«Manchester Siti» yarim himoyachisi Jek Grilish katta ehtimol bilan shu yozgi transfer oynasida jamoani tark etadi. Bu haqda The Athletic nashri jurnalisti Sem Li xabar bermoqda.
Manbaning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, ingliz futbolchisi Manchester klubida boshqa ikkinchi imkoniyatga ega bo‘lmaydi. «Shaharliklar» rahbariyati va murabbiylar shtabi uning ketishiga qarshilik qilmoqchi emas. Klub Grilishni ijaraga berish yoki to‘liq transfer huquqi bilan sotib yuborish variantlarini ko‘rib chiqmoqda.
Ma’lumot uchun, Jek Grilish 2021 yilda «Aston Villa»dan 117 million yevro evaziga «Manchester Siti»ga o‘tib, o‘sha vaqtdagi rekord transferlardan biriga aylangan edi. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2027 yilning 30 iyuniga qadar mo‘ljallangan.
Hujumkor yarim himoyachi yakunlangan 2025/26 yilgi mavsumni ijara asosida «Everton» klubida o‘tkazdi. U «irislar» tarkibida barcha musobaqalarda 22 ta o‘yinda maydonga tushib, 2 ta gol urdi va 6 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Ayni damda nufuzli Transfermarkt portali 30 yoshli futbolchining transfer qiymatini bor-yo‘g‘i 20 million yevroga baholamoqda.













