Nike kompaniyasi UEFA Chempionlar Ligasi, Yevropa Ligasi va Konferensiyalar Ligasi uchun rasmiy to‘p yetkazib beruvchiga aylanish borasida eksklyuziv muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda The Athletic nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Amerika kompaniyasi Adidas’ning YECHL to‘plari ustidan 25 yillik hukmronligiga chek qo‘yish arafasida. Germaniya sport anjomlari ishlab chiqaruvchisi 2001 yildan beri Yevropaning eng nufuzli klublar musobaqasi bilan homiylik shartnomasiga ega edi.
Biroq qit’aning futbol boshqaruv organi – UEFA yaqinda tender e’lon qildi. Bundan maqsad futbol to‘plaridan keladigan daromadni oshirish va ushbu imkoniyat uchun raqobatli bozor yaratishdir. Jarayonga yaqin manbalarning qo‘shimcha qilishicha, Adidas nafaqat mavjud homiylikni saqlab qolishni xohlagan, balki Nike va Puma tomonidan ham qiziqishlar paydo bo‘lgan.
Nike uchun bu futbol to‘plari bozoriga qaytish uchun yaxshi imkoniyat hisoblanadi. So‘nggi o‘n yilliklarda Adidas elita musobaqalarida yetakchilik qilib kelayotgan edi, xususan, u Yevropa chempionati va FIFA Jahon chempionatlari uchun ham asosiy to‘p yetkazib beruvchi hisoblanadi.
Shuningdek, Puma ham bozorda faollashib, 2024 yilda Amerika Kubogi huquqini Nike’dan tortib oldi. Puma, shuningdek, ushbu mavsum boshidan e’tiboran Nike 2000/2001 yilgi mavsumdan beri ishlab chiqarayotgan APL rasmiy to‘pi ishlab chiqarish huquqini ham o‘ziniki qildi. Bundan tashqari, Puma 2022/2023 yilgi mavsumdan boshlab Italiya A Seriyasida va 2019/2020 yilgi mavsumdan beri La Ligada Nike’ning o‘rnini egallab, rasmiy to‘p yetkazib beruvchiga aylangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, UEFA e’lon qilgan tender g‘olibi 2027/2028 yilgi mavsumdan boshlab huquqlarni qo‘lga kiritadi. Adidas 2001 yilda ushbu huquqni Nike’dan tortib olganidan beri Chempionlar Ligasining rasmiy yetkazib beruvchisi bo‘lib kelayotgan edi. Fransiyaning Decathlon riteyleri esa 2024 yildan beri Yevropaning ikkinchi va uchinchi darajali musobaqalari – Yevropa Ligasi va Konferensiyalar Ligasi uchun to‘p yetkazib beradi.
Ikkala shartnoma ham 2026/2027 yilgi mavsum oxirida tugaydi va vaziyatdan xabardor manbalarning aytishicha, ham Nike, ham Puma tomonidan qiziqish mavjud. Biroq, Nike kompaniyasining g‘olib bo‘lishi deyarli aniq.
“UEFA klublar musobaqalarining tijorat huquqlarini sotish va boshqarish bilan shug‘ullanuvchi UC3 qo‘shma korxonasi, 2027 yildan 2031 yilgacha barcha UEFA klublar musobaqalari uchun rasmiy to‘p yetkazib beruvchi bo‘lish borasida Nike bilan eksklyuziv muzokaralar uchun kelishib oldi. Ushbu qaror 2026 yil mart oyida boshlangan yuqori raqobatli tender jarayonidan so‘ng qabul qilindi. Hozircha boshqa qo‘shimcha izoh berilmaydi”, deyiladi UC3 rasmiylari bayonotida.
Adidas 2026/2027 yilgi mavsumda ham UEFA Chempionlar Ligasi uchun, shuningdek, Decathlon ham Yevropa Ligasi va Konferensiyalar Ligasi musobaqalari uchun to‘p yetkazib berishni davom ettiradi.













