«Lans» yarim himoyachisi Mamadu Sangare yana bir grand klub e’tiboriga tushdi. Jurnalist Ekrem Konurning xabar berishicha, 23 yoshli futbolchi «Liverpul»ning transfer maqsadiga aylangan.
Malilik o‘yinchi «qizillar» ustozi Arne Slotning talablariga to‘liq javob beradi deb hisoblanmoqda. Mamadu Sangarega, shuningdek, Angliya Premyer-ligasining boshqa vakillari — «Tottenxem» va «Chelsi» ham qiziqish bildirmoqda.
Mashhur Transfermarkt portali yarim himoyachining bozor qiymatini 30 mln yevroga baholagan. O‘tgan yilning yozida «Lans» ushbu futbolchini Avstriyaning «Rapid» klubidan 8 mln yevro evaziga sotib olgan edi. Sangare «Lans» safida o‘tkazgan 31 ta o‘yinda to‘rtta gol urdi va uchta golli uzatmani amalga oshirdi.













