«Arsenal» bosh murabbiyi Mikel Arteta darvozabon David Rayyaning jamoadagi o‘yinlariga yuqori baho berdi.
Rayya 2023 yilda «Brentford»dan «Arsenal» safiga qo‘shilgan edi.
O‘tgan mavsumda ispaniyalik darvozabon «Arsenal»ga chempionlikni qo‘lga kiritishda yordam berdi. Shuningdek, u ketma-ket uchinchi marta Angliya Premyer-ligasining eng ko‘p «quruq» o‘yin o‘tkazgan darvozaboniga beriladigan «Oltin qo‘lqop» sovrinini qo‘lga kiritdi.
«Brayton»ga qarshi uchrashuv oldidan Artetadan Rayyani o‘zining eng yaxshi transferi deb hisoblaydimi, deb so‘raldi.
«Bilmayman. U ajoyib transfer bo‘ldi, bunga hech qanday shubha yo‘q. Eng yaxshisimi yoki yo‘qmi — bu shunchaki shaxsiy fikr masalasi.
Buning ahamiyati yo‘q. Biz uning jamoamizda ekanidan juda xursandmiz. U jamoani yangi darajaga olib chiqdi va endi biz shu darajani saqlab qolishimiz kerak», — deya Artetaning so‘zlarini Goal keltirdi.
31 yoshli Rayya «Arsenal» safida 153 ta uchrashuv o‘tkazib, 72 ta bahsda o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan.













