Fransiya terma jamoasining sobiq yarim himoyachisi Samir Nasri kelib chiqishi jazoirlik bo‘lgan futbolchilarni sport fuqaroligini tanlashda chuqurroq o‘ylab ko‘rishga chaqirdi.
«O‘z yurtingizni tanib, ildizingizni topganingizdan so‘ng, hamma narsa o‘zgaradi. Sizning o‘z vataningiz bilan bo‘lgan munosabatingiz avvalgidek bo‘lmaydi. Agar ertaga menga Jazoir terma jamoasini boshqarishni taklif qilishsa, yugurib borgan bo‘lardim.
Agar mendan qaysidir futbolchiga maslahat berishimni so‘rashsa, shunday degan bo‘lardim: «Bizga bir qara. Ehtimol, bu yerda (Fransiyada) bizni munosib ravishda qadrlashmagandir. Agar ajdodlaringiz tuprog‘iga borsangiz, balki u yerda sizni ko‘proq hurmat qilishar».
Zidanni hisobga olmaganda, ikki fuqarolikka ega bo‘lgan futbolchilarning Fransiya terma jamoasi bilan munosabatlari hamisha ancha murakkab kechgan. Bizning tajribamiz yangi kelayotgan yoshlarga yordam berishi mumkin. Akliush yoki Sherkining o‘rnida bo‘lganimda, Fransiya yoki Jazoirni tanlash masalasini jiddiy o‘ylab ko‘rgan bo‘lardim», — dedi Nasri K-mel Alliance Ethnik podkastida.













