Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Eden Azar: «Zidan tufayli «Real»ni yaxshi ko‘rardim...»

Eden Azar: «Zidan tufayli «Real»ni yaxshi ko‘rardim...»

Baho:
+ | -

Belgiyalik Eden Azar vaqtida dunyo futbolining eng iste’dodli yarim himoyachilaridan biri sifatida katta sahnaga ko‘tarilgan edi.

Biroq u hamma kutgan darajaga chiqolmadi, boz ustiga, faoliyatini ancha erta - 32 yoshidayoq tugatib qo‘ya qoldi. «Lill» bilan Fransiyada yorqin o‘yin ortidan chempionlik, «Chelsi»da fantastik 7 mavsum, Belgiya milliy jamoasi safida Rossiya mundiali bronza medali va «Real»da chinakam azob - bu Edenning futboldagi yo‘liga lo‘nda tavsif. 2022 yil yakuniga kelib, muxlislar hattoki, futbol olamida Azar ham borligini unutib qo‘yishdi. Uni faqat ortiqcha vazni va cheksiz jarohatlari haqidagi hazillar bilan esga olish odatga aylandi. Mana, Azarning o‘zi ham L`Equipe nashri (Fransiya)ga bergan intervyusida nihoyat, futbolga munosabati, ovqatlanish tartibiga rioya qilmagani, shuningdek, Ispaniyada nega talab darajasida o‘ynolmagani yuzasidan ochiq-oshkora gapirdi.

- Eden, sizni takabbur yigitdek tasavvur qilishadi...

- Afsus, bundan battariga ham munosibman... Mashg‘ulotga kelardim va hattoki, butsam bog‘ichini ham to‘g‘rilamasdim. Xullas, atrofimdagilarga shunchaki, maqtanchoq emasligimni ko‘rsatib qo‘yishni istardim: «Marhamat, menga to‘p beringlar va tomosha qilinglar». Ular to‘p uzatishgani hamono bir-ikki harakat bilan gol urardim. Keyin yigitlar qotib qolishardi: «Qoyil...!» Futbolda eng muhimi shu emasmi? Siz kuchlisiz, g‘alaba qozonasiz, bonuslarni ta’minlaysiz va hamma baxtiyor. Ha, maydonda e’tiborsiz bo‘lganim, hech narsani pisand qilmaganim bor gap, lekin uning tashqarisida hammaning hurmatini joyiga qo‘yardim. Deylik, kiyinish xonasida hech qachon janjal ko‘tarmaganman, har bir klubdoshim bilan kulishib gaplashganman. Lekin iqtidorni avaylash masalasida... Vaholanki, murabbiylar va jamoadoshlarim menga ko‘p marta tanbeh berishgan: «Eden, ehtiyot bo‘l, axir hali yoshsan...». Biroq bunday gaplarni qulog‘im eshitmasdi...

- Futboldagi yurishingiz davomida aynan nimadan ko‘proq hayratlangansiz?

- Muxlislar va futbolchilar o‘rtasidagi aloqadan. Futbolda tuyg‘ular juda tez o‘zgaradi. G‘alabalar ortidan sov­rinlar yutasiz va hamma sizni yaxshi ko‘radi. Muxlislar yuziga qarab ham, ularning naqadar baxtli ekanliklari va sizni ardoqlashlarini ko‘rasiz. Keyin hammasi birdan o‘zgarib qoladi. To‘g‘ri, hozirgacha Marsel va Parij ko‘chalarida odamlar menga luqma tashlashadi: «Eden, o‘sha «Lill» sen bilan ideal ko‘rinish olgandi!» Hatto Londonda «Arsenal» muxlislaridan xuddi shunday maqtov eshitishim mumkin: «Azar, ochig‘i, o‘yinlaringni tomosha qilish chinakam rohat edi...». Ha, odamlar futbolni juda yaxshi ko‘radilar, ammo nazarlaridan qolmaslik uchun mudom yaxshi o‘ynashingiz talab etiladi.

