Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi Karlo Anchelotti o‘zini tanqid qiluvchilar va shubha bilan qarovchilarga javob qaytardi. U faqatgina «Manchester Yunayted»ning afsonaviy sobiq murabbiyi ser Aleks Fergyusonning maslahatlarini qabul qila olishini, chunki faqatgina u o‘zidan ko‘ra ko‘proq uchrashuvda jamoani boshqarganini tushuntirdi.
Folha de S. Paulo nashriga bergan intervyusida Anchelotti o‘ziga nisbatan bo‘layotgan tanqidlarga to‘xtalar ekan, o‘z pozisiyasini himoya qildi.
«Italiyada shunday gap bor: hamma erkaklar murabbiy, hamma ayollar esa arxitektor bo‘lishni xohlashadi. Men futbolni tushunamanmi yoki yo‘qmi, buni bilmayman, lekin hech kim meni bu borada ayblay olmaydi. Aniq bo‘lgan yagona narsa shundaki, men futbolchilarni 1400 dan ortiq uchrashuvga tayyorlaganman. Balki bu futbolni mukammal tushunish uchun kamlik qilar, ammo bu shubhasiz juda katta tajriba. Mendan ko‘ra ko‘proq o‘yinga futbolchilarni tayyorlagan dunyoda faqat birgina inson bor. Bu murabbiy sifatida 2000 dan ortiq uchrashuv o‘tkazgan Aleks Fergyusondir. Men hammaning fikriga quloq solaman, lekin menga haqiqatda maslahat bera oladigan yagona inson — bu Aleks Fergyuson. Men daho emasligimga 100 foiz aminman, lekin shu bilan birga, ahmoq emasligimga ham 100 foiz ishonaman», — dedi Anchelotti.













