Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Antonio Konte: «CHL g‘alabasi quvonchini avvalo, otamga bermoqchiman...»

Antonio Konte: «CHL g‘alabasi quvonchini avvalo, otamga bermoqchiman...»

Baho:
+ | -

Deyarli 1 yildan buyon ishsiz yurgan Antonio Konte Turindagi uyida The Telegraph nashriga katta intervyu berdi.

 Unda 2023 yilning mart oyida «Tottenxem» bilan xayrlashgan Padrino (italiyalik mutaxassisning laqabi) ko‘pchilikni qiziqtiradigan mavzular yuzasidan so‘zladi. Marhamat, quyida Konte bilan suhbatning eng muhim jihatlariga e’tibor qaratishingiz mumkin.

- Janob Konte, ko‘ryapmizki, uyingizda Subbuteo (stol futbolining bir turi) bor, lekin to‘p qani?

- Uni mushuk tufayli yashirib qo‘yishimga to‘g‘ri keldi. Aks holda, to‘pdan butunlay ayrilishim aniq, mushuk qayergadir tashlab keladi. Bu xonaga quyosh nuri tushishi bilan mushuk yugurib keladi va maydonchaga bostirib kiradi. Ke­yin hammasini qaytadan tartibga solish talab etiladi. Aytishim kerak, mushugim - kuchli yarim himoyachi! Jiddiy gapiradigan bo‘lsam, Subbuteo o‘yini orqali ayrim taktik vaziyatlarni tahlil qilish imkoni bor. Buni o‘zim boshqargan har bir klubga olib borganman, xususan, futbolchilarga o‘yin vaziyatlarini yengilroq tushuntirish uchun. Uyda esa ushbu matoh hamisha men bilan birga. Qisqasi, Subbuteo - murabbiylik intellektini charxlash vositasi.

- Siz yo‘lga qo‘ygan 3 nafar himoyachi taktikasi ayni payt ancha ommalashib qoldi. Bunday chizmani himoyaviy futbol sifatida baholash mumkinmi?

- Ha, ko‘pchilik 3 nafar markaziy himoyachi bilan o‘ynashni himoyaviy futboldek ko‘radi, aslida esa bunday qarash to‘g‘ri emas. Fikrimga men bosh­qargan jamoalarning har mavsum nechtadan gol urgani asosdir. Binobarin, o‘yin formulasi himoyachilar soni emas, balki jamoa dinamikasi, jumladan, hujum harakatlarini qanday qurishingizga bog‘liq. To‘g‘ri, bu chizmada haddan tashqari hujumkor bo‘lish yaramaydi, shuning barobarida chuqur himoyalanish ham shart emas. Murabbiylar o‘z ixtiyorlaridagi futbolchilarning fazilatlarini qadrlashlari va ularga moslashishlari muhim. O‘z tajribam shuni ko‘rsatdiki, agar chempion bo‘lish yoki sovrin yutishni istasangiz, avvalo, barqarorlikni ta’minlashga urinishingiz kerak. Mana, o‘tgan mavsum himoya va hujum bobida ideal muvozanatni qaror toptirgan «Manchester Siti» eng yaxshi namuna bo‘ldi.

- Xonangizda sovrinlar burchagi ancha boy. Aytingchi, bularga nazar tashlaganingizda, oldingizga qandaydir yangi marralar qo‘yasizmi yoki...?

- Tushuning, shuncha sovrin katta, juda ulkan mas’uliyat demakdir. Chunki sovrinlar to‘plami sizga mudom «pichirlab» turadi: «Eshit, hali yana va yana g‘alaba qozonishing kerak». Shunda ichki chorlovni shunchaki, qabul qilishdan o‘zga chorangiz qolmaydi.

- Xo‘sh, futbolda asosiy tanlovingiz qanday: chiroyli o‘yinmi yoki natija?

- Agar chempionlikni, sov­rinlarni ko‘zlasangiz, unda ishingiz shunchaki, ko‘ngil ochadigan jamoaning o‘zi bilan bitmaydi. Bu gapni hamisha g‘alabaga intilgan top-jamoalarni shug‘ullantirgan murabbiy sifatida aytyapman. Oddiy ifoda etsak, ba’zan natija yo‘lida futbol chiroyini qurbon qilasiz beixtiyor. Menga o‘tmish voqealarini eslash yoqadi, lekin shuning barobarida tushunamanki, kuchli murabbiyga har doim katta umid bilan qarashadi va agar natijani ta’minlay olmasangiz, tuzgan o‘yiningiz dinamikasidan qat’iy nazar, ishingiz muvaffaqiyatsizlik sifatida baholanadi. Har holda, katta klublarda shunday. Xo‘sh, qaysi variant ma’qul? Albatta, chiroyli futbol va natijani uyg‘unlashtira olsangiz, nur ustiga a’lo nur! Lekin fakt shuki, bayram uchun g‘alaba kerak. Aks holda, muvaffaqiyatsizligingiz ortidan boshqalar bayram qilishadi.

- Xosep Gvardiola jamoa­-lari bilan raqobatda faqat 3 nafar murabbiy chempionlikka erishgan: Joze Mourinyo («Real» bilan), Yurgen Klopp («Liverpul» bilan) va siz («Chelsi» bilan). Bu borada nima deysiz?

