Radio Marca jurnalisti Tintoning xabar berishicha, Kilian Mbappe "Real" rahbariyatining ayrim qarorlaridan norozi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, fransuz futbolchisi klubdan "Oltin to‘p" uchun uning nomzodini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan maxsus kampaniya tashkil etishni so‘ragan. Biroq Madrid klubi bu iltimosni rad etgan.
"Mendagi ma’lumotlarga ko‘ra, Madrid derbisidan bir hafta oldin Mbappe "Real" rahbariyatidan uning "Oltin to‘p" uchun nomzodini qo‘llab-quvvatlash maqsadida harakat qilish va maxsus kampaniya boshlashni so‘ragan.
Ammo klub Kilianning iltimosini rad etgan. Shuning uchun endi uning "Atletiko"ga qarshi nega bunchalik yomon o‘ynaganini tushunyapman. Menimcha, bu aynan shu voqea va uning noroziligi bilan bog‘liq", — dedi Tinto.
Kilian Mbappe 2024 yildan buyon "Real" safida to‘p tepmoqda. Madridliklar fransuz futbolchisini erkin agent sifatida qo‘lga kiritgan.
Mbappening klub bilan shartnomasi 2029 yil yozigacha amal qiladi. Transfermarkt uning transfer qiymatini 200 million yevroga baholamoqda.













