«Manchester Siti» yarim himoyachisi Bernardu Silva klubdan ketmasligi uchun uni ko‘ndirishga harakat qilishganini tan oldi.
«Shaharliklar» sardori mavsum yakunlanganidan keyin erkin agent maqomida jamoani tark etadi. Futbolchi muddati tugab borayotgan shartnomasini uzaytirmaslikka qaror qilgan.
«Klubdagilar meni qolishga ko‘ndirishga urinishdi, ammo yakunda baribir pozisiyam o‘zgarmasligini tushunishdi va vaqt o‘tishi bilan bosim qilishni to‘xtatishdi. Ayrimlar baribir ishongisi kelmadi, vaholanki, Ruben Diash va Mateus Nunes allaqachon yakuniy qarorga kelib bo‘lganimni bilishardi. Men rasmiy bayonotlar bermadim, lekin doim shartnomamni oxirigacha bajarishimni va keyin ketishimni aytganman», – deya 31 yoshli xavbekning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda «City Xtra».
Ma’lumot uchun, Bernardu Silva 2017 yildan buyon «Manchester Siti» sharafini himoya qilib kelmoqda.













