Xyoness familiyasi Germaniyadagi taniqli shariflardan biri, Sebastyan Xyoness esa murabbiy sifatida top-mutaxassislar davrasidagi yangi nom.
Biroq sanoqli oylar ichida uning dovrug‘i mamlakat sarhadlaridan chetga chiqishiga shubha yo‘q. Chunki navqiron murabbiy rahbarligida kamtarin «Shtutgart» Bundesligada sovrindor uchlikda bormoqda, ochkolar bo‘yicha «Bavariya» bilan tenglashib oldi va Yevropa futbol jamoatchiligi e’tiborini qozondi.
Samarali faoliyati tufayli Sebastyan o‘tgan oyda klub bilan yangi shartnomaga imzo chekdi, hanuzgacha bo‘sh qolayotgan «Bavariya»ning bosh murabbiyi lavozimiga nomzodlari qatoridan joy oldi. Xullas, u qachondir qadrdon shahri va 30 yil amakisi Uli Xyonnessdan saboq olgan klubiga qaytishi ham hech gapmas.
41 yoshli murabbiyning futbolchilik faoliyati amakisi Uli yoki keyinchalik uzoq vaqt «Gerta» va «Volfsburg»da turli lavozimlarda ishlagan otasi Diterning «Bavariya»dagi faoliyati kabi muvaffaqiyatli bo‘lmadi. Buning o‘rniga kichik Xyonness 27 yoshida yashil maydonni tark etdi va asosiy e’tiborini murabbiylik ilmiga jalb etdi.
Yangi sohadagi ilk qadamlarini Berlinning «Gerta Selendorf» klubida boshlagan Sebastyan keyin «RB Leypsig» yoshlar akademiyasida ishladi va shundan keyin «Bavariya» tizimiga yo‘l oldi.
Kenja Xyonnessning «Bavariya» zaxira jamoasidagi davri omadli bo‘ldi. Uning jamoasi Germaniya chempionatining 3-divizionida g‘oliblikni nishonlab, shu paytgacha biron-bir zaxira jamoa takrorlay olmagan natijani qayd etdi. Biroq qoidaga binoan, zaxira jamoalari 2-Bundesligaga ko‘tarila olmaydilar. Murabbiylik davrida Sebastyan birinchi navbatda yosh iqtidorlarni «Bavariya»ning asosiy tarkibiga tayyorlashga e’tibor qaratdi. Uning shogirdlari esa nisbatan tajribaliroq raqiblariga qarshi munosib to‘p surish bilan murabbiy ishonchini oqladilar.
«Muvozanat juda muhim. Axir biz futbol haqida gapiryapmiz. Emosiya uning bir qismi. Lekin uning yana bir qismi - kerakli paytda vaziyatga to‘g‘ri baho berish, his-tuyg‘ularga berilmasdan, to‘g‘ri qarorga kelish», - degandi Sebastyan o‘sha damlarda. Kenja Xyonness mashhur amakisi kabi «dahanaki jang»dan kechmaydigan, dilidagini tiliga chiqaradigan dangalchi emas. U o‘zini xotirjam tutgan holda o‘z ishlari va shogirdlarining qobiliyatini tahlil qiladi, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklardan forig‘ bo‘lish tadorikini ko‘radi. Lekin uning vazmin fe’l-atvorida yashirin alanga ham yo‘q emas. Nemis OAV Sebastyanni «O‘zgacha Xyonness» sifatida e’tirof etishadi.
Xyonnesslar oilasining barcha a’zolarida buyuklikka moyillik bor. Ular Bundesligada shunchaki, ishtirok etishni emas, uni boshqarishni istaydilar. Sebastyanning elitadagi murabbiylik debyuti uning uchinchi ligadagi ijobiy natijasidan ilhomlangan «Xoffenxaym»da bo‘ldi. Tomonlar uchun bu anchayin qaltis qadam bo‘lsada, yakunda murabbiy hozir ham unga shunday imkoniyatni bergan izzattalab jamoadan minnatdor ekanligini Sebastyan hozir ham takrorlashdan charchamaydi.
2022 yilda «Xoffen-xaym»ni tark etgan mutaxassis 10 oylik tanaffusdan keyin «Shtutgart»da yangi sahifani ochdi. Ochig‘i, u jadvalning quyi qismidagi jamoani qabul qilgan bo‘lsada, vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartira oldi. Boz ustiga, «Shtutgart» uch marta Bundesligada g‘olib chiqqan jamoa. Lekin hozir jamoaning avvalgi moliyaviy qudrati yo‘q, qaysidir ma’noda u nemislar «Brayton»iga aylanib qolgan. Bu qiyoslash bejiz emas.
