Portugaliya futbol federasiyasi prezidenti Pedru Proensa milliy jamoa bosh murabbiyi Jorje Jezush va hujumchi Krishtianu Ronaldu o‘rtasidagi kelishmovchilikka munosabat bildirdi.
«Men bu borada hech qanday izoh bermayman, chunki bu mutaxassis va futbolchilar o‘rtasidagi odatiy muloqot. Bu murabbiyning mas’uliyat doirasiga kiradi, FPF rahbari esa bunday masalalarga aralashmaydi.
U tarixdagi eng buyuk futbolchi. U 20 yildan ortiq vaqt davomida Portugaliya futboliga xizmat qildi. Krishtianu Ronaldu — milliy o‘zligimizning asosiy timsollaridan biri. Biz unga o‘z hurmatimizni bildirishimiz shart.
U milliy jamoaga faqat sport nuqtai nazaridan chaqiriladi va bunga hech qanday shubha yo‘q. U jismoniy imkoniyatlari imkon bergan vaqtga qadar jamoada qoladi. Krishtianu bu holatdan xabardor.
Agar kelishmovchilikning bevosita sababi haqida gapiradigan bo‘lsak, bu jamoa ichida bartaraf etilishi kerak bo‘lgan oddiy tushunmovchilik. Kecha matbuot anjumaniga chiqqan futbolchilar amaldagi sardor bilan mustahkam aloqalarini yaqqol namoyish etishdi.
U milliy jamoaning bir qismi, u bizning bayroqdorimiz. Krishtianu ushbu to‘rtta uchrashuvning dastlabkisida jamoadoshlarini kapitanlik bog‘ichi bilan maydonga boshlab tushdi. Murabbiy esa uning jismoniy holati talab darajasida bo‘lgan taqdirda unga tayanishini aytmoqda. Bu har qanday futbolchiga taalluqli.
Krishtianu Ronaldu — jahon arenasida Portugaliyaning yuzi, o‘ziga xos iqtidor sohibi. U jahon chempionatidan keyin butsalarini mixga ilib, faoliyatini yakunlashi mumkin edi, ammo terma jamoaga sadoqati tufayli bu fikridan voz kechdi.
Men shaxsan Krishtianu va Portugaliya jamiyati hamda milliy jamoasi o‘rtasidagi bog‘liqlikni kuzatib boraman.
Shuning uchun hozir, bu to‘rtta uchrashuv ortda qolganidan so‘ng — biz uchun ularni xotirjam muhitda o‘tkazish juda muhim edi, chunki asosiy e’tiborimiz futbol masalalariga qaratilgandi — ushbu tushunmovchilikni xotirjam muhitda muhokama qilish uchun vaqt va imkoniyatimiz bo‘ladi.
Bunday vaziyatlar jarayonda uch tomon — FPF, bosh murabbiy va futbolchilar — ishtirok etgan taqdirdagina hal qilinadi.
Ronaldu — bizning boyligimiz. U murabbiy qancha vaqt zarur deb hisoblasa, shuncha vaqt uning ixtiyorida bo‘ladi», — deya Proensaning so‘zlarini Record nashri keltirgan.
Ronaldu Millatlar ligasining 3-turida Daniyaga qarshi uchrashuv (4:2) oldidan, bosh murabbiy Jorje Jezushning jamoa ichida hech qanday ziddiyat yo‘qligi haqidagi bayonotlariga qaramay, terma jamoa qarorgohini tark etgandi.
Portugaliyaning bir qator ommaviy axborot vositalari Ronaldu milliy terma jamoadagi faoliyatini yakunlash niyatida ekani haqida xabar berdi. Shuningdek, Jezush hujumchi bilan yarashuv uchrashuvini o‘tkazishga rozi bo‘lgani va futbolchini noyabr oyidagi o‘yinlar uchun qaydnomaga kiritishni rejalashtirayotgani haqida ham ma’lumotlar tarqaldi.













