OFK loyihasiga ko‘ra, 2034-yilgi Jahon chempionati saralashining asosiy qismi Osiyo Millatlar ligasi bilan bog‘lanadi.
2032/33-yilgi Millatlar ligasining Tier-1 bosqichida 18 ta terma jamoa qatnashadi. Har bir jamoa liga bosqichida jami 12 ta uchrashuv — 6 ta uyda va 6 ta safarda o‘tkazadi. Musobaqa 2032-yil mart oyida boshlanib, 2033-yil martida yakunlanadi. 2032-yil sentyabr–oktyabrdagi FIFA oynasining o‘zida har bir terma jamoa to‘rttadan o‘yin o‘tkazishi ko‘zda tutilgan.
Liga bosqichi yakunida dastlabki 6 o‘rinni egallagan terma jamoalar JCH-2034 yo‘llanmasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘lga kiritadi. Saudiya Arabistonida o‘tadigan mundial 2034-yilning oxirgi qismiga rejalashtirilgani sababli, yo‘llanmani erta qo‘lga kiritgan jamoalarda tayyorgarlik uchun ancha vaqt bo‘ladi.
7–10-o‘rinlarni egallagan to‘rtta terma jamoa esa 2033-yil sentyabr–oktyabr oylarida JCH pley-offida qatnashadi. Qarama-qarshiliklar uy-safar tizimida o‘tkaziladi. Pley-off yakunida 2 ta jamoa mundialga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqadi, yana bir terma jamoa qit’alararo pley-off yo‘llanmasini oladi.
Millatlar ligasining o‘zi esa davom etadi. 2033-yil iyunida chorak final, noyabrda esa «Final to‘rtligi» o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ushbu uchrashuvlar JCH yo‘llanmalarining taqsimotiga ta’sir qilmaydi.
Taqvimni shakllantirishda 18 jamoa 6 ta savatga ajratiladi. Har bir terma jamoa har bir savatdan ikkitadan raqibga qarshi — bittasi uyda, bittasi safarda — o‘ynaydi. Shu tariqa, mumkin bo‘lgan 17 raqibdan 12 tasi bilan uchrashadi.
Masalan, amaldagi FIFA reytingi asosida O‘zbekiston ikkinchi savatda bo‘lsa, birinchi savatdagi Yaponiya, Eron va Avstraliyadan ikkitasiga qarshi o‘ynaydi. O‘zbekiston joylashgan ikkinchi savatdagi qolgan ikki jamoa — Janubiy Koreya va Saudiya Arabistoni bilan ham uchrashadi. Xuddi shu tamoyil uchinchi savatdan oltinchi savatgacha davom etadi.













