«Benfika» bosh murabbiyi Marku Silva ukrainalik darvozabon Anatoliy Trubinning klubni tark etishi mumkinligi haqidagi xabarlar fonida yuzaga kelgan vaziyatga izoh berdi.
«Transfer bozoriga to‘xtaladigan bo‘lsam, u murabbiy sifatida mening qarorlarimga ta’sir qilmaydi. Antoniu Silva masalasida buni bir necha hafta oldin aytgandim va bu yerda ham boshqacha bo‘lishi kerak emas. Qaydnomadan «Benfika»ning aynan shu klubga va ushbu mavsumdagi vazifasiga — uch yildan beri chempion bo‘la olmayotgan klubdagi maqsadga bor e’tiborini qaratgan futbolchilar o‘rin olishadi. Butun diqqat-e’tibor aynan shunga qaratilishi kerak. Transfer oynasi ochiq ekan, u o‘z ta’sirini o‘tkazadi, ammo murabbiy sifatida men futbolchilarning bor e’tiborini qo‘yilgan maqsadlarga qaratishlarini ta’minlashim lozim. Transfer bozori bo‘yicha esa — hech qanday jiddiy muhokamalar yo‘q», — dedi Silva matbuot anjumanida.
Avvalroq Trubin ushbu yozda «Benfika»ni tark etishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi. Ukrainalik posbon mavsumni asosiy tarkibda boshladi, biroq Yevropa Ligasi saralashidan o‘rin olgan «Xarts»ga qarshi o‘yinda (6:1) zaxirada qoldi.













