Krishtianu Ronaldu Saudiya Arabistoni chempionatining 3-turida “Al-Ittifoq” klubiga qarshi o‘yinda jamoadoshlarining harakatlaridan norozi bo‘ldi. Portugaliyalik hujumchi, ayniqsa, jamoaning himoyadagi xatolaridan jahli chiqdi. Bu haqda Ole nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Ronaldu suv ichish uchun berilgan tanaffus paytida ham, “Al-Ittifoq” gol urganidan keyin ham jamoadoshlariga o‘z noroziligini bildirgan. U futbolchilardan himoyada yanada e’tiborli bo‘lishni talab qilgan.
Ronaldu almashtirilganidan keyin ham o‘yinni hissiyot bilan kuzatdi. U kiyinish xonasiga ketayotganida tribunadagi muxlislarga qo‘l ishoralari orqali noroziligini bildirdi. Uchrashuvning ikkinchi bo‘limida esa maydonga qaytmadi.
12-daqiqada Ar-Riyod klubi darvozaboni Bentuga qizil kartochka ko‘rsatilgan edi. Birinchi taym davomida “Al-Ittifoq” 2:0 hisobida oldinga chiqib oldi. Shunga qaramay, “An-Nasr” jamoasi bir kishi kam bo‘lib kambek amalga oshira oldi. Sadio Mane 74-daqiqada hisobni qisqartirdi. Oradan uch daqiqa o‘tib, Abdulloh Al-Amri muvozanatni tikladi. 90-daqiqada Mane yana gol urib, “An-Nasr”ga 3:2 hisobidagi g‘alabani taqdim etdi.
Shu tariqa, “An-Nasr” mavsum boshidan buyon ketma-ket uchinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Jamoa 9 ochko bilan Saudiya Arabistoni chempionati turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda. “Al-Ittifoq” esa 6 ochko bilan oltinchi o‘rinda bormoqda.