- Oson emas. Gvardiola - dunyo futbolidagi eng kuchli murabbiy. Qolaversa, u har mavsum istalgan transferni amalga oshirishga qodir klubda ishlamoqda. Tabiiyki, bunday murabbiy va katta sarmoya bilan ta’minlangan raqibga yuqori darajada raqobat taqdim etish juda qiyin. Deylik, «Manchester Siti» har doim dunyo bo‘yicha eng yuqori pog‘onada qolishni istaydi. Men esa ko‘pincha murakkabroq vaziyatga tushgan klublarga borganman. Boshqacha aytganda, hamisha yangi jamoa shakllantirishimga to‘g‘ri kelgan. «Chelsi»dagi ilk mavsumda chempionlikni qo‘lga kiritganimizdan keyin Angliya­da ustunlikni saqlab qolishimiz hech gap emasdi. Deylik, Lukaku va van Deyk bilan gaplashgandim, ular bilan vaziyatni o‘zgartirish imkoni bor edi, ammo...

- «Tottenxem»ni CHLga olib chiqqaningizda, katta bayram  bo‘lgandi...

- Ochig‘i, men uchun 4-o‘rinni o‘zgacha nishonlash juda g‘alati aslida. Lekin CHL yo‘llanmasi salmog‘i katta, baribir. Esimda, «Norvich»ga qarshi so‘nggi tur o‘yini yakunida klub xodimlariga CHL yo‘llanmasi uchungina bayram uyushtirish ortiqcha ekanligi, klub bunga o‘rganib qolishi mumkinligi haqida gapirgandim. Yana juda aniq va jiddiy ohangda. Ikkinchi tomondan, o‘sha mavsum maksimal darajada ishlaganmiz. O‘zi barcha muammolarga qaramay, 9-o‘rindan kuchli to‘rtlikka ko‘tarilganimiz mo‘’jiza edi. Lekin shaxsan o‘zim buni mo‘’jiza o‘rnida ko‘rmadim, chunki tabiatan g‘alaba qozonishga odatlanganman.

- «Tottenxem»dagi ikkinchi mavsumda og‘ir judoliklarga yuz tutdingiz. Ya’ni 4 oy ichida do‘stlaringiz Jan Pyetro Ventrone («Tottenxem»ning jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiyi), Janluka Vialli va Sinisha Mixaylovichdan ayrildingiz...

- Ha, hayotimdagi eng og‘ir 4 oylik... Deylik, Vialli bilan juda qalin  edim, o‘limidan atigi 3 hafta oldin oilaviy tarzda kechki ovqatga borgandik - o‘sha lahzalarni abadiy qalbimda saqlayman. Jan Pyero esa atigi 6 kun xastalanib yotdi, bunga chidash qiyin. Sinishaning o‘limi ham juda og‘riqli bo‘ldi. Jan Pyero vafotidan keyin «Tottenxem» futbolchilari ham qattiq ezilishdi, axir kechagina yoningizda turgan odam birdaniga ketib qolsa... Ha, ayriliqni birga yengib o‘tishga harakat qildik, ammo murabbiyning o‘limi futbolchilarga ham qattiq ta’sir qilgani yaqqol bilindi.

- Qiziq, 1 yildan buyon nimalar bilan mashg‘ulsiz?

- Ortda qolgan vaqtni o‘zim va oilamga bag‘ishladim, ota-onamni tez-tez ziyorat qildim. Aslida otam meni darhol ishga qaytishga undadi, lekin ham jismonan, ham ruhan tiklanib olishim muhim edi. Endi esa menda bitta muammo bor - hozir mislsiz ishtiyoq va katta kuchga egaman.

- Tabiiy savol: Antonio Konte endi nimaga intiladi?

- CHLda g‘alaba qozonishni xohlayman. Bu juda qiyinligini tushunaman, garchi ayrimlar nazdida hammasi osondek tuyulsada. Avvalo, o‘z ambisiyalaringizga mos keladigan va CHLda g‘alaba qozonish sari qadam tashlashga tayyor klubga borish kerak. CHLdagi g‘alaba quvonchini esa avvalo, otam bilan baham ko‘rmoqchiman. Zero, u hamisha takrorlaydi: «O‘g‘lim, seni CHL g‘olibi sifatida ko‘rishni xohlayman». Qaytaraman, bu oson emas, lekin har kim muayyan orzular sari intilaveradi.

- Ba’zan natija yo‘lida futbol chiroyini qurbon qilasiz beixtiyor. Menga o‘tmish voqealarini eslash yoqadi, lekin shuning barobarida tushunamanki, kuchli murabbiyga har doim katta umid bilan qarashadi va agar natijani ta’minlay olmasangiz, tuzgan o‘yiningiz dinamikasidan qat’iy nazar, ishingiz muvaffaqiyatsizlik sifatida baholanadi. Har holda, katta klublarda shunday. Xo‘sh, qaysi variant ma’qul? Albatta, chiroyli futbol va natijani uyg‘unlashtira olsangiz, nur ustiga a’lo nur! Lekin fakt shuki, bayram uchun g‘alaba kerak. Aks holda, muvaffaqiyatsizligingiz ortidan boshqalar bayram qilishadi.

M.PO‘LATOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:48, 04.03.2024.
O'qildi: 1229 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.