Birinchi ligada ishtirok etish istagini bildiruvchi jamoalar soni yildan yilga oshib bormoqda. Xususan, 2025 yilgi mavsumda Birinchi ligada 30 ta jamoa ishtirok etgan.
Liganing rasmiy saytida «Birinchi liga reglamenti» loyihasi joylashtirilgan bo‘lib, uning 8.2-bandida Birinchi ligada ishtirok etish istagida bo‘lgan jamoalar uchun belgilangan mezonlar keltirilgan. Talabgor jamoalar mazkur band bilan tanishib chiqishi va shu asosda Ligaga rasmiy murojaat yo‘llashi lozim. Liga esa kelib tushgan murojaatlarni o‘z Ustavi va reglamentlari asosida ko‘rib chiqib, ishtirokchi jamoalarni saralab oladi.
Birinchi ligada ishtirok etish istagini bildirgan, yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan yoki uning alohida tarkibiy bo‘linmasi sifatida tashkil etilgan futbol klubi quyidagi hujjatlarni [info@pfl.uz]elektron pochta manziliga yuborishi kerak:
- klub rahbar organi tomonidan imzolangan qatnashchilar safiga qabul qilish to‘g‘risidagi rasmiy ariza;
- futbol klubining ta’sis hujjatlari hamda uning faoliyatini tartibga soluvchi hujjatlar nusxasi;
- klub rahbar organi tayinlangani yoki saylangani to‘g‘risidagi hujjat nusxasi;
- musobaqa doirasidagi uy uchrashuvlarini o‘tkazish uchun mulk huquqi yoki ijara huquqi asosida foydalanilishi rejalashtirilgan stadion to‘g‘risida ma’lumot;
- klub rahbar organi va klubning kontakt ma’lumotlari (telefon raqamlari, rasmiy elektron pochta manzili);
- klub moliyalashtirilishi manbalari to‘g‘risida asoslantirilgan hujjat;
- mavjud bo‘lgan taqdirda, klub qoshida faoliyat yuritayotgan futbol maktabi haqida ma’lumot.
Barcha hujjatlar klubning rasmiy elektron pochta manzili orqali yuborilishi lozim. Agar ariza yoki unga ilova qilingan hujjatlarda kamchiliklar aniqlansa yoki qo‘shimcha savollar yuzaga kelsa, Liga mutaxassislari klub bilan bog‘lanadi. Klublar o‘zlarida savollar paydo bo‘lgan taqdirda [info@pfl.uz](mailto:info@pfl.uz) elektron pochta manziliga murojaat qilishi yoki 94 621 21 41 (Liga yuriskonsulti), 90 189 89 98 (Birinchi liga menejeri) raqamlari orqali bog‘lanishi mumkin.
Ishtirokchi jamoalarni saralash jarayoni reglament loyihasining 8.2-bandi asosida amalga oshiriladi. Talabgor tomonidan ariza topshirilishi uning Birinchi ligada ishtirok etishi kafolatlanishini anglatmaydi. Har qanday holatda ham klub Liga tomonidan qo‘yilgan talablarni o‘z vaqtida va to‘liq bajarishi shart.
Liga 31 yanvardan keyin kelib tushgan arizalarni ko‘rib chiqmaydi. Fevral oyining dastlabki o‘n kunligida kelib tushgan arizalar o‘rganilib, Birinchi ligada ishtirok etish ehtimoli mavjud bo‘lgan klublar saralab olinadi. Keyingi bosqichda ushbu klublar uchun belgilangan tartibda kirish va qatnashchilik badalini to‘lash muddati belgilanadi. Moliyaviy talablarni o‘z vaqtida bajargan klub Liga a’zoligiga qabul qilinadi.













