Kirish Ro'yxatdan o'tish

Alisher Nikimbayev: «Osiyoda Rossiya termasini kutayotganlar bor, chunki...»

Alisher Nikimbayev: «Osiyoda Rossiya termasini kutayotganlar bor, chunki...»

Baho:
+ | -
Bo'lim: O'ZBEK FUTBOLI
Rukn: Intervyular

Qatar bir yildan ko‘proq vaqt ichida 2ta oliy darajali futbol turniriga mezbonlik qildi.

2022 yilning dekabr oyida jahon chempionatiga o‘z bag‘rini ochgan mitti mamlakat yaqinda Osiyo kubogi-2023ni ham o‘tkazdi. Hamyurtimiz Alisher Nikimbayev har ikki nufuzli turnirni tashkillashda bevosita ishtirok etdi. Uzoq muddat O‘FF (hozirgi O‘FA)da ishlagan, keyin OFK tizimiga o‘tgan tajribali mutaxassis 7 yildan buyon Qatarda istiqomat qilmoqda. U JCH-2022da ham, OK-2023da ham menejer sifatida har ikki turnir o‘yinlarini qabul qilgan 8ta stadionda tashkilotchilik uchun mas’ul bo‘ldi. Alisher Nikimbayev yaqinda qit’a chempionati yakuni bo‘yicha Rossiya matbuotiga bergan intervyusida bir qator qiziqarli mavzularga to‘xtaldi:

* Eldor Shomurodov jarohati Abbos Fayzullayevning O‘zbekiston terma jamoasida yetakchisi bo‘lishiga nechog‘li ta’sir qildi?

* Qatar nimaning hisobiga OK-2023da muxlislar tashrifi yuqori bo‘lishini ta’minladi?

* JCH va OK tashkilotchiligida qanday farq bor?

* Rossiya termasi Osiyo kubogida o‘ynaganida, qaysi bosqichga chiqishi mumkin edi?

* Qatar termasi 2024 yili nima uchun Rossiya milliy jamoasi bilan o‘ynamaydi?

«Fayzullayevda ta’limi yaxshi, bu Yevropaga  moslashishida qo‘l keladi»

- Osiyo kubogi chorak finali O‘zbekiston termasi uchun ijobiy natijami?

- Turnir startidan oldin tashkiliy qo‘mita vakillari bilan suhbatda O‘zbekiston termasidan kamida chorak finalga chiqishini kutayotganimni aytgandim. Guruhda Hindiston termasi bor edi, 4ta jamoa­dan 3tasi «pley-off»­ga chiqishi ehtimoli bor tizimni nazarda tutsak, kvartetdan o‘tmaslik mumkin emasdi, hisob. Qolaversa, 1/8 finalda uchrashishi ehtimoli bor raqiblarni hisobga olsak, kuchli 8talikka qo‘shilishimiz imkonsiz emasdi. Jamoa borini yoqishi va ko‘prog‘ini ko‘rsatishi talab etilgan nuqtada esa, vazifa uddalanmadi. Xullas, O‘zbekiston termasining yakuniy natijasi qarama-qarshi tuyg‘ularni uyg‘otdi, ammo hech qanday falokat ro‘y bermadi. Agar jamoa 1/8 finalda Tailand termasiga yutqazganida, bu chinakam omadsizlik hisoblanardi. Agar guruhdan 3-o‘rin orqali chiqib, darhol Eron termasiga duch kelinganida va mag‘lubiyat qayd etilganida, bu ham muvaffaqiyatsizlik sifatida baholanardi ehtimol. Oddiy aytganda, O‘zbekiston termasi o‘z darajasida ishtirok etdi, lekin boshidan baland sakramadi. Ya’ni futbolchilar qandaydir g‘ayritabiiy o‘yin ko‘rsatishmadi.

- Jamoa qatorasiga 3-marta Osiyo kubogi chorak finalidan o‘tolmadi. Sizningcha, bu nima bilan bog‘liq?

- Bitta faktni hisobga olish kerakki, 2011 yili 4-o‘rinni egallaganimizda, saudiyaliklar butun turnirda omadsizlikka uchrashgandi. Shuning hisobiga, chorak finalda bizga S.Arabistoni termasi emas, Iordaniya milliy jamoasi tushdi. O‘shanda vaziyat taqozosi bilan 4-bo‘lgandik. Hozirgi kun uchun esa chorak final eng normal natija hisoblanadi.

