasini nazoratda ushlash juda qiyin, chunki klublarda xodimlar ko‘p. Ya’ni butun tizim samaradorligini o‘lchash qiyin xodimlar bilan to‘lib-toshgan. Bu holat jamoa shakllantirishni nisbatan qiyinlashtiradi. Ammo har qanday holatda haqiqat o‘zgarmaydi: aniqlik va soddalik muvaffaqiyat kalitidir!

- Xo‘sh, bugungi futbolda ham qaysidir jamoa mag‘lubiyatsiz mavsum qayd etishi mumkinmi?

- Bunga «Liverpul» yaqin edi. Hozir esa Yurgen Klopp jamoa yarim himoyasini qayta qurmoqda - Tyago texnik sifatga intilmoqda, muhim rol bajargan Xenderson va Milner chetga chiqishdi. Umuman, ayni payt Yevropada mutlaq dominant jamoani ko‘rayotganim yo‘q. O‘tgan mavsum «Bavariya» yoqdi, albatta, «Barselona» uslubi ham. Lekin ayni holatda har qanday vaziyatda chiroyli o‘yinga tayanadigan jamoa ko‘zga tashlanmayapti. Savolingizga qaytsak, qaysidir jamoa qachondir butun mavsumni mag‘lubiyatsiz tugatar balki, lekin bunaqasini ancha kutishimizga to‘g‘ri kelsa kerak.

MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 11:00, 27.12.2023.
O'qildi: 1467 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.