Argentina terma jamoasi bosh murabbiyi Lionel Skaloni Lionel Messining Beninga qarshi o‘tkazilgan xayrlashuv o‘yinidan keyingi his-tuyg‘ulari haqida gapirdi. Uchrashuvda Argentina 3:0 hisobida g‘alaba qozondi.
39 yoshli argentinalik futbolchi bir gol urdi va ikki marta golli uzatma berdi.
«Bu juda hissiyotlarga boy, bir vaqtning o‘zida esa qayg‘uli kun bo‘ldi. Chunki u endi bu futbolkada o‘ynamaydi. Biz unga biz uchun qilgan barcha ishlari, bu futbolkani hech kimdek himoya qilgani uchun cheksiz minnatdormiz.
Men uchun esa uni murabbiylik qilish orzu edi. Bugun men bu haqda hammaning oldida unga aytdim, garchi buni aytishga deyarli kuchim qolmagan bo‘lsa ham. O‘ylaymanki, har qanday argentinalik ham xuddi shu gapni aytgan bo‘lardi. Bu amalga oshirishga muvaffaq bo‘lgan orzuim edi. Hayotimning hech bir lahzasida tarixdagi eng yaxshi futbolchining murabbiyi bo‘lishimni tasavvur qila olmasdim. U barcha yutuqlarga munosib edi.
20 yillik faoliyati davomida u eng yaxshi futbolchi bo‘ldi va hozir ham shunday. U bilan birga bo‘lish imkoniyati uchun undan cheksiz minnatdormiz. Ko‘z yoshlari ham qisman shu sababli edi — xayolda juda ko‘p voqealar gavdalandi. Endi uni ko‘rmaslik juda-juda qayg‘uli bo‘ladi, chunki u bizga beqiyos meros qoldirmoqda.
Albatta, biz yo‘limizni davom ettiramiz. Chunki men doim aytganimdek, oldinga harakat qilish kerak. Argentina terma jamoasi o‘z yo‘lida davom etadi, ammo u — takrorlanmas futbolchi.
Usiz davom etish, shubhasiz, qiyin bo‘ladi. Uning o‘zi ham hozir aytdiki, so‘nggi yillarda boshdan kechirganlarimiz oddiy holat emas va og‘ir davrlar kelishi mumkin. Biz ularni yengishga tayyormiz. Bizda yosh, yangi futbolchilar bor va ular jamoaga ko‘p narsa beradi.
Ammo uni o‘z tomoningda his qilish tuyg‘usini hech narsa bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Buni so‘z bilan tushuntirish juda qiyin. Odamlarga Messi sening tomoningda bo‘lishi nimaligini tushuntirish juda qiyin. Buni anglash uchun buni o‘zing boshdan kechirishing kerak. Bu hech narsa bilan tenglashmaydi.
Qanday tarkibni shakllantirmaylik, biz buyuk jamoaga aylanishimiz mumkin. Yangi futbolchilar paydo bo‘lib, ular birinchi o‘ringa chiqishi mumkin. Ammo bu... hozir bu so‘z qanday edi? Aura, ha? Men hayotimda hech kimda bunday narsani ko‘rmaganman. Men buyuk futbolchilar bilan birga o‘ynaganman, bu haqda yaqinda ham gapirdim. Ammo uning atrofida hosil qiladigan narsasini hech kimda ko‘rmaganman. Endi esa bu bo‘lmaydi.
Albatta, biz yangi vositalar, yangi yechimlarni izlaymiz. Ammo bu tuyg‘u endi bo‘lmaydi. Shuning uchun uning o‘yinidan zavqlanish imkoniyati aqlbovar qilmas darajadagi narsa edi. Endi usiz davom etishimizga to‘g‘ri keladi va biz buni uddalaymiz, chunki boshqa yo‘l yo‘q», — deya Skalonining so‘zlarini keltiradi Ole.













