«PSJ» bosh murabbiyi Luis Enrikening qizi Sira Martines o‘lim bilan yakunlangan yo‘l-transport hodisasiga uchragan avtomobil ichida bo‘lgan. Bu haqda Marca nashri Ispaniyaning A Punt telekanaliga tayanib xabar berdi.
Hodisa 8 oktyabr kuni kechqurun La-Safor hududida sodir bo‘lgan. Motosikl va Sira Martines bo‘lgan yengil avtomobil to‘qnashgan. Mashinani esa boshqa bir erkak boshqargan.
Hodisa joyiga yetib kelgan tibbiyot xodimlari motosikl haydovchisiga yordam bera olmagan — u ular yetib kelishidan oldin vafot etgan. Ayni paytda huquqni muhofaza qiluvchi organlar YTH sabablarini aniqlamoqda.
Avtomobil haydovchisi alkogol va giyohvand moddalar iste’mol qilgan-qilmaganini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tkazilgan. Natijalar manfiy chiqqan. Sira Martines esa jarohat olmagan.
Hodisaning barcha tafsilotlari aniqlanguniga qadar avtomobil haydovchisi ish bo‘yicha gumonlanuvchi maqomida qolmoqda.













