Go‘zal manzara: 2024 yil iyun oyi, «Real» muxlislari baxtdan sarxush va tom ma’noda Vinisius Juniorni qo‘llarida ko‘tarib yurishibdi. «Real» endigina 15-marta Chempionlar ligasini qo‘lga kiritdi, Vinisius esa finalda «Borussiya»ga qarshi o‘yinda gollardan birini urdi. O‘sha paytda braziliyalik futbolchi «Oltin to‘p»ga asosiy da’vogar. Uning «Madrid»dagi kelajagi musaffo ko‘rinadi: oldinda «Bernabeu»ning mutlaq afsonasi maqomi — Alfredo Di Stefano yoki Krishtianu Ronaldu kabi bahssiz daraja.
Oradan bir yarim yil o‘tdi. Vinisius «Real» safida ketma-ket 17 ta o‘yinda gol ura olmadi — o‘tgan dam olish kunlari «Sevilya»ga qarshi (2:0) o‘yinni golsiz tark etdi. 83-daqiqada janubiy amerikalik vinger almashtirilayotganida «Bernabeu»ni muxlislarning hushtagi quloqni qomatga keltirdi. Vini esa muxlislarga instagram orqali javob qaytardi: avatarkasini madridchasidan braziliya bayrog‘iga almashtirdi va bitta ko‘p nuqtadan iborat post joyladi. Manzara aniq: manfaatdor tomonlar o‘rtasida ziddiyat bor. Muxlislar Juniorning so‘nggi bahslardagi o‘yinidan norozi, futbochlining o‘zi esa unga nisbatan munosabat nohaq va haddan ortiq qattiq deb hisoblamoqda.
Bularning barchasi Kilian Mbappening «Real»da asosiy superyulduz sifatida to‘liq shakllanishi fonida kechmoqda. Rasmiy bayonotlarda Xabi Alonso jamoasida «suyuklilar» ham, «daxlsizlar» ham yo‘q, deyiladi. Ammo amalda «Madrid»da bunday o‘yinchi bor — uning familiyasi Mbappe. Vinisiusni esa Chempionlar ligasining birinchi turida «Marsel»ga qarshi o‘yinda zaxirada qoldirish mumkin. Klasikoda ertaroq almashtirib, isterikaga ham olib kelish mumkin.
Rostdan ham, Vinisius shaxs sifatida juda qiziq yo‘lni bosib o‘tdi. U o‘z avlodining eng iqtidorli futbolchisi emasdi — Neymar kabi emas, lekin baribir eng yuqori cho‘qqiga chiqdi. Qisman Krishtianuga xos qaysar ego tufayli, qisman esa omad sabab. Ronaldu ketib, Mbappe kelgunicha «Bernabeu»da yulduzlar bo‘shlig‘i hosil bo‘ldi va kechagina ikkinchi plan aktyorlari oldingi safga chiqdi (Benzema va Vini — eng yorqin misollar). Karim mutlaqo haqli ravishda «Oltin to‘p»ni yutdi, Junior esa uni qo‘lida tasavvur qilib bo‘lgandi. Ammo mukofot kutilmaganda Rodriga berildi. Shunday ko‘rinadiki, aynan shu paytda braziliyalikning egosida yoriq paydo bo‘ldi — Mbappe transferi esa uni batamom sindirdi.
Hozir Vinisius murakkab chorrahada turibdi. U asabiylashib, «Bernabeu»dan yuz o‘girib, Saudiya Arabistoniga yo‘l olishi mumkin — u yerda unga Ronalducha shuhrat va 2034 yilgi JCHning asosiy ramzi bo‘lish taklif etilmoqda. Yo‘l-yo‘lakay Pirs Morgan podkastiga chiqib, barcha shikoyatlarini aytib olishi ham mumkin: yolg‘onchi jurnalistlar, «Mestalya»dagi irqchilar, dogmatik Alonso haqida. Bu yo‘lni tanlasa, Junior «Real»ning so‘nggi tarixidagi eng yorqin futbolchilardan biri bo‘lib qoladi va yillar davomida to‘plagan muxlislar yadrosini saqlab qoladi. Qanday bo‘lmasin, Chempionlar ligasi finallarida urilgan ikki golni undan hech kim tortib ololmaydi.
Ammo ikkinchi variant ham bor. Unda Vinisius Mbappening taxtga munosib ekanini tan oladi va Alonso tizimida «ikkinchi darajali» bo‘lishga rozi bo‘ladi. Golsiz seriyalar va tribunalar hushtagiga qaramasdan, avvalgidan ham ko‘proq mehnat qila boshlaydi. Zaxiraga olinsa — tinchgina, malomatsiz, ko‘zyoshsiz maydonni tark etadi. Qisqasi, Vini osmonlarda parvoz qilmay, og‘ir mehnat qiluvchiga aylanishi kerak. Futbol koordinatalari tizimida u Kilianga qaraganda Karvaxalga yaqinroq ekanini anglab, shuni qabul qilishi lozim. Ha, «Oltin to‘p»ni yutib, yulduzlar safiga kirish nasib etmadi. Lekin «Real»ning asosiy rotasiyasida bo‘lishning o‘zi ham — mutlaq ko‘pchilik futbolchilar uchun yetib bo‘lmas ulkan yutuq.
Bu aynan kichik Vini orzu qilgan manzara edi. Ammo bu yo‘lga kirishga unga injiq ego xalaqit qilyapti — bir yil oldin yoriq tushgan, yaqinda esa hammaning ko‘z o‘ngida parchalanib ketgan ego.
Siniqlarni «yopish»ga urinayotgan Junior tobora top-futbolchi sifatida o‘zini yo‘qotib, o‘z-o‘zini "ko‘mmoqda". «Agar Rodri Yevroni yutmaganida?» «Rostdan ham Mbappe mendan kuchliroqmi?..» kabi savollar uni ruhan parchalab yuborishi mumkin, shuning uchun ularni to‘xtatishi kerak. Shunda taqdir uni albatta mukofotlaydi — xuddi Ronaldu soyasida yillar davomida qolib, keyin to‘satdan birinchi skripkaga aylangan Benzema bilan bo‘lgani kabi. Bu biroz asabiy yo‘l, lekin haqiqiy chempion yo‘li faqat shunday bo‘ladi.
Hech narsa chiqmayotganda ham sabr qilish va oldinga yurish. O‘z imkoniyatlaringni realizasiya qilish, boshqalar statistikasi bilan bosh qotirmaslik. Shu yo‘lni tanlasa, Vinisius muxlislar bilan yarashadi va faoliyati oxirida hurmat bilan kuzatishlariga sazovor bo‘ladi.
Vinisius qaysini tanlaydi — madridcha asabbuzarlikni yoki arabcha xotirjam hayotni — buni yaqin orada bilib olamiz. Uning «Real» bilan shartnomasi 2027 yil iyunida tugaydi, Florentino Peres esa hozircha yangi bitim taklif qilishga oshiqmayapti. Sababi, braziliyalik o‘yinchi o‘zini Ronaldu darajasida — yiliga taxminan 30 million yevro maosh bilan baholayapti. Chorraha aynan shu yerdan boshlanadi: yo Vini qasd bilan «Krish»ni quvishni davom ettiradi, yoki yeng shimarib, jimgina mehnat qilishga o‘tadi.