- Qiziq, o‘zingizga qaysi fintingiz ko‘proq zavq bag‘ishlardi?

- To‘pni raqib oyoqlari orasidan o‘tkazish. O‘yinim mutlaqo qovushmasligi mumkin edi, lekin agar to‘pni bir marta raqibim oyoqlari orasidan o‘tkazsam, shuning o‘zi kifoya qilardi. Hatto 0:3 hisobida yutqazayotganimizda ham, shu tryukni bajarishga urinaverardim, chunki men uchun boshqasi ahamiyatsiz edi. Lekin o‘z o‘rnida ta’kidlashim joizki, hech qachon bu fint bilan kimnidir kamsitishni o‘ylagan emasman. Shunchaki, o‘zimga zavq ulashish uchun harakat qilardim. Mana, hozir farzandlarimga mag‘rur yuzlanaman: «YouTube tarmog‘ida otangiz qanday fintlar ishlatganini bir ko‘ring». Umuman, menda tortishish markazi kuchliroq bo‘lgan va shuning uchun hech kim to‘pni oyog‘imdan olib qololmasdi.

- Futbol hayotida biror marta «yomon bolalar» bilan to‘qnash kelganmisiz?

- Ehtimol, APLda to‘qnashgandirman, lekin ular qo‘pol harakatlanishsa ham, o‘yinga hurmat bilan qarashardi. Ispaniyada ham futbolchilar ancha agressiv, yana qo‘pollikka moyilroq. Ular o‘zlarini ustingizga tashlagan holatda ham, jilmayib qo‘yishadi: «Uzr, atayin yiqilmadim».

- Futbolcha stress nima? Bu holat sizga tanishmi?

- O‘yinoldi hayajonga bog‘liq stressning zarari yo‘q. Ruhiy stress esa - azob. Bunga ko‘p marta duch kelganman, xususan, faoliyatimning oxirgi qismida, ya’ni maydonda kam ko‘rinish bera boshlaganimda. O‘sha vaqt kuchli stress ostida yurardim. Chunki mudom ko‘proq o‘ynash va o‘zimni ko‘rsatish haqida o‘ylardim. To‘g‘ri, o‘sha holat stressmidi yoki boshqa narsa - buni bilmayman.

- Futbol siz uchun ishmidi yoki ermak?

- Futbolga hamisha oddiy o‘yin­dek qaraganman. Albatta, o‘yinni oxiriga yetkazib qo‘yishga harakat qildim. Futbol men uchun o‘yin maqomini yo‘qotganidan keyin esa, darhol to‘xtashni lozim topdim. Vaholanki, futbol bu men uchun professional ish va tirikchilik manbai ekanligini yaxshi bilardim, faqat bu haqda bosh qodirishni xohlamaganman, shunchaki. Demak, futbolga xobbi va ermak sifatida yondashganim rost. Aynan shuning uchun faoliyatimni ertaroq tugatdim.

- Ovqatlanish tartibi va parhez haqida nima deysiz?

- Bunga aslo beparvo qarardim, lekin har kuni «Makdonalds»ga kirishim haqidagi gaplar ham asossiz. Shuning barobarida tan olaman, parhezni muhim jihat o‘rnida ko‘rmaganman. Tushuning, men ham oddiy insonman va do‘stlarim davrasida ov­qatlanish, yeb-ichishni xush ko‘raman. Yashirmayman, ba’zan o‘yin arafasida uyda ovqatlanib, 1 shisha sharob ichgancha dam olardim. Chunki diyetaga bema’ni taqiq sifatida yondashganman.

- «Real» bilan shartnoma tuzasan va mavsum boshida 5 kg. ortiqcha vazn bilan kelasan. Bu katta xatomi?

