Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Tomas Kristiansen: «Panama termasi mundialga chiqishi shart!»

Tomas Kristiansen: «Panama termasi mundialga chiqishi shart!»

Baho:
+ | -

Panama milliy jamoasi yaqinda AQSH maydonlarida o‘tkazilgan Amerika kubogi-2024 turniri kashfiyotiga aylandi.

Har holda, «qizil to‘lqinlar» Urugvay, Boliviya va AQSH (mezbon) terma jamoalari joy olgan «C» kvartetida 2-o‘rinni egallab, «pley-off»ga sakrashdi. Darhaqiqat, panamaliklarning shunday murakkab guruhdan omon chiqishgani ko‘pchilikni hayratga solgani tayin. Lekin bu natija Panama termasining oxirgi yillardagi o‘yinlari va taraqqiyotini kuzatganlar uchun «syurpriz» bo‘lgani yo‘q. Binobarin, 2020 yili jamoa boshqaruvi ishtiyoqli murabbiy Tomas Kristiansenga ishonib topshirilganidan buyon Los Canaleros 2 marta KONKAKAF Millatlar Ligasi final raundida qatnashdi. Qolaversa, panamaliklar KONKAKAF «Oltin kubogi»-2023da ham chakki taassurot qoldirishmadi. Mana, kamtarin jamoa Amerika kubogida ham o‘z so‘zini baralla aytdi. Shu tariqa Panama milliy jamoasi JCH-2026 yo‘llanmasi uchun jiddiy da’vogarlar qatoriga kirdi. Daniyada tug‘ilgan ispaniyalik 51 yoshli mutaxassis (Tomas Kristiansen vaqtida «qizil furiya» safida ham o‘ynagan) esa butun Panamada sevimli «figura»lardan biriga aylandi. Nisbatan qisqa vaqtda katta siljishni ta’minlagan murabbiy FIFA rasmiy saytiga bergan intervyusida hali asosiy missiyasi oldinda ekanligini ta’kidladi: «Panama xalqiga katta quvonch keltirmagunimcha aslo tinchimayman. Bu quvonchni esa JCH-2026ga yo‘llanma olish ta’minlashi mumkin».

- Tomas, Panama milliy jamoasining Amerika kubogi-2024dagi ishtirokidan nechog‘li qoniqdingiz?  Yakuniy xulosangiz qanday?

- Umuman olganda, taassurotlar ham, xulosa ham ijobiy. Zero, katta turnir guruh bosqichidan o‘tganimiz milliy jamoa uchun tarixiy va unutilmas voqea hisoblanadi. Esimda, musobaqa final raundiga qur’a tashlanganida, ekspertlar bizda Boliviya, AQSH hamda Urugvay termalari bilan 1ta guruhda qandaydir natija ko‘rsatish uchun imkoniyat juda pastligini taxmin qilishgan edi. Muhimi, jamoamizda intilish va umid ham, ishtiyoq ham barq urayotgandi,  bu bizni gigantlar bilan qattiq kurashish, yaxshi natija yo‘lida borimizni berishga undadi.

- Demak, Amerika kubogida yaxshigina saboq-tajriba oldinglar. Qiziq, buni JCH-2026 saralashida qanday qo‘llash mumkin?

- Aslida ko‘plab muhim futbolchilarimiz jarohat yoki boshqa muammo ortidan AQSH turniriga borolmadilar. Bu holat tezkor ravishda tarkibni talabga javob bera oladigan boshqa ijrochilar bilan to‘ldirishimizni taqozo etdi. Asosiysi, yangilar tezda kirishib ketdilar va o‘yindan-o‘yinga yaqqol o‘sishga erishdilar. Mavjud vaziyat nafaqat natija keltirdi, balki asosiy tarkib uchun kuchli raqobatni shakllantirdi. Menimcha, JCH-2026 saralash dovonida ayni shu jihat rosa qo‘l kelsa kerak.

- Keyingi 12-18 oy Panama futboli uchun o‘ta muhim davr hisoblanadi. Xo‘sh, bo‘lajak o‘yinlarda jamoangizdan nima kutyapsiz?

- O‘ylaymanki, hali o‘yin bo‘yicha o‘sishda davom etamiz. Ishonchim komil, yigitlarimizda hozirgi saviyalarini yanada ko‘tarishga ishtiyoq kuchli. Jamoadan nima kut­yapman? Birinchi navbatda, yuksalish, qolaversa, natija. O‘ylaymanki, hozirgi jamoa bilan oldimizga qo‘yilgan vazifani uddalay olamiz. Mana, bo‘lajak JCH saralash dovoniga Gayana va Montserrat termalariga qarshi o‘yinlarda rasmiylashtirilgan g‘alabalar bilan kirishdik. Hozirgi bosqichni yaxshi yakunlash imkoniyati yetarli, oldinda bizni Beliz hamda Nikaragua jamoalari bilan bahslar kutib turibdi. Umuman, joriy raundni muvaffaqiyatli yakunlab, keyingi dovonga yaxshi kayfiyatda tayyorgarlik ko‘rishimizga ishonaman.

- Demak, sizningcha, jamoangiz navbatdagi mundial ishtirokchisiga aylanish uchun yaxshi holatda, shundaymi?

