So‘nggi yillar davomida milliy sportimiz – kurash bo‘yicha o‘tkazib kelinayotgan turli miqyosdagi ichki va xalqaro musobaqalar butun dunyo bo‘ylab minglab muxlislarda katta qiziqish uyg‘otib kelmoqda. Xalqimizning azaliy qadriyatlaridan biri bo‘lgan ushbu sport turining keng miqyosda professional tan olinishini ta’minlash, uning tarixiy ahamiyatini oshirish hamda kuchli raqobat muhitini yaratish yo‘lida tashkil etilayotgan yirik turnirlar va unda qo‘lga kiritilayotgan salmoqli natijalar kurashni jahon sport maydonlarida ommalashtirishga xizmat qiladi.
Yaqinda Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Bator shahrida milliy va qadimiy sportimiz bo‘yicha yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida IX, faxriylar o‘rtasida III jahon chempionati bo‘lib o‘tdi va unda polvonlarimiz ushbu sport turida jahonda tengsiz ekanliklarini har tomonlama isbotladi. “Mongolian Wrestling Palace” arenasiga jam bo‘lgan o‘smirlar va yoshlar 20 xil, veteranlar esa 9 xil vazn toifasi bo‘yicha o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazishdi. Xalqaro kurash assosiasiyasi ushbu sport turi bo‘yicha musobaqalar oralig‘i hamda mavjud yuqori talabni hisobga olgan holda o‘smirlar va yoshlar bo‘yicha dasturlarda har bir vazn toifasiga ikkitadan ishtirokchi qatnashishiga ruxsat berdi. Faxriylar o‘rtasidagi bahslarda esa bu boradagi ishtirokchilar miqdoriga cheklov olib tashlandi.
Umuman olganda, kurash bo‘yicha xalqaro miqyosdagi musobaqalarning davomiyligi tiklandi, desak ham yangilishmaymiz. So‘nggi bor ushbu sport turida yoshlar va o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionati 2016 yil Hindistonning Kerala shahrida bo‘lib o‘tgan edi. Faxriylar o‘rtasidagi oxirgi yirik turnir esa roppa rosa 17 yil avval 2007 yili O‘zbekistonning Termiz shahrida o‘tkazilgan. Mo‘g‘uliston poytaxti mezbonligidagi ushbu musobaqa o‘z bag‘riga 30 dan ortiq davlatdan tashrif buyurgan 400 dan ziyod sportchini jamladi.
Ushbu mamlakat ikkinchi marta kurash bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qildi. Bundan roppa rosa 17 yil avval Ulan-Batorda ushbu sport turi bo‘yicha kattalar o‘rtasida oltinchi jahon chempionati o‘tkazilgan edi. Shuningdek, Mo‘g‘ulistondagi jahon chempionati uch xil toifadagi bahslarning ilk bora bir vaqtda va bir joyda bo‘lib o‘tgani bilan ham yodda qoldi. Bungacha faqat Termiz va Shahrisabz shaharlarida kattalar va yoshlar o‘rtasida Jahon chempionatlari va Prezident sovrini uchun xalqaro turnirlar birgalikda o‘tkazilgan edi. Odatda, kurash bo‘yicha jahon chempionatlari stadionlar yoki yirik sport komplekslarida o‘tkazib kelinadi. Biroq Mo‘g‘ulistondagi turnir maxsus sport saroyida bo‘lib o‘tdi. O‘ziga 3 ming tomoshabinni sig‘dira oladigan “Mongolian Wrestling Palace” o‘yingohi yakkakurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan. 1998 yili qurib bitkazilgan ushbu majmuada dzyudo, sambo, erkin va yunon rim kurashi bo‘yicha bir qancha qit’aviy chempionatlar va Gran Pri musobaqalari tashkil etilgan. Ushbu jahon chempionatlarining ramzi sifatida mo‘g‘ul qor qoploni tanlandi. Mo‘g‘uliston qor qoploni yo‘qolib ketayotgan noyob jonzotlardan biri sifatida xalqaro qizil kitobga kiritilgan. Bu jonzot mo‘g‘ul xalqida jasorat, jangovarlik va kuchlilik ramzi sifatida qadrlanadi.
Qishning qirovli kunlari bo‘lishiga qaramay muxlislarimiz qalbiga doimiy iliqlik ulashgan polvonlarimizning chiqishlarini dastlab yoshlar o‘rtasidagi dasturlar boshlab berdi. 20 ta vazn toifasi bo‘yicha yuzdan ziyod sportchilar ishtirokidagi bellashuvlarda vakillarimiz yaqqol ustunlik bilan ketma-ket g‘alabalarni qo‘lga kiritishdi. Jami 31 ta (13 ta oltin 13 ta kumush 5 ta bronza) medalni o‘ziniki qilgan kurash vatani polvonlari asosiy raqiblari bo‘lgan mo‘g‘ullarga haqiqiy master-klass o‘tab berdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Mezbonlar ushbu dasturda atigi 15 ta medal qo‘lga kiritgan bo‘lsa, turkiyalik kurashchilar bitta oltin bilan uyga qaytishdi.
O‘smirlar o‘tasidagi bellashuvlar ham hamyurtlarimizning o‘z raqiblariga nisbatan katta ustunligi bilan yakun topdi. Iste’dodli va umidli polvonlarimiz jami 30 ta medalga ega chiqqan bo‘lsa, shundan 12 tasi oltin, yana shunchasi kumush, oltitasi esa bronza medallaridan iborat.
Kurash bo‘yicha faxriylar o‘rtasidagi dasturlarda ham muxlislar eng yuqori darajadagi bellashuvlarning shohidi bo‘lishadi. Xalqaro kurash assosiasiyasi 17 yillik tanaffusdan so‘ng faxriylar o‘rtasidagi bahslarni qaytadan yo‘lga qo‘yib kelmoqda. To‘qqiz vazn toifasida 90 ga yaqin polvonlar ishtirok etgan veteranlar o‘rtasidagi III jahon chempionatida medallar jamg‘arish bo‘yicha bu safar mezbonlar peshqadamlikni qo‘lga kiritdi. Mo‘g‘ulistonliklar jami 16 ta medalga ega chiqdi. Dasturni ikkinchi o‘rinda yakunlagan o‘zbekistonlik kurashchilar o‘z hisobiga 4 ta oltin, 5 ta kumush va bitta bronza medalini qo‘shib qo‘yishdi.
Jahon chempionatining eng so‘nggi natijalariga ko‘ra, 30 ta oltin, 30 ta kumush va 12 ta bronza medaliga egalik qilgan O‘zbekiston terma jamoasi umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egalladi. Mo‘g‘uliston ikkinchi, Turkmaniston esa uchinchi pog‘onani band etdi.
Yusuf SAYDALIYEV tayyorladi.