Shveysariya terma jamoasi hujumchisi Brel Embolo 4 iyun kuni viza oldi va AQSHga kirish ruxsatnomasi ikki kunga kechikkanidan so‘ng, nihoyat, Jahon chempionati — 2026 final bosqichiga yo‘l oldi, deya xabar bermoqda AP.
«Bizga Brel Emboloning vizasi tasdiqlangani haqida xabar berishdi. Shu tariqa, u ertaga, juma kuni AQSHga uchib keta oladi. Uning juma kuni oqshomda (AQSH mahalliy vaqti bilan) jamoa ixtiyoriga yetib kelishi kutilmoqda», — deyiladi Shveysariya futbol assosiasiyasi bayonotida.
San-Diyego shahrida mashg‘ulot olib borayotgan Shveysariya terma jamoasi 6 iyun kuni Avstraliyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi, bir haftadan so‘ng esa Santa-Klarada Qatarga qarshi bahs bilan Jahon chempionatidagi ishtirokini boshlaydi.
Seshanba kuni Embolo Syurixdan Los-Anjelesga uchayotgan jamoa samolyoti bortiga qo‘yilmagan edi. Bunga uning AQSH rasmiylari tomonidan blokka tushirilgan kirish ruxsatnomasi sabab bo‘lgan. AQSH tomoni futbolchi aralashib qolgan voqea zo‘ravonlik bilan bog‘liq emasligiga ishonch hosil qilishni istagan. Eslatib o‘tamiz, Embolo Bazel markazidagi og‘zaki janjaldan so‘ng jinoiy javobgarlikka tortilgan edi. Mazkur ish bo‘yicha yakuniy verdikt apellyasiyadan so‘ng, faqatgina 2026 yilning aprel oyida chiqarilgan.
Shveysariya terma jamoasining asosiy hujumchisi hisoblangan 29 yoshli Embolo faoliyatidagi uchinchi Jahon chempionatiga yo‘l olmoqda.
Forvard Shveysariya milliy jamoasida 2015 yilning mart oyida debyut qilgan. U terma jamoa libosida o‘tkazgan 86 ta uchrashuvda 24 ta gol urdi va 18 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Shveysariya terma jamoasi JCH-2026 guruh bosqichida Kanada, Bosniya va Gersegovina hamda Qatar milliy terma jamoalariga qarshi bahs olib boradi.