Kenja Xyonnessning e’tiroficha, u «chaykalar» ustozi Roberto De Zerbining o‘yin falsafasi va taktik g‘oyalaridan ilhom oladi, kasbdoshi bilan uchrashgan paytlari ham bo‘lgan.
Darhaqiqat, «Shtutgart»ning himoya chizig‘idagi harakatlari, raqiblar xatosidan foydalanishga urinishlari bilan «Brayton»ning uslubida o‘xshashliklar ko‘p. Jamoa yuqori pressing yordamida raqibini jarima maydonchasiga qisib qo‘yishga intiladi, buning uchun yarim himoyachilar va markaziy himoyachilarni ham jalb etadi.
To‘g‘ri, Bundesligadagi boshqa jamoalar kabi «Shtutgart» ham himoyaviy uslubni qo‘llab, tezkor qarshi hujumlardan foydalanishi ham mumkin edi. Biroq bu uslubning salbiy jihatlari «Xaydenxaym»ga qarshi bellashuvda yaqqol namoyon bo‘lgan va 0:2 hisobida ortda qolayotgan raqibning 3:2 hisobidagi ajoyib kambeki isbotlagandi. Lekin Sebastyanning hujumkor futboli tufayli jamoa muvozanatni tiklab, mag‘lubiyatdan qutulib qoldi.
Xyonness bir yil avval «Shtutgart» boshqaruvini o‘z zimmasiga olgandi. Uning faoliyatiga ijobiy baho berish o‘rinli bo‘ladi. Ayniqsa, jamoaning hozirgi moliyaviy holatini inobatga olganda. «Shtutgart» yozgi transfer darchasida Kostantinos Mavropanos va Vataru Endoni qo‘yib yuborishga majbur bo‘ldi. Boshqa tomondan, Xyonness sport direktori Fabian Volgemut va klub boshqaruvi raisi Aleksandr Verle bilan hamkorlikda yangi o‘yinchilar, birinchi navbatda, hujumchi Deniz Undavani, shuningdek, chap qanot fulbeki Maksimilian Mittelshtadt va yarim himoyachi Anjelo Stillerni tarkibga jalb etdi.
Qizig‘i shundaki, Mittelshtadt ham xuddi jamoaning eng yaxshi to‘purari Siru Girassi kabi o‘z faoliyatining ayrim bosqichlarida omadsiz futbolchilar safida bo‘lgan. Berlinlik futbolchi jonajon shahrining «Gerta» jamoasidagi 9 yillik davrida o‘z salohiyatini to‘liq namoyish eta olmagandi. Shtutgartdagi 9 oylik ishtirokidan keyin Germaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Yulian Nagelsmanndan chorlov oldi va bo‘lajak Yevro-24 turnirida qatnashish huquqiga ega bo‘ldi. Girassi esa Bundesliga doirasidagi 23 uchrashuvda 25ta gol urdi. Hozir u APL grandlari nishonida.
«Shtutgart» bilan amaldagi shartnomasi muddatini 2027 yilgacha uzaytirayotgan pallada, keyin mavsum anchayin murakkab bo‘lishini Sebastyan avvaldan his etgan bo‘lsa, ajabmas. Sababi, uning zimmasiga yuklanadigan vazifalar ko‘paydi, shogirdlari esa transfer bozorida xaridorgir futbolchilar qatoridan joy olishdi. Shu nuqtai-nazardan olganda, Xyonness «Bayer» bosh murabbiyi Xabi Alonso bilan bir qayiqda ketayotgandek, go‘yo. Chunki aynan shu juftlik yangi mavsumda ishlari rejadagidek ketmasligidan xavotirlanib, manfaatli takliflarni rad etdi.
Biroq bu yuksak talablar Xyonness va uning izzattalab jamoasiga qanday ta’sir ko‘rsatishi hozircha, ma’lum emas. O‘zining intiluvchanligi bilan Sebastyan o‘z vazifasini bekami,ko‘st ado etishda davom etgan holda, klub mutasaddilaridan jamoaning raqobatbardoshligini saqlab qolish uchun uni va Volgemutni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni talab etishi aniq.
A.AHMEDOV tayyorladi