Roberto Manchini Italiya terma jamoasi bosh murabbiyligiga qaytishga juda yaqin turibdi. Bu haqda bir nechta manbalar, jumladan, ushbu mutaxassisning tayinlanishini «shunchaki rasmiyatchilik» deb atagan Janluka Di Marsio xabar bermoqda.
Nikolo Skiraning ma’lumotlariga ko‘ra, 61 yoshli ustoz Italiya futbol federasiyasi bilan 2030 yilgacha mo‘ljallangan shartnoma imzolaydi. Uning yillik maoshi 2 million yevroni tashkil etadi.
Manchini avval ham, 2018 yildan 2023 yilgacha milliy jamoani boshqargan edi. Uning qo‘l ostida italiyaliklar 2021 yilgi Yevropa chempionatida g‘olib chiqishgan, biroq 2022 yilgi Jahon chempionatiga yo‘llanma ololmagandilar. Italiya terma jamoasidan ketgach, mutaxassis Saudiya Arabistoni milliy jamoasini boshqardi, ammo u yerda bir yildan sal ko‘proq ishladi xolos. Keyinchalik Manchini «Skuadra Adzurra»ni tark etish qarori xato bo‘lganini bir necha bor tan olgan edi.
Jahon chempionati saralashidagi muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng, shu yilning mart oyida Jennaro Gattuzo iste’foga chiqqach, Italiya terma jamoasi bosh murabbiyi posti bo‘sh qolayotgan edi. Iyun oyidagi o‘rtoqlik uchrashuvlarida jamoani Silvio Baldini boshqardi va Lyuksemburg hamda Gresiya ustidan bir xil — 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Yangi bosh murabbiy tayinlanganidan keyin Baldini yana Italiya yoshlar terma jamoasidagi faoliyatiga qaytishi kutilmoqda.













