Misr milliy jamoasi bosh murabbiyi Husom Hasan 2026-yilgi Jahon chempionatining 1/8 finalida Argentinaga qarshi kechadigan uchrashuv oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida qatnashib, Falastin xalqining og‘ir ahvoli borasida ta’sirli nutq so‘zladi.
Avvalgi bosqichda Avstraliya ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng Falastin bayrog‘ini ko‘tarib chiqqan murabbiy 7-iyul, dushanba kungi matbuot anjumanda ushbu mavzuda to‘rt daqiqadan ko‘proq gapirdi. Uning so‘zlari yig‘ilgan ko‘plab ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan qarsaklar bilan kutib olindi.
“Agar dunyoda Falastin xalqiga hamdard bo‘lmagan inson topilsa, u xoh arab, xoh yevropalik yoki amerikalik bo‘lsin, u odam emas. Dunyodagi har qanday joyda, shu jumladan, Yevropa yoki Amerikada kimdir biror hayvonga ozor yetsa, butun dunyo hayvonlar huquqlarini himoya qilishga kirishadi. Ammo bitta raketa tufayli bir kunda ikki yoki uch ming kishining o‘lishini eshitish odatiy holga aylanib qoldi. Diniy e’tiqoddan qat’i nazar... men arab yoki boshqa millat vakili bo‘lishdan avval insonman. Futbol orqali aytmoqchi bo‘lgan xabarim shu: FIFA shiori o‘zaro hurmatga chaqirganidek, odamlarning yashash huquqiga ham hurmat bo‘lishiga umid qilaman”, dedi Hasan.
Shundan so‘ngina mutaxassis bo‘lajak tarixiy o‘yinga to‘xtalib o‘tdi:
“Orzularim va maqsadlarimning chegarasi yo‘q. Muxlislar ishonchini oqlash uchun borimizni beramiz. Biz autsayder emasmiz va 7000 yillik buyuk tarixga ega sivilizasiya vakillarimiz”, deya xulosa qildi murabbiy.
Ma’lumot o‘rnida, 2023-yilning 7-oktyabrida boshlangan harbiy harakatlar oqibatida G‘azoda shu kungacha 73 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan. Ushbu voqealar fonida butun dunyo bo‘ylab namoyishlar o‘tkazilmoqda va ko‘plab sportchilar ham Falastinni qo‘llab-quvvatlamoqda. O‘z navbatida, FIFA ham Jahon chempionati o‘yinlarida Falastin bayrog‘ini namoyish etishga rasman ruxsat bergan.
Eslatib o‘tamiz, Argentina hamda Misr milliy jamoalari o‘rtasidagi nimchorak final uchrashuvi bugun, 7-iyul kuni Toshkent vaqti bilan soat 21:00 da boshlanadi.













