«Atletiko» va «Manchester Yunayted» klublari sobiq hujumchisi Diyego Forlan Angliya va Ispaniya chempionatlarining o‘ziga xos jihatlari haqida gapirib berdi.
«Farq juda aniq — Premyer-liga mutlaqo boshqa darajada. Men ikkala ligada ham o‘ynaganman, shuning uchun nima haqida gapirayotganimni bilaman. La Ligada bitta himoyachini aldab o‘tsangiz, keyingisi orqaga chekinadi, sizga bo‘sh joy beradi va o‘ynashingizga qo‘yib beradi. U yerda o‘ylashga va mahoratingizni ko‘rsatishga vaqt bor.
Premyer-ligada esa vaqt yo‘q. Bir himoyachini aldab o‘tdingizmi, ikkinchisi allaqachon sizni ta’qib qilayotgan bo‘ladi. Har soniyada doimiy bosim, shiddat va jismoniy kurash. Aynan shu sababli ba’zi futbolchilarga La Ligani tark etish qiyin kechadi.
Misol uchun, Anxel Di Mariyani olsak — Ispaniyada u jahon darajasidagi yulduz edi, ammo «Manchester Yunayted»da ishlari yurishmadi. Bu borada bahslashish mumkin, lekin toki Premyer-ligada o‘ynab ko‘rmas ekansiz, to‘laqonli futbolchi bo‘lish nima ekanligini oxirigacha tushunmaysiz», — dedi Forlan.













