«Manchester Siti» 1973 yildan beri ilk bor Angliya Kubogi doirasida «Liverpul»ni mag‘lub etdi. «Shaharliklar» ushbu turnirda 1988, 2001, 2003 va 2022 yillarda «qizillar»ga imkoniyatni boy berishgan edi.
Shanba kuni, 4 aprel kuni Angliya Kubogi 1/4 finalidan o‘rin olgan «Manchester Siti» va «Liverpul» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bahs Manchesterdagi «Etixad» stadionida o‘tkazildi. Bosh hakam sifatida Maykl Oliver (Ashington, Angliya) ishladi. O‘yin maydon egalarining 4:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Musobaqaning avvalgi bosqichida «Manchester Siti» «Nyukasl Yunayted» ustidan g‘alaba qozongan bo‘lsa, «Liverpul» «Vulverxempton»ni mag‘lub etgan edi. Turnirning amaldagi g‘olibi finalda «Manchester Siti»dan (1:0) ustun kelgan «Kristal Pelas» jamoasi hisoblanadi.













