«Bavariya» hujumkor yarim himoyachisi Lennart Karl bo‘lajak Jahon chempionati uchun Germaniya terma jamoasi qaydnomasidan joy oldi. 18 yoshli futbolchi terma jamoadagi debyutini yaqindagina — joriy yilning mart oyida o‘tkazgan edi.
Jurnalistlar bosh murabbiy Yulian Nagelsmanndan vunderkindni mundial bahslarida asosiy tarkibda ko‘rish mumkinmi, deb so‘rashdi.
«Ko‘p narsa uning yaqin haftalarda o‘zini qanday ko‘rsatishiga bog‘liq. U terma jamoaga kelishi bilan darhol o‘zini ko‘rsatdi va yaxshi taassurot qoldirdi. Men uning hujumning o‘ng qanotida ham, hujumchi ortida markazda ham birdek foydali o‘ynay olishiga ishonaman. Asosiy tarkibda maydonga tushadimi yoki yo‘q — ko‘ramiz, buni u bilan shaxsan muhokama qilaman. U o‘z o‘yini bilan tayyor ekanini isbotlashi kerak», – dedi Nagelsmann matbuot anjumanida.
Germaniya terma jamoasi Jahon chempionatida Kyurasao, Kot-d’Ivuar va Ekvador terma jamoalari bilan bir guruhdan o‘rin olgan.













