Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/07 20:00 Surxon 1-2 Dinamo
23/07 20:00 Navbahor 1-1 Qizilqum

Anvar G‘ofurov: «Dinamo» uchrashuvga puxta tayyorgarlik ko‘rgan ekan»

Anvar G‘ofurov: «Dinamo» uchrashuvga puxta tayyorgarlik ko‘rgan ekan»

Baho:
+ | -

"Surxon" bosh murabbiyi Anvar G‘ofurov Superliganing 13-turidan o‘rin olgan "Dinamo"ga qarshi uchrashuvdan keyin matbuot anjumanida ishtirok etdi.

— Bugungi uchrashuv haqida fikringiz?

— Assalomu alaykum. Bugun kuchli raqibga qarshi maydonga tushdik. O‘yin mazmun jihatidan ham, kurashlarga boyligi bilan ham qiziqarli kechdi. «Dinamo» uchrashuvga puxta tayyorgarlik ko‘rgan ekan. Shunga qaramay, futbolchilarimiz ham maydonda bor kuch va imkoniyatlarini ishga solishdi. Afsuski, ayrim vaziyatlarda omad biz tomonda bo‘lmadi. Jamoamga minnatdorlik bildiraman, ular oxirigacha kurash olib borishdi. Futbolda yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalana olmasangiz, raqib bundan foydalanadi va natija shunga yarasha bo‘ladi. Kelgusi uchrashuvlarda vaziyatlardan samarali foydalanib, g‘alaba qozonishga harakat qilamiz.

— Tarkibdagi yo‘qotishlarga qaramay, jamoa mavsumning ikkinchi qismini yaxshi boshlab, Andijondan g‘alaba bilan qaytdi. O‘tgan o‘yin bilan taqqoslaganda, bugun jamoaga nima yetishmadi, deb o‘ylaysiz?

— Balki «Andijon» bizdan bunday o‘yinni kutmagandir. Bugungi raqibimizga tajribali mutaxassis Vadim Karlenovich murabbiylik qilmoqda. Uni hurmat qilaman. «Dinamo» bizga qarshi juda yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan ekan. Shunga qaramay, qiyin kechgan o‘yinda ham bir qator xavfli vaziyatlar yaratdik. Afsuski, ulardan unumli foydalana olmadik. Bu ham futbolning bir qismi.

— Bugun ikki yaxshi jamoa maydonga tushdi. Bunday uchrashuvlarda individual mahorati yuqori futbolchilar hal qiluvchi rol o‘ynaydi. «Dinamo» safida bu vazifani Xojimirzayev bajardi. «Surxon»da esa Chineduning o‘rnini bosadigan futbolchi hali topilmagani sezildi. Bu fikrga qanday qaraysiz?

— Bu fikrda jon bor. Albatta, jamoamizni yaxshi hujumchi tark etdi. Lekin futbol davom etadi va biz bu vaziyatdan chiqish yo‘lini topishimiz kerak. Balki yosh futbolchilarimizdan biri o‘zini ko‘rsatar, balki tarkibni yangi hujumchi bilan kuchaytiramiz. Har qanday holatda ham bu muammoni hal qilish ustida ishlaymiz.

— Jamoa ketma-ket ikkinchi mavsum uy uchrashuvlarini Termizda o‘tkaza olmayapti. Endi qaysi stadionda o‘ynaysizlar?

— «Uyda hatto devorlar ham yordam beradi», degan gap bejiz aytilmagan. Bugungi uchrashuvda ham buning guvohi bo‘ldik. Nominal mezbon bo‘lganimizga qaramay, stadiondagi muxlislarning asosiy qismi «Dinamo»ni qo‘llab-quvvatladi va bu o‘yinga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi futbolchilarga qo‘shimcha ruhiy kuch bag‘ishlaydi.

Biz ham imkoni boricha tezroq Termizga qaytib, o‘z muxlislarimiz qarshisida o‘ynashni istaymiz. Ammo ob-havoning keskin issiq bo‘lishi maydon maysasiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Yuqori harorat sabab maydonga sepilgan urug‘lar kuyib ketgan. Shu bois hozircha uy uchrashuvlarini Termizda o‘tkazishning imkoni yo‘q. Vaziyatni imkon qadar tezroq bartaraf etib, muxlislarimiz bag‘riga qaytish uchun barcha zarur choralarni ko‘ryapmiz.

Manba: https://t.me/FCSURXON_OFFICIAL
Kiritildi: 05:32, 24.07.2026.
O'qildi: 400 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.


счётчик