Butunjahon boks assosiasiyasi (WBA) iyun oyi yakunlari bo‘yicha professional bokschilarning yangilangan reytingini e’lon qildi. Unda muvaffaqiyatli odimlayotgan o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustalarining o‘rni yanada mustahkamlanganini ko‘rish mumkin.
Joriy reytingga ko‘ra, O‘zbekistonning sakkiz nafar vakili top-ro‘yxatlardan joy oldi. Ular orasida Bektemir Meliqo‘ziyev va Muhammad Shexov o‘z vazn toifalarida peshqadamlikni qo‘lga kiritgan.
Kimlar reytingda eng yuqori pog‘onada?
-
Muhammad Shexov: Birinchi yarim yengil vazn (-55,2 kg) toifasida yetakchilikni saqlab qoldi. Ta’kidlash joizki, mazkur vazndagi mutlaq chempionlik kamari yaponiyalik Naoya Inouega tegishli.
-
Bektemir Meliqo‘ziyev: Super o‘rta vazn (-76,2 kg) toifasida reytingda birinchi o‘ringa ko‘tarildi. Ganalik Sena Agbeko ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng, Meliqo‘ziyev o‘z mavqeini yanada yaxshilab oldi. Hozirda ushbu vazn toifasida meksikalik Xayme Munguya chempion hisoblanadi.
Reytingdan joy olgan boshqa bokschilarimiz:
-
Murodjon Ahmadaliyev (-55,2 kg) – 3-o‘rin. May oyida Toshkentda venesuelalik Hegli Moskedani muddatidan avval mag‘lub etgan bokschimiz o‘z mavqeini saqlab qoldi.
-
Hasanboy Do‘smatov (-49 kg) – 6-o‘rin. Olimpiya o‘yinlari chempioni professional ringdagi mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirmoqda.
-
Isroil Madrimov (-69,9 kg) – 7-o‘rin. Qiyinchiliklardan so‘ng Luis David Salazarni mag‘lub etib, reytingdagi o‘rnini tiklab oldi.
-
Otabek Xolmatov (-57 kg) va Shahram G‘iyosov (-77 kg) – har ikkisi o‘z vaznlarida 8-pog‘onani band etishgan.
-
Sirojbek Ismoilov (61,2 kg) – 13-o‘rin. Mag‘lubiyatsiz odimlayotgan bokschimiz ilk bor reytingning ushbu pog‘onasidan joy oldi.