- Ha, fikrimcha, hozir jamoada katta muammo yo‘q, vaziyat zo‘r. O‘ylaymanki, ayni vaqt biz uchun jahon chempionatiga yo‘llanma olish - bu majburiyat. Avvalgi mundial saralashida AQSH, Meksika va Kanada termalari ham saviya, ham sharoit bobida bizdan oldinda ekanligini yaxshi bilardik. Bu safar esa KONKAKAFning 3ta giganti kvalifikasion jarayonda qatnashmaydi. Shunday ekan, Panama termasi favoritlar qatorida bo‘lishi shart. Mohiyat olganda, keyingi bos­qichga chiqishimiz aniqdek, ammo bugungi futbolda Ga­yana yoki Montserrat kabi orollar jamoalariga qarshi o‘yinlar ham oson kechmaydi. Zero, futbol tobora izchil rivojlanmoqda, eng «kichik» raqiblar ham sizga muammo tug‘dirishlari hech gap emas. Oddiy aytganda, zamonaviy futbolda mehnat, fidoyilik, xarakter g‘alaba qozonadi, yana vaziyatlardan foydalanish muhim. Binobarin, maydonda to‘liq hukmronlik qilgan holda, yagona gol tufayli yutqazib qo‘yish hech gap emas va bunday o‘yin jamoani yiqitib yuborishi mumkin. 

- Aytingcha, Panama termasi uchun jahon chempionatiga qaytish nimani anglatadi?

- Ta’riflash qiyin. Videoarxivlardan panamaliklar jahon chempionatida o‘tkazgan yorqin daqiqalarni ko‘rdim - Angliya termasi darvozasiga urilgan ilk gol, tetik harakat, bayram, baxt, odamlarning ko‘z yoshlari... Bunday his-tuyg‘ularni qayta boshdan kechirishni bir tasavvur qilib ko‘ring. Qisqasi, Panama termasining mundialga yana bir marta chiqishi butun mamlakat xalqi uchun mislsiz quvonch bag‘ishlashi muqarrar.

- Panama terma jamoasida ish boshlaganingizdan buyon futbolchilar nechog‘li o‘zgarishdi?

- O‘ylaymanki, yigitlar biz jamoada ko‘rishni xohlagan uslubga to‘liq moslashishdi. Ular ko‘rsatmalarga to‘liq amal qilib, g‘oyalarimizni tez o‘zlashtiryaptilar. Menimcha, panamaliklar shu ketishda hali sezilarli darajada o‘sishga erishadilar.

- Panama termasi hozirda Markaziy Amerikadagi eng kuchli jamoami?

- Yo‘q, Kosta-Rika milliy jamoasi kattaroq tarixga egaligini unutmaslik kerak. FIFA reytingiga qarasak, hozir KONKAKAFning 3-raqamli jamoasi bo‘lib turibmiz - bu katta yutuq. Lekin futbol nuqtai nazaridan hamma bilan tengmiz. Shunday ekan, qaysidir jamoadan kuchliroq ekanligimizni aytishimdan ma’no yo‘q.

- Mana, 4 yildan buyon Panama termasini boshqar­yapsiz. Bu mamlakat siz uchun nimani anglatadi?

- O‘ta baxtliman. Bu yerda hamma menga hurmat bilan qarashini his qilyapman. Yaxshi mutaxassislar bilan ishlayapman, rahbariyat ham g‘oyalarni amalga tatbiq etishda xalaqit bermaydi. Garchi Qatar mundialiga chiqolmagan bo‘lsakda, muxlislar muhabbati ko‘nglimizni ko‘tardi. O‘ylaymanki, panamaliklar terma jamoa evolyusiyasi, falsafa o‘zgargani, o‘yin modeli rivojlanganini yaqqol ko‘rdilar, bu esa umidni kuchaytirdi. Natijada shartnoma muddatini uzaytirdik.. Vaholanki, odatda JCH yo‘llanmasini ta’minlay olmagan murabbiyga ketish eshigini ko‘rsatib qo‘yishadi. Muhimi, Panamada hamma katta hajmda ish bajarganimizni teran tushundi. Murabbiyga esa eng muhimi shu - muxlislar, rahbarlar va federasiya xodimlari tomonidan kuchli ishonch. 

- Futbolchilar bilan o‘zaro munosabatingiz xususida nima deysiz?

- O‘rtamizda o‘zgacha mehr bor. Axir aksariyat yigitlar bilan 4 yildan buyon birgamiz. Ha, terma jamoa tarkibi muntazam o‘zgarib turadi - vaqt o‘tishi bilan ba’zi futbolchilar ketishadi, ularning o‘rniga yangilari kelishadi. Haqiqat shuki, biz har qanday holatda kichik oilaga aylanamiz, o‘zaro hurmat bor. Futbolchilar sadoqati juda yuqori. Bunday yondashuv Panama termasini yanada kuchli qiladi. Qisqasi, jamoani o‘zlaridan ustun qo‘yadigan futbolchilar yetarli va bu maqtovga loyiqdir.

MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:54, 15.08.2024.
O'qildi: 1631 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.