- «Chelsi»da faoliyatim davomidagi eng zo‘r mavsumlardan birini yakunlagach, o‘zimga pichirladim: «Bo‘ldi, endi «Real» ixtiyoriga boraman, Demak, bu men uchun oxirgi ta’tildir ehtimol...» Shu xayol bilan tartibni buzdim, keyin har yozda bo‘lgani kabi energiyamni qayta ishga tushirdim. Angliyada 7 yil o‘zimni hamma narsaga bag‘ishladim, hatto «Rojdestvo»da tanaffussiz. Shuning uchun 3-4 haftalik ta’tilga chiqqach, meni kimdir bezovta qilishini istamadim. Barbekyu, ichimlik va hokazo... «Real»ga borganimda esa hammasi keskin yomonlashdi va shu bilan tugadi.

- Sizga eng katta erkinlik bergan murabbiyni ayta olasizmi?

- Muayyan murabbiyni tilga olishim qiyin, chunki ko‘pchilik ancha-muncha erkinlikka ruxsat bergandi. Lekin bu yaxshi o‘ynashim uchun bonus edi. Tartib masalasida meni chinakamiga bezovta qilgan yagona murabbiy - bu Konte. U jahon futbolidagi eng kuchli mutaxassislardan biri, shubhasiz. Eng yaxshi mavsumni aynan Konte qo‘l ostida o‘tkazgandirman, ammo uning mashg‘ulotlariga aslo ko‘nikolmaganim ham bor gap. Mourinyoga kelsak, ayniqsa, hamkorligimizning 3-yili uncha yaxshi kechmadi, shunga qaramay, uni yaxshi ko‘rardim.

- Sof iste’dod nuqtai nazaridan qaysidir futbolchini o‘zingizdan ustun qo‘yganmisiz?

- Individual ravishda olsak, ehtimol, faqat Messini o‘zimdan yaxshi bilgandirman. Axir u tarixdagi eng buyuk futbolchi. Hozirgacha Leodan to‘pni olib qo‘yish shunchaki, amri-mahol. Krishtianu ham buyukroq, albatta. Lekin sof iste’dod nuqtai nazaridan qarasak, u mendan yaxshi emas, ochig‘i. Neymar? Ehtimol u ham yaxshiroqdir. Tushunarliki, «Re­al»da eng kuchli yigitlar jamlanishgan. Xususan, martaba nuqtai nazaridan Benzema va Modrich alohida ajralib turishardi. 

- Qaysi vaqtda o‘zingizni eng kuchli futbolchi sifatida his qilgansiz?

- Menimcha, Mourinyo qo‘l ostida chempionlikka erishgan mavsum (2014/2015) eng yuqori cho‘qqiga chiqqandim. Yana Konte (2016/2017) va Sarri (2018/2019) boshqaruvida ham ruhiyatim juda baland edi. Afsuski, eng yaxshi sport formada bo‘lganimda, Chempionlar Ligasida g‘olib chiqolmadim. «Chelsi»ni xuddi Drogba kabi uzoqqa olib borolmaganimdan afsuslanaman. Boz ustiga, ketishim bilan jamoa CHL taxtiga ko‘tarildi. Demak, Belgiya termasi Yevro-2024da chempion bo‘ladi! Shunday yozib qo‘ying. Axir jamoadan ketdim-ku...

- «Real»ga o‘tish xatomidi?

- Hozir shunday xulosa chiqarish oson, lekin bolaligimdan Zidan o‘yinlari shaydosi bo‘lganman. Aynan u tufayli «Real»ni yaxshi ko‘rardim. «Bernabeu», oppoq futbolka - bundan yuz o‘girolmasdim, baribir. Afsuski, amalda bu klubga mos kelmadim. Lekin «Real»da o‘ynash chin orzum edi. Shunday ekan, Madridga bormasdan faoliya­timni tugatolmasdim, baribir...

Eden Azar 7 yanvar kuni 33 yoshga to‘ldi. Belgiyalik yorqin driblingchi hamisha futboldan rohatlanishni to‘xtatishi bilan butsalarini mixga ilishini ta’kidlab kelardi: «Yo‘q, pul uchun o‘ynay olmayman. Agar o‘yin zavq bermasa, darhol to‘xtataman»! U xuddi shunday qildi. Yigit so‘zidan qaytmaydi!

MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 14:43, 27.02.2024.
O'qildi: 1170 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.