- O‘zbekistonda muxlislar natijadan mamnunmilar yoki ko‘prog‘ini kutishgandi?

- Qaytaraman, bizda nimalar borligini nazarda tutsak, bu - normal natija. Har holda, yigitlar o‘z saviyalaridan past ishtirok etishmadi. To‘g‘ri, muxlislar orasida buni omadsizlik va falokat sifatida qabul qilayotganlar, murabbiyni o‘zgartirish kerakligini aytayotganlar ham bor. Lekin bunday fikrlarga qo‘shilmayman. Har holda, hozir murabbiyni is’tefoga chiqarishdan ma’no ko‘rmayapman.

- Tojikiston va O‘zbekiston termalari Osiyo kubogi finalida to‘qnash kelishi mumkin edi. Ikki mamlakatda voqealarning bunday rivojiga nechog‘li ishonishdi?

- Xohlagan jamoa finalga yo‘l olishi mumkin edi. Ha, ehtimol, fantastik hikoyalarni o‘qiganlar bunday finalni kutishgandir...

- Osiyo kubogini ko‘plab skautlar kuzatishdi. Fikringizcha, qaysi futbolchilar o‘zlarini ko‘rsatishdi?

- Skautlar terma jamoalarning yirik turnirlarini kuzatishlari to‘g‘risidagi ertaklarga ishonmayman. Skautlik ishini ma’lum darajada bilaman, iqtidorlarni ancha erta, yoshlar o‘rtasidagi JCH kabi musobaqalarda kuzatuv ostiga olishadi. Umuman, osiyoliklar, xususan, arablar Osiyo kubogini tomosha qilishadi va kimlargadir e’tibor qaratishlari mumkin. Ammo umumiy qaraganda, ular turnirda o‘ynaganlarning barchasini bilishadi. Ehtimol, kimlardir shunchaki, o‘z narxlarini oshirishar, ammo shaxsan men chinakamiga porlagan futbolchini ko‘rmadim. Bunday darajada kimningdir boshqa tomondan ochilishini kutish qiyin. Deylik, Odil Ahmedov 2011 yili Osiyo kubogidan oldin ham takliflarga ega edi. Chunki allaqachon tanilgandi va yakunda ko‘plab variantlardan o‘ziga munosibini tanladi. Ko‘plab futbolchilar musobaqa arafasida shartnoma tuzishga shoshilmaydilar, chunki keyinroq yaxshiroq shart-sharoit talab qilishlari mumkin bo‘ladi. Xullas, Osiyo kubogida yangi iqtidorlarni payqamadim. Yevropa chempionatini olsak ham, kimdir alohida chaqnashiga uncha ishonmayman. Skautlar JCH kabi turnirlarga har doim ham nazarga tushmaydigan kichik jamoalarni kuzatish uchun tashrif buyurishadi kimdir o‘zini ko‘rsatishi ehtimoli tufayli. Qisqasi, jiddiy klublar qaysidir futbolchi bilan shartnoma tuzishni o‘ylasa, katta turnirlarni kutmaydi, chunki bu holatda narxning oshib ketish xavfi bor.

- O‘zbekiston termasi yetakchilaridan biri - SSKA yarim himoyachisi Abbos Fayzullayev. Jamoa o‘yini unga qanchalik bog‘liq?

- Terma jamoa u va boshqa hujumkor yarim himoyachilarga bog‘liq bo‘lib qoldi, chunki Shomurodov yo‘q edi. Turnirga qadar jamoa ko‘proq Eldorga tayangan bo‘lsa, uning yo‘qligida Fayzullayev o‘zini keskin hujumkor futbolchi sifatida namoyon etdi. Lekin bu jamoa o‘yini endi Abbosga bog‘liqligini anglatmaydi. Eldor safga qaytsa, vaziyat yana o‘zgaradi. Shubhasiz, Fayzullayev salohiyati hali faqat rivojlanadi. Umidli, iqtidorli yigit. Uning layoqati va kreativ harakati kelajakda o‘z so‘zini aytadi. Keling, yana 1 yilcha kutamiz. Osiyo kubogida JCH ishtirokchilaridan faqat Avs­traliya termasi bilan o‘ynadik. O‘sha uchrashuvda har ikki jamoani durang natija qoniqtirardi va 1:1 hisobi qayd etildi. Xo‘sh, Fayzullayevga qaysi bahsdan kelib chiqib baho berishimiz kerak? Tailand va Hindiston termalariga qarshi o‘yinlarga qarabmi? O‘zbekiston termasi JCH-2026 saralashi uchinchi bosqichida o‘sha jiddiy raqiblar - J.Koreya, Eron yoki Yaponiya jamoalari bilan o‘ynaguncha kutamiz, keyin ularda nima qila olishini ko‘ramiz...

