«Barselona» bosh murabbiyi Xans-Diter Flik jamoa vingeri Lamin Yamalni Ispaniya chempionati doirasida «Xetafe»ga qarshi bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda asosiy tarkibga kiritmasligi mumkin.
El Nacional nashrining xabar berishicha, germaniyalik mutaxassis 19 yoshli futbolchining jismoniy holatidan xavotirda. Shu sababli Flik unga dam berish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Yamal sentyabr va oktyabr oylarida Ispaniya terma jamoasining Millatlar ligasidagi to‘rtta uchrashuvini ham asosiy tarkibda boshladi. U mazkur bahslarda mos ravishda 90, 68, 45 va 78 daqiqa maydonda harakat qildi.
Taqvimning tig‘izligi va futbolchiga tushayotgan jismoniy yuklama «Barselona» murabbiylar shtabini ehtiyotkorlik bilan ish tutishga undamoqda.
Kataloniyaliklar 10 oktyabr, shanba kuni La Liga doirasida «Xetafe»ga qarshi maydonga tushadi.
Oradan uch kun o‘tib, 13 oktyabrda esa Xans-Diter Flik shogirdlarini Chempionlar ligasi 2-turida «Galatasaroy»ga qarshi safar uchrashuvi kutib turibdi.
Shu bois «Barselona» murabbiylar shtabi Yamalning jismoniy holatini inobatga olib, uning o‘yin vaqtini cheklashi mumkin.













