19–25 oktyabr kunlari poytaxtimizdagi «Olimpiya shaharchasi» stol tennisi bo‘yicha Osiyo chempionatiga mezbonlik qiladi. Musobaqa kattalar o‘rtasidagi qit’a birinchiligi mamlakatimizda ilk bor o‘tkazilayotgani bilan yanada ahamiyatlidir.
Chempionatda 33 mamlakatdan 255 nafar sportchi ishtirok etadi. Reglamentga ko‘ra, bellashuvlar yakkalik, juftlik, aralash juftlik va jamoaviy dasturlarda tashkil qilinadi. Ahamiyatlisi, jamoaviy dasturda kelasi yili Qozog‘istonda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati yo‘llanmalari o‘ynaladi.
Bahslarda O‘zbekiston terma jamoasining 10 nafar sportchisi ishtirok etadi. Hamyurtlarimiz 12 oktyabr kunidan KXDR va Qirg‘iziston terma jamoalari bilan musobaqa oldidan so‘nggi tayyorgarlik yig‘inini boshlaydi.













