Umarali Rahmonaliyev faoliyatida yangi sahifa ochdi. "Sabax" yarim himoyachisi ilk bor Chempionlar ligasi uchrashuvida maydonga tushdi va buni "Old Trafford"da amalga oshirdi.
Ozarbayjon klubi turnirning umumiy bosqichi 1-turida "Manchester Yunayted" mehmoni bo‘lib, 0:4 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Bahsdan keyin 23 yoshli o‘zbekistonlik futbolchi Aleksandr Shmurnov bilan suhbatda Angliyadagi uchrashuv jamoasi uchun katta tajriba bo‘lganini ta’kidladi.
Rahmonaliyevning fikricha, "Sabax" o‘yin tashkil etish va temp borasida raqib fonida yomon ko‘rinmagan. Biroq yuqori darajadagi bahslarda kichik kechikish ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini "Manchester Yunayted"ga qarshi uchrashuv yaqqol ko‘rsatib bergan.
"O‘tkazib yuborgan gollarimizga qarasak, ayrim epizodlarda bir necha soniyaga kech qoldik. Raqib esa bundan foydalanib, o‘z saviyasini namoyish etdi. Umuman olganda, tashkiliy jihatdan yomon o‘ynamadik, uchrashuv tempi ham yaxshi edi", — dedi u.
Mazkur bahs Rahmonaliyev uchun yana bir jihati bilan ahamiyatli bo‘ldi — u Chempionlar ligasida maydonga tushgan yettinchi o‘zbekistonlik futbolchiga aylandi.
"Buni uchrashuvdan oldin menga aytishdi. O‘zbek futboli rivojlanayotganini ko‘rsatishni, shu bilan birga jamoamga imkon qadar ko‘proq yordam berishni istadim. Afsuski, hisob yirik bo‘ldi. Lekin bu ham futbolning bir qismi. Bunday darajadagi uchrashuvlar bizga tajriba beradi. Kelajakda kuchli jamoalarga qarshi yanada munosib o‘ynashimiz uchun aynan shunday bahslardan saboq olishimiz kerak", — deya qo‘shimcha qildi Rahmonaliyev.













