"Yuventus" klubi "Manchester Yunayted" va Urugvay terma jamoasining 24 yoshli tayanch yarim himoyachisi Manuel Ugartega qiziqish bildirmoqda. Bu haqda La Gazzetta dello Sport nashri xabar bermoqda.
Manbaning ma’lumotiga ko‘ra, Turin klubi sport direktori Marko Ottolini Ugarteni bevosita kuzatish uchun Urugvay terma jamoasining Jazoirga qarshi o‘rtoqlik uchrashuviga tashrif buyurdi.
Yarim himoyachi 2024 yil yozidan beri mankunianliklar sharafini himoya qilib kelmoqda. Joriy mavsumda Ugarte barcha musobaqalarda 23 ta o‘yinda maydonga tushdi, biroq samarali harakatlari bilan ajralib turmadi.
Futbolchining klub bilan amaldagi shartnomasi 2029 yil yoziga qadar mo‘ljallangan. Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, uning bozor qiymati 30 million yevroni tashkil etadi.













