Italiyaning «Roma», «Napoli» va «Fiorentina» klublari Gruziya terma jamoasi hamda «Frozinone»ning hujumkor yarim himoyachisi Georgiy Kvernadzeni o‘z safiga qo‘shib olishga qiziqish bildirmoqda.
Bu haqda insayder Ekrem Konur ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida xabar berdi.
Manbaning ma’lum qilishicha, A Seriyaning uchala klubi ham gruziyalik futbolchining transferi bo‘yicha «Frozinone»ga rasmiy taklif yuborgan.
23 yoshli qanot hujumchisining transfer qiymati 8 million yevroga baholanmoqda. Uning amaldagi shartnomasi 2028 yil iyun oyi oxiriga qadar mo‘ljallangan.
Kvernadze Italiya chempionatining joriy mavsumida oltita uchrashuvda maydonga tushib, uchta gol va bitta golli uzatmani o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan.













