"Barselona" va Madridning "Real" klubi "Filadelfiya Yunion"ning 17 yoshli futbolchisi Kavan Sallivanni o‘z safiga qo‘shib olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Yosh yarim himoyachining "Manchester Siti" bilan dastlabki kelishuvi bor. Rejaga ko‘ra, futbolchi 18 yoshga to‘lganidan keyin Angliya klubiga o‘tishi kerak edi.
Sport ma’lumotiga ko‘ra, "Manchester Siti" Premyer-liganing moliyaviy qoidalarini buzgani uchun ehtimoliy jazoga duch kelishi sababli bu transfer amalga oshmay qolishi mumkin.
Vaziyatni "Barselona" va "Real" diqqat bilan kuzatib bormoqda. Agar Sallivanning "Siti"ga o‘tishi amalga oshmasa, La Liganing har ikki grandi amerikalik iqtidorni o‘z safiga qo‘shib olishga harakat qilishi mumkin.
Kavan Sallivan joriy mavsumda "Filadelfiya Yunion" safida 30 ta o‘yin o‘tkazib, 10 ta gol urdi va 9 ta golli uzatma amalga oshirdi.
Transfermarkt portali futbolchining bozor qiymatini 10 million yevroga baholamoqda.