- Fayzullayev terma jamoa yetakchisi sifatida o‘zini munosib ko‘rsata oldimi?

- Tabiiyki, u ko‘zga tashlandi. Eldor bilan yuzaga kelgan vaziyat ham Abbosga ko‘proq imkoniyat taqdim etdi. O‘zi noyob holat yuzaga keldi. Fayzullayev bundan keyin o‘zini qanday ko‘rsatishini kuzatish qiziq. Iyun oyida JCH saralashi doirasida Eron termasiga qarshi safar o‘yini bor, ammo unga qadar guruhda hammasi hal etilsa kerak. Agar shunday bo‘lsa, Tehrondagi bahs hech narsani anglatmaydi.

- Abbos allaqachon xotirjam holda ingliz tilida intervyu bermoqda. Yevropadagi katta faoliyatga hozirlanyaptimi?

- Abbos SSKAga o‘tishidan bir yil oldin ham xorij tillarini yaxshi bilardi. Unda ta’lim darajasi yaxshi. Bu omil Yevropaga tezroq moslashishida qo‘l kelishi, shubhasiz. Asosiysi, Abbos aqlli yigit, bilimini mustaqil ravishda oshirib boradi. Bu masalada unga chindan ham, qoyil qolish kerak.

- O‘zbekistonda qanday fikrdalar: Abbos yevrofutbolga ko‘chish uchun tayyormi?

- Muxlislar Yevropaga bo‘ladigan har qanday transferdan quvonishadi, albatta. Nafaqat Abbos, balki boshqa futbolchi o‘tsa ham. Maksim Shaskix APL­ga yo‘l olish o‘rniga Kiyev «Dinamo»sida qolishni ma’qul ko‘rganida, bu futbolchining xatosi sifatida qabul qilingandi. Shomurodov Italiyaga ketganida, bunday yurish ko‘plab avlodning orzusi edi. Ammo muxlislar ob’ektiv qarolmaydilar, shuning uchun Abbosning tayyor yoki yo‘qligi haqida mutaxassislardan so‘rash kerak. To‘g‘risini aytsam, menda Fayzullayevning SSKAga o‘tishi borasida ham shubha bor edi.

- Nega?

- Uni RPL uchun juda yosh va jismonan tayyor emasdek ko‘rdim, hali biroz o‘sishi kerak, deb o‘yladim. Biroq Abbos umuman haq emasligimni isbotladi. Ya’ni juda tez kirishib ketdi, o‘z salohiyatini ko‘rsatdi, qoyil! Hozir qanday rivojlanayotganiga qarasak, yozda har narsa bo‘lishi mumkin. Lekin ko‘p narsa qaysi chempionatni tanlashiga ham bog‘liq, shunday ligaga borishi kerakki, tezda «sinib» qolmasin. Sen borib, zaxirada o‘tirishing mumkin, bunday o‘tishda mantiq qolmaydi.

- Yaqinda «Bavariya»ning qiziqayotgani haqida ma’lumot paydo bo‘ldi.

- Ha, ko‘rdim. Kimningdir mish-mishini izohlashni xohlamayman. Bir lahza tasavvur qilaylik, unga «Bava­riya»dek keng ko‘lamli klub qiziqmoqda, bu oddiy ish emas. Myunxenda futbolchini bir kishi ko‘rmaydi, kimnidir real kuzatuv ostiga olishsa, butun katta saralash chig‘irig‘i boshlanadi. Lekin agar Yevropaning yirik klubi taklif bilan chiqsa, unda qo‘r­qishga hojat yo‘q - ketish kerak.

- SSKA Fayzullayev ambisiyalari darajasiga mos keladimi? Klub uning uchun juda oddiy emasmi?

- Ehtimol, SSKAda yaxshi o‘ynab ketganida, chempionatni almashtirgani ta’siri bordir. Shunday davom etishiga tilakdoshman. Keling, kutamiz va mavsumning ikkinchi qismida qanday o‘ynashini ko‘ramiz.

Davomi gazetamizning keyingi sonlarida.

A.AHMEDOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:57, 06.03.2024.
O'qildi: 1623 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.